Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

2. BAQARA SURASI, 226–227 OYaTLAR

16.12.2020   3087   3 min.
2. BAQARA SURASI, 226–227 OYaTLAR

لِّلَّذِينَ يُؤۡلُونَ مِن نِّسَآئِهِمۡ تَرَبُّصُ أَرۡبَعَةِ أَشۡهُرٖۖ فَإِن فَآءُو فَإِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٢٢٦

226. Hotinlariga yaqinlashmaslikka qasam ichganlarga kutish to'rt oydir. Agar qaytishsa, Alloh albatta kechiruvchi, rahmlidir.

Ya'ni, kim "xotinimga yaqinlashmayman" deb qasam ichsa (ya'ni iylo qilsa), to'rt oy ichida xotiniga yaqinlashsa, ichgan qasamiga kafforat beradi va xotini nikohida qolaveradi. Lekin qasamdan keyin to'rt oy o'tib ketsa, bu holatda xotini taloq qilingan bo'ladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xotinlarini iylo qildilar, ya'ni bir oy birga turmayman, deb qasam ichdilar. Oyoqlari yorilib (sinib) ketgan bo'lib, xonalarida yolg'iz o'zlari yigirma to'qqiz kun turdilar. Keyin ayollarining huzuriga kirdilar. Shunda ular: "Ey Allohning Rasuli, bir oyga qasam ichgan edingiz-ku!" deyishdi. U zot: "(Bu) oy yigirma to'qqiz kundir", dedilar". Nofe'dan bunday rivoyat qilinadi: "Ibn Umar roziyallohu anhumo iylo haqida so'zlab: "Erlar Alloh taolo amriga muvofiq xotinlarini idda muhlati tugaganidan so'ng yaxshilik bilan nikohlarida saqlab turishlari yoki taloq qilishga azm qilishlari lozim bo'ladi", degan" (Buxoriy rivoyati).

وَإِنۡ عَزَمُواْ ٱلطَّلَٰقَ فَإِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٞ٢٢٧

227. Agar taloqni qasd qilishsa, Alloh albatta eshituvchi, biluvchidir.

Agar erning qasamidan keyin to'rt oydan o'tib ketsa, ular orasiga taloq tushadi. Bunda taloq qasd qilingan bo'lsa, albatta ajralishlari lozim, chunki Alloh taolo bandalarining qalbida kechayotgan, ular niyat qilgan narsalarni eshituvchi va biluvchidir. Nofe' aytadi: "Ibn Umar: "Agar xotinini iylo qilganiga to'rt oydan oshsa, uni taloq qilguniga qadar uyida ushlab turadi. Bunda to taloq qilguniga qadar xotini taloq hisoblanmaydi", deganlar" (Buxoriy rivoyati).

“Iylo” so'zi lug'atda «qasam ichish, qasam bilan biror narsadan kechish» ma'nolarini bildiradi. Shariatda esa erning to'rt oy va undan ko'proq muddatga xotini oldiga kirmaslik va unga jinsiy yaqinlik qilmaslikka Alloh nomi bilan qasam ichishi «iylo» deyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan birini iylo qilganlari haqida Ummu Salama onamizdan sahih hadis rivoyat qilingan. To'rt oydan oz muddatga qasam ichish iylo emas. Iyloning sharti erning taloqqa salohiyatli bo'lishi va ayolning ham nikohli bo'lishidir. Bolaning va telbaning iylosi haqiqiy emas. Qur'oni karim oyati bilan (Baqara, 226-227) bu hukmni joriy qilish ila Islom xotinlar ustidan johiliyatning yana bir zulmini olib tashladi.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Haqni tan olmagan - mutaassibdir

4.01.2025   2722   2 min.
Haqni tan olmagan - mutaassibdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo‘lib, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu ish qoralangan. Mutaassiblik oqibatida doimiy ravishda dinga zarar yetkazildi, bu hol hozirda davom etmoqda. Mutaassiblikdan yoshlarni himoya qilish uchun uning mazmun-mohiyatini, olimlar unga qanday ta’rif berganini bilishimiz lozim.

Mutaassiblik biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan bu fanatizm ham deyiladi.

Mutaassib kishi ko‘r-ko‘rona, xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarnikini nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z tushunchasini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.

“Kashshofu istilohotil funun” kitobida: “Mutaassiblik, garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir”, deb ta’riflangan.

Ulamolardan Alloma Taftazoniy rahimahulloh: “Mutaassiblik  haq zohir bo‘lsa ham uni tan olmaslikdir”, deb aytgan.

Shayx Alovuddin Buxoriy rahmatullohi alayhi: “Dalil zohir bo‘lganda, aqidasi haqni tan olishdan to‘sadigan kishi mutaassib hisoblanadi”, degan.

Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud Mahbubiy esa: “Bilingki, bid’at ikki ishning biridan paydo bo‘ladi. Birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo‘lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo‘lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo‘ladi”, deb aytgan.

Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida: «Kim o‘ziga hidoyat ravshan bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga xilof qilsa va mo‘minlarning yo‘lidan boshqa yo‘lga yursa, ketgan tomonga qo‘yib qo‘yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!», deb aytgan.

Shuningdek, mutaassib kishi jamiyat ichida tarafkashlik va bo‘linish yuzaga chiqishiga ham sababchi bo‘ladi. Bu ham muqaddas dinimizda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Alloh taolo barchamizni bunday kimsalardan bo‘lib qolishdan o‘zi panoh bersin, o‘zi hidoyat yo‘lga yo‘llasin!

Manba: “Diniy mutaassiblik, mohiyat, maqsad va uni oldini olish yo‘llari” kitobi

Abdusalomov Hojimurod,
Toshkent Islom instituti talabasi.