O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasida mamlakatimiz ziyorat turizm salohiyatini targ'ib qilish bo'yicha videoanjuman bo'lib o'tdi. Bu haqda “Dunyo” AA deb xabar berdi.
Tadbirda O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Aziz Abduhakimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov qatnashdi.
Shuningdek, Pokiston din ishlar bo'yicha federal vaziri Pir Nur ul-Haq Qadriy, diniy ishlar va dinlararo totuvlik bo'yicha federal vazir, O'zbekistonning Pokistondagi ziyorat turizmi elchisi Pir Hasib ur-Rahmon, Milliy assambleya spikeri o'rinbosari Qosim Hon Suri, Islom mafkurasi kengashi raisi Qibla Ayoz, hukmron PTI partiyasi sanoat qo'mitasi raisi Iftixor Rasul Ghumman, “Shahzad International Petroleum Exploration (Pvt) Ltd.” xalqaro neft kompaniyasi rahbari Pir Naqib ur-Rahmon, Pokistondagi O'zbekiston sayyohlik axborot markazi direktori Hamid Choudri ishtirok etdi.
Tadbir Buxoro, Samarqand, Hiva, Termiz, Toshkent kabi shaharlardagi islom qadamjolarga alohida e'tibor qaratib, mamlakatimizning ziyorat, tarixiy, salomatlik va akademik turizm sohasidagi salohiyatining taqdimoti bilan boshlandi.
Pokiston diniy ishlar bo'yicha federal vaziri Pir Nur ul-Haq Qadriy mamlakatimizda ziyorat turizmi, islom qadamjolarini qayta tiklash va ta'mirlash bo'yicha islohotlarni alohida ta'kidlab, buning uchun hukumatimiz va xalqimizga minnatdorchilik izhor etdi. Pokiston hukumati O'zbekiston islom tamaddunining bebaho qadamjolarining ishonchli posboni sifatida e'tirof etib, mamlakatni islom olamining barcha ziyoratchilariga keng ochish borasidagi insonparvar va bag'rikeng siyosat ijobiy baholanayotganini qayd etdi.
Videoanjuman Facebook va YouTube ijtimoiy tarmoqlari orqali onlayn uzatildi. Uni keng jamoatchilik kuzatib bordi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati