Jamiyat hayotida muhim hodisa yuz berdi – yangi oila dunyoga keldi. Nikoh asosida boshlangan yangi hayotning har lahzasi har bir kelin-kiyov uchun unutilmasdir. Ayni damda, go'zal va osuda hayot orzusida qadam tashlayotgan ikki qalbning eng asosiy maqsadi – Alloh taolo ularga solih va sog'lom farzand berishini so'rab duo qilishlari bo'lib, bu juda ham ahamiyatlidir.
Bu bejizga emas albatta. Chunki bu payg'ambarlarning amalidir. Masalan “Oli Imron” surasining 38 oyatida: “Shu chog'da Zakariyo Robbisiga duo qilib: Robbim, menga O'z huzuringdan pokiza zurriyot hadya et. Albatta, Sen duoni eshituvchisan”, dedi” ko'rinishidagi duo. Mazkur duo hali kelin homilali bo'lmasdan avval o'qilishi lozim. Ayniqsa kiyov boshchiligida ushbu duo va iltijolarning qilinishi yanada muhimdir.
Bo'lajak otaning duosi ijobat bo'lib, bola homila shaklida rivojlana boshlagach, uning kelajakda aqlan va jismonan sog'lom, shu bilan birga ahli solihlardan bo'lishini so'rab duo qilishda bo'lajak onaning ham ko'magi juda zarurdir. Zero bu insoniyat otasi Odam va momo Havvodan meros qolgan amaldir. Jumladan ular (Odam ota va momo Havvo) oyatda zikr etilganidek: “...U (homila) og'irlashganda esa ikkovlon Robbilari Allohga: “Agar bizga solih (farzand) bersang, albatta, shukr keltirguvchilardan bo'lajakmiz”, deb duo qildilar” (A'rof, 189). Farzandning dunyoga kelish vaqti yaqinlashgani sari bo'lajak ota ham ona ham o'ziga xos go'zal maqsad va istaklar bilan birga, onaning sog'ligiga oid qo'rquv, hadik va farzandning jisman komil va sog'lom hamda aqlan etuk tug'ilishi orzusi paydo bo'ladi. Aynan mana shu davrga kelib bo'lajak ota-ona: “Agar bizga solih farzand bersang, albatta, shukr qilguvchilardan bo'lamiz”, deb doimiy duo qilishlari lozim bo'ladi.
Duo qilishga targ'ib bejizga emas albatta. Chunki zamonviy ilmiy tadqiqotlar asosida olimlar nima uchun insoniyat kundan kunga o'zaro oqibatsiz, beshavqat va berahmlik sari yuz tutayotgani, bir oila a'zolarining bir biriga hurmati va ehtiromining yo'qolishi sababini topganlarini e'lon qildilar. Olimlarning xulosalariga ko'ra, buning asosi bolaning zinodan va farzand ko'rishni istamagan ota-onalardan tug'ilishi ekan. Bu esa barchaga ma'lum holat ya'ni, ota-onaning farzandli bo'lishni xohlamay turgandagi ruhiy holati, o'rtada vujudga keladigan homilaga o'tishi va shu bilan birga ona qornida rivojlanayotgan bolaning dunyoga kelishiga rozi bo'lmayotgan ota-onaning salbiy kayfiyatini bolaga bo'lgan salbiy ta'siridir ya'ni, uning haqqiga duoi xayr qilinmasligidir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shunday xulosa qilishimiz lozimki, har bir kelin-kiyov va har bir ota-ona har doim Allohdan mana shu Vatanga, elu yurtga manfaatli solih va sog'lom farzand so'rab duo qilishi kerak.
O'MI mutaxassisi Akmalxon AHMYeDOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati