O'zbekiston rahbariyati tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha qo'yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatimizning Seuldagi elchisi Vitaliy Fen bugun Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi raisi, imom Li Ju Hva (Abdulrahmon Li) bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
Mazkur federatsiya 1967 yil tashkil etilgan. Tashkilot Janubiy Koreya musulmon talabalari uyushmasi va Janubiy Koreya islom madaniyati institutini nazorat qiladi, Qur'on o'rganish bo'yicha madrasalar faoliyatini qo'llab-quvvatlaydi. Abdulrahmon Li, shuningdek, Janubiy Koreya musulmonlar jamoatining bosh imomi hisoblanadi.
Muzokaralarda O'zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va chet ellik sayohatchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, madaniy meros ob'ektlari va islom madaniyatiga oid muqaddas qadamjolarni tiklash bo'yicha bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida ma'lumot taqdim qilindi. Islom tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shgan Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Burhonuddin Marg'inoniy va boshqa taniqli o'zbek olimlari va mutafakkirlari haqida batafsil so'zlab berildi. O'zbekistonda bugungi kungacha saqlanib qolgan ushbu buyuk shaxslarning hayoti va faoliyati bilan bog'liq yodgorlik majmualari, maqbaralar va muzeylar dunyoning turli o'lkalaridan kelayotgan ko'plab musulmonlarning ziyoratgohiga aylangani ta'kidlandi.
Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi rahbari Imom Buxoriy, Naqshbandiy va boshqa buyuk allamolarning bebaho merosi tufayli O'zbekiston islom olamida alohida mavqega ega ekanini qayd etdi. O'zbekistonda so'nggi yillar ziyorat turizmini qo'llab-quvvatlash bo'yicha yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar mamlakatning musulmon dunyosidagi mashhurligini yanada oshirayotganiga ishonch bildirdi.
Imom Li Ju Hvaning aytishicha, bugungi kunda Janubiy Koreyaning 45 mingdan ziyod fuqarosi islom diniga e'tiqod qiladi, ularning bir qismi har yili Saudiya Arabistoniga Haj va Umra ziyoratlarini amalga oshiradi. Shu nuqtai nazardan, u Janubiy Koreya musulmonlari uchun haj safarlarini O'zbekiston orqali tashkil etib, ularga butun dunyoda hurmatga sazovor bo'lgan qadamjolarni ziyorat qilish imkoniyatini yaratish zarurligiga e'tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunlari bo'yicha elchixona va federatsiya o'rtasida ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish to'g'risida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda koreys musulmonlarini O'zbekistonga ziyorat turizmi doirasidagi safarlarga jalb qilish bo'yicha qo'shma tadbirlar majmuasini amalga oshirish ko'zda tutilgan. Hususan, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so'ng Toshkent, Samarqand, Buxoro, Hiva va boshqa shaharlarga ziyorat turizmi bo'yicha infoturlar uyushtirish, Janubiy Koreyadan O'zbekistonga charter reyslar va ziyoratchilarning safarlarini tashkil qilish, shuningdek, islomshunos olimlar ishtirokida birgalikda anjumanlar o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati