Dunyo – sinov va imtihon maydoni. Alloh taolo bandalarini turli yo'llar bilan sinaydi. Ana shunday sinovlardan go'zal tarzda o'tgan bandalarini jannatga kiritishini va'da qilgan.
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari Alisher domla Naimov Furqat tumaniga bo'lgan tashrifi chog'ida ibratli bir holatga duch keldi.
25 yoshli Muhiddin Muhammadjonov II guruh nogironi, uning eshitish va gapirish imkoniyati ham cheklagan. Qolaversa, moddiy jihatdan ham ko'makka muhtoj edi. Shunday bo'lsa-da, u boriga shukr qilib, sabr-qanoat ila yashashga o'rgangan. Bu holatni Furqat tumani “Ingichka” masjidi imom-xatibi Nosirjon Alimatov hamda saxovatgo'y kishilar e'tibordan chetda qoldirmadilar. Barchalari birlashib, Muhiddinning xonadonini ta'mirlashga kirishdilar. Hozirda ta'mirlash ishlari yakuniga etib qoldi. Uyni ta'mirlab bo'lgandan so'ng Muhiddinni o'ziga munosib joydan uylantirib qo'yish harakatimiz ham bor, – deydi Nosirjon Alimatov.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Beva va miskinlarga yordam beruvchi kishi Alloh taoloning yo'lidagi mujohid kabidir”, – deya marhamat qilganlar.
Shunday ekan, biz musulmonlar bunday savobli ishlarga doimo shoshilishni va bu ishda musobaqalashishni o'zimizga lozim tutsak, ulkan ajru savobga erishamiz. Shu bilan birga, jamiyatda nochor va zaif insonlarni kamayishiga o'z hissamizni qo'shgan bo'lamiz.
R.Jalilov,
O'MI Farg'ona viloyati vakilligi xodimi
Shu yilning 22-23 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahri, viloyat vakilliklari boshchiligida 2 119 ta masjidda tozalash va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.
Xonaqohlar, tahoratxona va qo‘shimcha binolarda tozalash ishlari olib borilib, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishlari uchun yaxshi sharoitlar hozirlandi. Ramazon oyi davomida masjidlarni toza va shinam saqlash, ovoz kuchaytirgichlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Mutasaddi tashkilotlar va yong‘in xavfsizligi idoralari bilan hamkorlikda Ramazon tadbirlarini o‘tkazish uchun masjid binolarining texnik holatlari o‘rganilib, favqulodda holatlar bo‘lib qolgan taqdirda fuqarolarni ko‘chirish rejasi, elektr, gaz jihozlari sozligi va boshqa jihatlardan o‘rganildi.
Hashar davomida masjid, ziyoratgoh va qabristonlar chiqindilardan tozalandi, ekin yerlariga ishlov berildi, daraxtlar butalib, taglari oqlandi, ariqlar tozalandi. Manzarali, mevali daraxt hamda gul ko‘chatlari o‘tkazildi.
Jumladan, 43 000 tupga yaqin gullar, mevali va manzarali daraxtlar ekildi, ular atrofidagi 31 ming 700 metr ariqlar tozalandi. 21 ming 290 tup daraxt oqlanib, shakl berildi. Bu ishlarga 530 ta texnika jalb qilindi. Obodonlashtirish ishlarida imom-xatiblar boshchiligida masjid xodimlari, hay’at a’zolari va namozxonlardan jami 20 mingdan ziyod kishi faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati