Bismillahir Rohmanir Rohiym
Voqea – qiyomat nomlaridan biri. Voqea surasida qiyomat qoim bo'lganda ro'y beradigan hodisalar bayon etilgan, oxiratda bandalar oladigan mukofotlari, jannat ne'matlari, do'zax ahlining azob-uqubatlari tafsiloti keltirilgan.
Ibn Asokir naql qilishicha, Abdulloh ibn Ma'sud roziyallohu anhu vafot etishi arafasida betob bo'lib qoldi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhumo uni ko'rgani borib, hol-ahvol so'radi:
– Nimadan shikoyating bor?
– Gunohlarimdan.
– Nimani xohlaysan?
– Robbimning rahmatini.
– Senga tabib buyuraymi?
– Tabib (ya'ni, Alloh) meni betob qildi.
– U holda senga sovg'a-salom buyurtiraymi?
– Hojati yo'q.
– Senga kerak bo'lmasa, qizlaringga qoladi.
Ibn Mas'ud roziyallohu anhu bunga javoban bunday dedi:
– Qizlarim kambag'al bo'lib qolishlaridan qo'rqyapsanmi? Men ularga har kecha Voqea surasini o'qishni buyurganman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har kecha Voqea surasini o'qisa, zinhor qashshoqlikka uchramaydi”, deganlarini eshitganman.
Tunda Voqea surasini boshidan oxirigacha ixlos bilan o'qigan odam qashshoqlik ko'rmaydi: rizqi keng bo'ladi, kasb-koriga baraka kiradi. Tajribada sinab ko'rganlar buning haqiqat ekanini ta'kidlashgan.
Voqea surasi keng rizqqa sabab bo'lishi haqida bundan boshqa rivoyatlar ham bor. Jumladan, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Voqea boylik surasidir. Uni (o'zingiz) o'qing, farzandlaringizga ham o'rgating”, deganlar (Ibn Mardavayh rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tong otganida:
اللهُمَّ إِنِّي أَصْبَحْتُ مِنْكَ فِي نِعْمَةٍ وَعَافِيَةٍ وَسِتْرٍ فَأتِمَّ نِعْمَتَكَ عَلَيَّ وَعَافِيَتَكَ وَسَتْرَكَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
"Allohumma inniy asbahtu minka fiy ni’matin va ’afiyatin va sitrin faatimma ni’mataka ’alayya va ’afiyataka va satroka fiddunya val axiroh", deb uch marta va kechqurun uch marta aytgan kishiga Alloh shu duoda kelganidek, hammasini mukammal qilib beradi", dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Ma’nosi: Allohim, Sening ne’matingda, ofiyatingda, ayblar yopilgan holda tong ottirdim. Meni dunyoyu oxiratda ne’matda, ofiyatda, ayblar yopilgan holatda bo‘lishimni mukammal qil.