Qur'onga ehtirom ko'rsatish nima degani?
Shak-shubhasiz Qur'oni Karimga ko'rsatiladigan haqiqiy ehtirom uni ko'p tilovat qilish, uni puxta yod olish, oyatlarida kelgan ahkomlariga amal qilish, sahifalarida jo qilingan amrlariga bo'ysunish, qaytariqlaridan chetlanish, chegaralarida to'xtash, odoblari ila odoblanish, biror narsani qabul qilish yoki rad qilishda, amal qilish yoki tark qilishda, yaxshi ko'rish yoki yoqtirmaslikda uni me'zon qilib olish, hamda Qur'onni ilmda, adabda, aqiydada, amalda tutiladigan yo'l, sayri sulukda esa g'oya qilib olish bilan bo'ladi.
Qur'oni Karimni Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamga nozil bo'lishdan maqsad odamlarni haqqa hidoyat qilish va ularni zulmatlardan nurga olib chiqish ekani shubhasizdir. Alloh taolo shunday degan: «Batahqiq, sizlarga Allohdan nur va ochiq-oydin Kitob keldi. Alloh O'zining roziligini istaganlarni u bilan salom yo'llariga boshlar va ularni O'z izni ila zulmatlardan nurga chiqarur. Hamda siroti mustaqimga hidoyat qilur» (Moida surasi, 15-16-oyatlar).
Qur'onga ehtirom ko'rsatishning ko'rinishlari
Qur'onga bo'lgan haqiqiy ehtirom bilan bir qatorda uni ulug'lash, hurmat qilishning barcha ko'rinishlariga ahamiyat berish kerak. Jumladan, Qur'onni ushlamoqchi bo'lgan odam tahoratli bo'lishi vojib ekani.
Alloh taolo: «Uni faqat poklanganlargina ushlaydir», degan (Voqi'a surasi, 79-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur'onni pok odamgina ushlaydi», dedilar».
Tabaroniy rivoyat qilgan.
Shuningdek, Alloh taoloning kitobini xos, munosib, chiroyli g'ilofda saqlash vojibligi, tozaligiga etibor berish, munosib joyga qo'yish, erga tashlab qo'ymaslik vojib ekani.
Ulamolar Qur'onni axlatga tashlagan odamni kofir bo'ladi, hurmatini joyiga qo'ymaydigan odamga sotish haromdir, deb fatvo chiqarishgan. Ikki sahihda (Buxoriy va Muslimning sahihlarida) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mushaf dushmanning qo'liga tushib qolish xavfi bo'lsa, Mushaf bilan dushman erlariga safar qilishdan qaytarganlar.
Salafi solihlarimizdan Allohning kitobini so'zlari va fe'llari bilan ulug'lashganiga doir rivoyatlar kelgan.
Qatoda roziyallohu anhu aytadi: «Qur'on o'qiganimdan buyon piyoz emadim».
Yazid ibn Abu Molik aytadi: «Og'zilaringiz Qur'on yo'llaridan biridir. Qo'linglardan kelganicha uni poklanglar, tozalanglar».
U kishidan rivoyat qilgan roviy shunday deydi: «U kishi Qur'on o'qiganidan buyon piyoz emagan».
Mujohid aytadi: «Qur'on o'qiyotib seni esnoq tutib qolsa, esnog'ing ketgunicha Qur'on o'qimay tur».
Navaviy aytadi: «Mushaf taqdim qilinsa, u uchun turish darkor. Chunki ulamo va axyorlar uchun turish mustahab sanaladi. Mushaf (uchun turish) avloroqdir».
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tayyorladi
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi