Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Ko'zni zinodan saqlash

01.11.2023   5335   2 min.
Ko'zni zinodan saqlash

Alloh taolo: «Sen mo'minlarga ayt, ko'zlarini tiysinlar...», dedi (Nur surasi, 30- oyat).
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nazar solish shaytonning zaharli o'qlaridan biridir. Kim Allohdan qo'rqib, uni tark qilsa, Alloh azza va jalla unga qalbida halovatini topadigan iymon beradi», dedilar» (Imom Hokim rivoyat qilgan).

1. Ko'zni haromdan saqlash qalbni gunohkorlik alami va azobidan saqlaydi.

2. Ko'zni haromdan saqlash qalbda taqvoni ko'paytiradi.

3. Ko'zni haromdan saqlash ko'zlarni va yuzni munavvar qiladi.

4. Ko'zni haromdan saqlash ilm yo'llarini onsonlashtiradi, qalbdagi nur vositasida haqdan botilni ajrata oladi.

5. Ko'zlarni haromdan saqlash qalbga quvvat, sobitlik va shajoat beradi. Qo'rqishga loyiq bo'lgan Zot faqat Alloh ekanligi hissini kuchaytiradi.

6. Haromga qaramaslik shahvatga asir bo'lishdan asraydi va qalbga yorug'lik, surur bag'ishlaydi.

7. Ko'zlarni haromdan saqlash jahannam eshiklaridan birini yopadi va bandaning Allohga do'st bo'lish darajasini ko'taradi.

8. Haromga qaramaslik aqlni quvvatlantiradi. Amallarning oqibatini o'ylamaslik esa aqlning zaiflashishiga olib keladi.

9. Ko'zni haromdan saqlash qalbni g'aflat botqog'idan saqlaydi. Haromga qarash banda bilan jannat o'rtasida parda hosil qiladi.

10. Ko'zni haromdan Allohning amriga itoat qilish niyati bilan saqlasa, banda bu dunyoda ham, oxiratda ham ulug' saodatga erishadi.

11. Haromdan ko'zni saqlash zaharli o'qning qalbga qadalishiga va shaytonning qalbga kirishiga to'sqinlik qiladi.

12. Ko'zni haromdan saqlash qalbga jannatga olib boruvchi amallar bilan mashg'ul bo'lish istagini beradi...

Muhammad Ali Muhammad Yusuf

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir

03.09.2026   1151   4 min.
Gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).


Ulamolarning ba’zilari: “Barcha yaxshiliklar shu hadisda jamlangan”, degan bo‘lsalar, ayrimlari: “Ushbu hadis Islomning yarmidir, chunki hukmlar Haq taologa yoki maxluqotlarga tegishli bo‘ladi. Ushbu hadis maxluqotlarga tegishli hukmlarni yoritib bergan”.


“Jome’ul kabir” kitobida Muhammad ibn Abdulloh ibn Salom aytadi: «Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Menga qo‘shnim ozor beryapti”, dedim. Shunda u zot: “Sabr qil”, dedilar. Ikkinchi marta kelganimda ham: “Sabr qil”, dedilar. Uchinchi bor kelganimda: “Ko‘ch-ko‘roningni yig‘ishtir-da, ko‘chaga olib chiq. Kim uchrasa, unga: “Qo‘shnim menga ozor bermoqda”, deb aytgin”, dedilar. Shu sabab o‘sha qo‘shning insonlarning malomatiga qoladi» deb, so‘ngra: “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin”, dedilar.


“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa…” jumlasidagi “iymon”dan murod “mukammal iymon”dir. Alloh va oxirat kuniga xoslanganining hikmati shuki, Yaratgan Zotga va qiyomatda amaliga yarasha jazo berilishiga iymon keltirgan kishi “Yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”.


Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Agar bir kishi gapirishni xohlasa, gapiradigan gapi haqiqatan yaxshi va savobga loyiq bo‘lsa, gapirsin. Agar gapirmoqchi bo‘lgan gapi haromga yoki makruhga eltadigan bo‘lsa, tiyilsin”. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (inson) biror so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)”, degan (Qof surasi, 18-oyat).


Abu Muhammad ibn Abu Zayd Molikiy rahmatullohi alayh aytadi: “Barcha yaxshi odoblar to‘rt hadisdan tarmoqlanadi:

  1. “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”;
  2. “Bekorchi narsalarni tark qilish kishi Islomining go‘zalligidandir”;
  3. “G‘azablanma”;
  4. “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham ravo ko‘rmagunigacha mo‘min bo‘la olmaydi”.


Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday vasiyat qilgan: “Agar gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir”.


Ibn Muborak aytadi: “Agar gap Alloh taoloning toati borasida bo‘lsa, kumushdir, Alloh taologa gunoh qilishdan sukut qilmoq esa oltindir”.


Zunnun Misriy rahmatullohi alayh aytadi: “Insonlarning eng yaxshisi o‘z tiliga egalik qila olganidir”.


“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Qo‘shniga yaxshilik qilish, unga ozor bermaslik mo‘min kishi Islomining to‘g‘riligi va iymonining komilligidan hisoblanadi. Alloh taolo O‘z Kalomida bunday degan: “Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shniga, yon qo‘shniga, yondagi sohibga, yo‘qsil yo‘lchiga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh dimog‘dor va maqtanchoq kimsani suymas” (Niso surasi, 36-oyat).


Imom Buxoriy rahimahullohdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: «“Allohga qasam, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi”. Shunda Rasulullohdan so‘raldi: “Ey Allohning Rasuli, kim u?” U zot: “Qo‘shnisi uning ozorlaridan, yomonliklaridan va aziyatlaridan omonda bo‘lmagan kishi”, dedilar».


“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Bu xislat payg‘ambarlarning va solih kishilarning xulqlari, odatlari va Islomning go‘zal odoblaridandir. Ibrohim alayhissalom “Mehmondo‘stlarning otasi” deb kunyalangan. Chunki u zot bir yoki ikki mil (o‘rtacha 4000 qadam) yurib, shu asnoda duch kelgan kishini uyiga olib kelib mehmon qilgan. 


O‘tkir MAHMUDOV,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir
Ibratli hikoyalar