بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنَارَ النُّفُوسَ بِطَاعَتِهِ وَعَظَّمَهَا فَأَقْسَمَ بِهَا لِتَرْقِىَ فِي مَنَازِلِ جَنَّتِهِ ثُمَّ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ أَرْسَلَهُ اللهُ مُعَلِّماً وَمُزَكِّياً لِلنُّفُوسِ وَمُبَشِّراً وَنَذِيراً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ
Nafs tarbiyasi – saodat kaliti
Muhtaram jamoat! Dinimizda nafsni poklash, inson o'zini-o'zi tergab, ertangi kunga nima tayyorlaganiga nazar solib turishi o'ta muhim ishlardan hisoblanadi. Nafs tarbiyasi eng hassos mavzulardan biri bo'lib, bu mavzuda ko'plab olimlar, tariqat mashoyixlari so'z yuritganlar, qator kitoblar va risolalar bitganlar. Halqimizda “Mening nafsim balodir, yongan o'tga soladir” degan maqol bor. Darhaqiqat, kishi nafsini tarbiya qilmas ekan, oqibati ayanchli bo'ladi. Shu kungacha o'tgan solih bandalar barcha yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, barcha yomonliklarning asosi esa unga tobe bo'lishda ekanligini ta'kidlaganlar.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَلْتَنْظُرْ نَفْسٌ مَا قَدَّمَتْ لِغَدٍ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir”(Hashr surasi 18-oyat).
Kishi tirik ekan, nafsi bilan kurashishda mag'lub bo'lmasligi lozim. Kishi nafsini jilovlash uchun nafsni tarbiya qilgan zotlarga yaqin yurishi va ilm o'rganib, unga amal qilmog'i zarur.
Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam o'z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:
الكَيِّسُ مَنْ دَانَ نَفْسَهُ وَعَمِلَ لِمَا بَعْدَ الْمَوْتِ وَالْعَاجِزُ مَنْ أَتْبَعَ نَفْسَهُ هَواهَا وَتَمنَّى عَلَى اللهِ
(رواه الامام الترمذي)
ya'ni: “Aqlli-hushyor kishi – o'z nafsini tergagan va o'limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan (ko'p narsalarni) umid qilgan kishidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Nafsini tergab turgan kishining Qiyomat kunidagi hisob-kitobi engil bo'lishi haqida hazrati Umar ibn Hattob raziyallohu anhu shunday deganlar:
حَاسِبُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أَنْ تُحَاسَبُوا، وَتَزَيَّنُوا لِلْعَرْضِ الْأَكْبَرِ وَإِنَّمَا يَخِفُّ الْحِسَابُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
عَلَى مَنْ حَاسَبَ نَفْسَهُ فِي الدُّنْيَا
(رواه الامام الترمذي)
ya'ni: “Hisobga tortilishingizdan avval nafsingizni hisob-kitob qiling va Qiyomat kuniga tayyorgarlik ko'ring. Qiyomat kunidagi hisob faqat dunyoda o'zini tergab turgan kishilargagina engil bo'ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Alloh taolo jonli mavjudotlarni uch toifada yaratgan: 1. Farishtalar: Alloh farishtalarga faqat aql bergan, nafsu-havo bermagan. Ular doimiy ravishda Allohga ibodat qilib turadilar. Nafslari bo'lmagani uchun hech ham gunoh ish qilmaydilar. 2. Hayvonlar: Alloh hayvonlarga aql bermagan, faqatgina nafs bergan. Ular faqat nafsni to'ydirish g'amida bo'ladi. Aqli bo'lmagani uchun ularga gunoh yozilmaydi. 3. Insonlar: Alloh insonlarga ham aql, ham nafs bergan. Ulamolarimiz aytadilarki, inson aqlini nafsidan ustun qo'yib, hayotini shariatga muvofiq o'tkazsa, u farishtalardan ham afzal bo'ladi. Sababi – nafsi bo'laturib, aqlini nafsidan ustun qildi. Ammo insonning nafsi aqlidan g'olib kelsa va nafsining havoyi-istaklariga ko'ra hayot kechirsa, u hayvondan ham tubanroq bo'ladi. Sababi – inson aqli bo'la turib, uni ishlatmadi.
Qur'oni karimda nafsini poklagan inson najotga erishishi o'n bir o'rinda qasam bilan zikr qilingan. Nafsni poklash haqida Qur'oni karimda takror-takror keladi:
قَدْ أَفْلَحَ مَن زَكَّاهَا
(سورة الشمس الاية-9)
ya'ni: “haqiqatan,uni (nafsni) poklagankishinajottopur” (Shams surasi 9-oyat). Bu oyat to'g'risida mufassir Ibn Kasir rahmatullohi alayh shunday deydi: “Bu oyatning ma'nosi: kim nafsini Alloh taoloning toati bilan poklasa, razil sifatlar va pastkashliklardan tozalasa, najot topadi, deganidir”.
Boshqa oyatda shunday deyiladi:
وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَىفَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَى
(سورة النازعات الاية 40 – 41)
ya'ni: “Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo'rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo'lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo'lur” (Naziat surasi 40-41 oyatlar).
Demak, kim Qiyomat kunidagi hisob-kitobdan qo'rqib, nafsini gunoh ishlardan tiysa, unga jannat va'da qilingan ekan.
Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam hadisi shariflarida nafsini poklagan kishi imonning ta'mi (halovati)ni tatishini xabar berdilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom Alloh taolodan nafsimizni poklashni so'rab duo qilishni o'rgatganlar:
اَللَّهُمَّ آتِ نَفْسِي تَقْوَاهَا، وَزَكِّهَا أَنْتَ خَيْرُ مَنْ زَكَّاهَا، أَنْتَ وَلِيُّهَا وَمَوْلَاهَا
(رواه الامام مسلم)
ya'ni: “Ey, Alloh! Nafsimga taqvosini ato qilgin va uni poklagin! Zero Sen – eng yaxshi poklovchisan! Sen – uning egasi va mavlosisan!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Hasan Basriy rahmatullohu alayh aytadilar: Nafsiga nasihat qilib yurgan va o'zini tergab turish odati bo'lgan banda doimo yaxshilikda bardavom bo'ladi.
Qur'oni karimda nafs uch xil sifat bilan kelgan:
Jumhur ulamolar nafsni poklash, qalb kasalliklarini o'rganish ummat uchun farzi kifoya ekanligi, lekin kimda biror qalb kasalligi bo'lsa, uni ketkazish yo'llarini o'rganishi farzi aynga aylanishini bayon qilishgan.
Nafsimizni poklash uchun quyidagilarga amal qilishimiz kerak ekan:
إِنَّ هَذِهِالْقُلُوبَ تَصْدَأَ كَمَا يَصْدَأَ الْحَدِيدُإِذَا أَصَابَهُ الْمَاءُ قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا جَلَاؤُهَا قَالَ: كَثْرَةُذِكْرِ الْمَوْتِ
وَتِلَاوَةِ الْقُرْآنِ
(رَوَى الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ)
ya'ni: “Bu qalblar ham xuddi temir suv tekkanda zanglagani kabi zanglaydi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning rasuli, nima qalbni sayqallaydi, zangini ketkazadi?” – deyildi. “O'limni ko'p eslash va Qur'on ko'p tilovat qilish”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
Nafsni poklash natijasida inson ikki dunyo saodati, qalb xotirjamligi hamda din va toat-ibodatda sobitlikka erishadi.
Muhtaram azizlar! Umrimizning yana bir yili tugab, yangi sahifasi ochilmoqda. Shuning uchun barchamiz o'tgan umrimizdagi yaxshi-yomon ishlarimizdan xulosa qilib, 2021 yilni faqat yaxshi amallar, savobli ishlar, dunyo va oxiratimiz uchun zaxira bo'ladigan amali solihlar bilan o'tkazishni maqsad qilmog'imiz lozimdir.
Mo'min-musulmon kishi har kunini qadriga etib, uni o'tgan kunidan ko'ra ko'proq va yaxshiroq savobli amallar bilan o'tkazishga harakat qilmog'i lozim. O'tgan kundagi ishlariga mag'rurlanib, o'sha bilan kifoyalanib qolib, yanada ko'proq harakat qilishga oshiqmaslik – oqil mo''minning ishi emasdir.
Albatta, shuni ta'kidlab o'tish lozimki, bayramni bahona qilib shariatimiz va urfimizga mos kelmaydigan va ko'ngilsizliklarga sabab bo'ladigan ishlarga qo'l urishdan, xususan, ichkilikbozlik kabi illatlarga berilishdan saqlanishimiz, farzandlarimizni esa pirotexnika vositalarini ishlatmasligidan ogoh etishimiz lozim.
O'tgan yilni sarhisobini qilib, 2021 yilda umrimizga umr qo'shilishini, savob va ezgu ishlarimizning ko'payishini niyat qilib, yaqinlarimizga ham ushbu tilaklarni bildirib, jonajon Vatanimizga tinchlik, barqarorlik va mehnatkash xalqimizga farovonlik tilaylik!
Alloh taolo 2021 yilda qilinadigan barcha xayrli ishlarimizda O'zi madadkor bo'lib, bu yilda yurtimiz farovonligi va dinimiz ravnaqi yo'lida ko'plab yutuqlarga erishish va ezgu amallarni bajarishga muvaffaq aylasin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Aziz umrning qadriga etaylik!” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan