Avval xabar berganimizdek 17 dekabr' kuni onlayn shaklda «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar» mavzusidagi xalqaro matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur tadbirda Turkiya jamoatchiligi vakillari ham faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Halqaro onlayn matbuot anjumanida Turkiyadan Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor Ali Erbash, Ibn Haldun universiteti rektori, professor Rejep Shenturk, Anqara universiteti o'qituvchisi – moturidiyshunoslik bo'yicha etuk olim So'nmez Kutlu kabi turkiyalik professor-o'qituvchilar ishtirok etib, o'z fikrlarini bildirdi.
Ali Erbash, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi:
— Movarounnahr – islom tamaddunining zabardast markazlaridan biri. Darhaqiqat, Beruniy, Ibn Sino, Ali Qushchi, Mirzo Ulug'bek kabi dunyoga ziyo sochgan mutafakkirlar ushbu zaminda etishib chiqqan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Abulmu'in Nasafiy, Bahouddin Naqshbandiy kabi olimlar ushbu diyorning bashariyatga armug'onidir. Islom dinida mujassam tinchlik, hikmat va omonlik mohiyatini aynan ushbu allomalar butun dunyoga taratgan. Bizlar ayni e'tiqod va til, mushtarak tarix va madaniyat mansublari, Movarounnahrdan etti qit'aga ilm, hikmat va muhabbat olib borgan tamaddunning vakillarimiz.
Rejep Shenturk, Ibn Haldun universiteti rektori:
— O'zbekistondan etishib chiqqan necha-necha buyuk olimlar bor. Ularga oid asarlarning ko'pi bizning kutubxonalarimizda qo'lyozma va bosma holatda saqlanmoqda. Ushbu asarlar har doim mutolaa qilinadi va o'qitiladi. O'zbekiston xalqining, davlatining, olimlarining va yoshlarining Imom Moturidiy kabi buyuk bir o'zbek allomasini va uning tafakkur merosini asrab-avaylashini chuqur ehtirom va cheksiz tashakkur ila olqishlayman. Buning natijasida O'zbekiston tarixda bo'lgani kabi yana qaytadan butun dunyo ziyolilari, olimlari va talabalari uchun jozibador ilm markaziga aylanmoqda.
So'nmez Kutlu, Anqara universiteti o'qituvchisi, moturidiyshunoslik bo'yicha etuk olim:
— Turkiyada moturidiyshunoslik bo'yicha qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Jumladan, shu kunga qadar Imom Moturidiy va uning ta'limoti mavzusida 6 ta simpozium o'tkazilib, 2 ta jurnalning maxsus soni chop etilgan. Shuningdek, mavzuga taalluqli 100 dan ortiq kitob, 10 ga yaqin to'plam nashrga tayyorlangan. Bundan tashqari Moturidiy ilmiy merosiga bag'ishlangan 58 magistrlik dissertatsiyasi, 29 ta doktorlik ilmiy ishi himoya qilingan. Biz ushbu ilmiy tadqiqotlarning nusxalarini Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga taqdim etishga tayyormiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Yaqinda bir do‘stim bilan inson vafotidan keyin ruh yerga qaytib kelishi haqida tortishib qoldik. Savolim shuki, ruh yerga qaytib keladimi yoki barzaxda qiyomatgacha kutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ruhning asl haqiqati nima ekanligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu borada Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُم مِّنَ الْعِلْمِ إِلَّا قَلِيلًا
“Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, – deb ayt” (Isro surasi, 85-oyat).
Inson ruhi vafot topishi bilan qabr hayotida (barzaxda) bo‘ladi. Kitoblarda zikr qilinishicha, jasadni qabrga dafn qilingandan so‘ng, savol-javob qilinishi uchun unga ruhi qayta kirgiziladi.
Shuningdek, qabr ahliga salom berilgan vaqtda ham ruh qabr atrofiga qaytarilib, salomga alik oladi.
Mo‘minlarning ruhi “Illiyyin” (yettinchi osmondagi joy)da, kofirlarning ruhi esa “Sijjiyn” (yetti qavat yerning ostidagi joy)da bo‘lishi ham bayon qilingan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.