Dunyo – sinov va imtihon maydoni. Alloh taolo bandalarini turli yo'llar bilan sinaydi. Ana shunday sinovlardan go'zal tarzda o'tgan bandalarini jannatga kiritishini va'da qilgan.
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari Alisher domla Naimov Furqat tumaniga bo'lgan tashrifi chog'ida ibratli bir holatga duch keldi.
25 yoshli Muhiddin Muhammadjonov II guruh nogironi, uning eshitish va gapirish imkoniyati ham cheklagan. Qolaversa, moddiy jihatdan ham ko'makka muhtoj edi. Shunday bo'lsa-da, u boriga shukr qilib, sabr-qanoat ila yashashga o'rgangan. Bu holatni Furqat tumani “Ingichka” masjidi imom-xatibi Nosirjon Alimatov hamda saxovatgo'y kishilar e'tibordan chetda qoldirmadilar. Barchalari birlashib, Muhiddinning xonadonini ta'mirlashga kirishdilar. Hozirda ta'mirlash ishlari yakuniga etib qoldi. Uyni ta'mirlab bo'lgandan so'ng Muhiddinni o'ziga munosib joydan uylantirib qo'yish harakatimiz ham bor, – deydi Nosirjon Alimatov.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Beva va miskinlarga yordam beruvchi kishi Alloh taoloning yo'lidagi mujohid kabidir”, – deya marhamat qilganlar.
Shunday ekan, biz musulmonlar bunday savobli ishlarga doimo shoshilishni va bu ishda musobaqalashishni o'zimizga lozim tutsak, ulkan ajru savobga erishamiz. Shu bilan birga, jamiyatda nochor va zaif insonlarni kamayishiga o'z hissamizni qo'shgan bo'lamiz.
R.Jalilov,
O'MI Farg'ona viloyati vakilligi xodimi
Bugun, 20 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etayotgan Manama shahridagi nufuzli xalqaro konferensiya muhim mavzular muhokamasi bilan davom etmoqda. "Bir ummat – mushtarak taqdir" shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda notiqlar tomonidan xalqlar birligini mustahkamlash va ulamolar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, turli millat-elatlar o‘rtasida ahillikni targ‘ib qilish, adovat va fitnaga yo‘l qo‘ymaslik, o‘zaro hurmatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi.
Ulamolar mana shunday o‘zaro muqolotlar tinchlik, birdamlik va hamjihatlikka erishishning eng samarali vositasi ekani, yangidan-yangi hamkorliklarga yo‘l ochish, bag‘rikenglik va tinchlikni keng targ‘ib qilishga urg‘u qaratdilar. Ayniqsa, millatlar orasida fitna chiqarmaslik, adashgan toifalarning nafratni qo‘zg‘atuvchi chiqishlari va turli nizolaridan saqlanish zarurligi ham ta’kidlandi.
Bahrayn Podshohi Shayx Hamad ibn Iso Ol Xalifaning anjuman ishtirokchilarini qabul marosimida Muftiy hazratlari ishtirok etdilar. Unda islomiy muloqot yo‘nalishida o‘tkazilayotgan konferensiyaning tinchlik va birdamlik yo‘lidagi ahamiyati yuqori baholandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari anjuman doirasida Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Karachi Islom universiteti professori, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy kabi bir qator ulamo va arboblar bilan uchrashdilar.
Muloqotlar chog‘ida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari, diniy-ma’rifiy sohaga qaratayotgan e’tiborlari natijasida diniy idoralar o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib, xalqlar o‘rtasidagi birodarlik yanada mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarda Islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng yoyish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvlarda tomonlar mo‘min-musulmonlarning ehtiyojini ta’minlash, o‘zaro birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlarni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati