Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

18.12.2020 y. Nikoh rishtasi uzilmasin!

15.12.2020   4417   16 min.
18.12.2020 y. Nikoh rishtasi uzilmasin!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ ومَن اِهْتَدَى، أَمَّا بَعْدُ

NIKOH RIShTASI UZILMASIN!

Muhtaram jamoat! Oila insoniyat tarixining hamma davrlarida jamiyatning negizi hisoblangan. Har bir inson axloq-odob va ijtimoiy munosabatlarni oilada o'zlashtiradi hamda shunga muvofiq insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga tayyorlash va ezgulikka yo'naltirish – oilaning muqaddas vazifasidir. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo'lsa, jamiyat mustahkam, turmush yanada farovon bo'ladi.

Alloh taolo oila qurib yashash insoniy fitratga muvofiq ekanini eslatib, Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

  وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً

ya'ni: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir” (Rum surasi 21-oyat).

Nikoh – Islomdagi eng muqaddas tushunchalardan biri. Chunki aynan nikoh bitimi tufayli boshqa-boshqa xonadonda, o'zga sharoitlarda voyaga etgan ikki yosh bir oila bo'lib yashay boshlaydilar. Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarida nikohlanishga targ'ib qilib shunday deganlar:

"يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ مَنْ اسْتَطَاعَ منكُم الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّج، فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ، وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ، وَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَعَلَيْهِ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَهُ وِجَاءٌ"

(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ey, yoshlar jamoasi sizdan kim nikohga qodir bo'lsa, uylansin. Albatta, u ko'zni to'suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo'lmasa, ro'za tutsin, bu uning uchun (haromdan) saqlanishidir" (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Milliy qadriyatlarimizga ko'ra, ota-onalarning yosh kelin-kuyovlarga oilaviy turmush haqida pand-nasihat qilishlari, o'z hayotiy tajribalarini so'zlashlari odat tusiga kirgan. Bu ham aslida dinimizdagi go'zal odatlaridan hisoblanadi. Buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sahobalari yangi kelinlarga erining hurmatini va xizmatini qilishga buyurishar edi”, – deganlar.

Muhtaram jamoat! Nikoh va oilaga aloqador bo'lgan muhim bir shar'iy masala – taloq masalasidirki, bugungi kunda ba'zilar ushbu nozik masalaga engil qaramoqdalar. Bilib-bilmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o'z jufti haloliga nisbatan “taloq” lafzini ishlatib qo'ymoqdalar.

“Taloq” so'zi aytilganda nikoh buziladi. Aslida, taloq – eng oxirgi chora sifatida joriy qilingan bo'lib, Alloh taologa xush kelmasligi hadisi shariflarda vorid bo'lgan. Bu haqida Payg'ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlar:

"أَبْغَضُ الْحَلاَلِ إِلَى اللهِ الطَّلاَقُ"

(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Halol narsalar ichida Alloh uchun eng noxush narsa – taloqdir” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ba'zi erlar o'zlari va oilalariga baxtsizlik va mushkulot yo'lini tutib, shariat hukmlariga xilof tarzda “taloq” so'zini ko'p va bo'rttirib qo'llash holatlari avj olmoqda. Aslida bu – ulkan ma'siyat va haddan oshishdir. Mahmud ibn Labid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi shariflarda shunday deyilgan:

"أُخْبِرَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ اِمْرَأَتَهُ ثَلَاثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا، فَقَامَ غَضْبَانَ ثُمَّ قَالَ: "أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اَللَّهِ تَعَالَى، وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ" حَتَّى قَامَ رَجُلٌ، فَقَالَ: "يَا رَسُولَ اللَّهِ أَلَا أَقْتُلُهُ"

(رَوَاهُ الإمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ مَحْمُودِ بْنِ لَبِيدٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xotinini uchta taloqni jamlab taloq qilgan kishi haqida xabar berildi. U Zot g'azabnok holda o'rnilaridan turib: “Men oldilaringizda bo'lsam-u, Alloh taoloning Kitobi bilan o'ynashiladimi?!”,dedilar. U Zotning qattiq g'azablanganlaridan hatto bir kishi o'rnidan turib: “Yo Rasululloh, uni o'ldiraymi?” deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyatlari).

Taloqni ermak qilish, bo'lar-bo'lmas sabablar bilan ayolni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo'lishini unutmasligimiz zarur. Tilga erk berib, noo'rin “taloq” so'zini aytgan yoxud unda haddidan oshib, bir lafzda “uch taloq”, “ming taloq” yoki “qum taloq” kabi iboralar ila xotiniga taloq qilgan kishi ulkan gunohni amalga oshirgan, Alloh taoloning g'azabiga duchor bo'lib, shaytonni xursand qilgan bo'ladi.

Hozirgi kunda shariatdan bexabar ba'zi erlar ayollari bilan munosabatlari buzilsa, “Men endi ayolim bilan yashamayman, uni nafaqa bilan ham ta'minlamayman, talog'ini ham bermayman”, deydi. Bunda ayol na oilali bo'lmay, na eridan ajrala olmay, yillab arosatda qolib ketmoqda. Bunday qilishdan qaytarib Alloh taolo “Baqara” surasida shunday degan:

 وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا

ya'ni: “...Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).

Ayollarga bunday zulm qilish shariatimizning barcha ko'rsatmalariga ziddir.

Muhtaram azizlar! Oilaviy hayot kechirish dinimiz ko'rsatmalariga muvofiq bo'lsa, u haqiqatda mustahkam va bardavom bo'ladi. Bugungi kunda juma maruzalari, davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalari va turli tadbirlarda oilaning muqaddasligi, uni asrab avaylash zururligi, er-xotinning o'zaro haq-huquqlari kabi oilaga bog'liq masalalar haqida suhbatlar olib borilmoqda. Lekin ming afsuski, jamiyatda oilaviy ajrimlar tez-tez uchrab turibdi. Bu ajrimlarning o'ziga yarasha sabablari mavjud bo'lib, quyida ulardan ba'zilarini keltiramiz:

  • Er-xotin bir-birlarining huquq va majburiyatlarini bilmasliklari. Hozirgi kunda er-xotin haq-huquqlari borasida yozilgan adabiyotlar ko'p bo'lib, ulardan albatta oila qurish arafasidagi yoshlar foydalanishi zarur. Demak, har bir ota-ona to'ydan oldin farzandlarining faqat moddiy jihatlariga emas, balki ma'naviy dunyosi, diyonati, tarbiyasi va odob-axloqiga ko'proq e'tibor berishi lozim va lobuddir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadisi shariflarida shunday marhamat qilganlar:

"مَانَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ"

( رَوَاهُ الأمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْعَاصِ رضي الله عنه)

ya'ni:Ota o'z farzandiga yaxshi odobdan ko'ra afzalroq narsa hadya qila olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

  • Er-xotinlarning munosabatlarida sabr-toqat va o'zaro bag'rikenglikning etishmasligi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirish oilaviy munosabatlarga putur etkazadi. Shuni aytib o'tish joizki, er xotinining bir yomon xulqidan norozi bo'lsa, uning boshqa yaxshi tomonlari ham bor ekanligini unutmasin. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

 وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya'ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz! Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi 19-oyat).

Bu borada Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ"

(رواه الإمام مسلم)

ya'ni: “Mo'min er mo'mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko'rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo'ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, er xotinining ayrim fe'lidan g'azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko'z oldiga keltirib, shu bilan ko'nglini to'q qilib yurishi kerak ekan. Hozirgi paytda sabr, qanoat, bag'rikenglik, murosa kabi fazilatlar kamayib ketayotganday. Hozirda ba'zilarimiz oila qursa, tez fursatda uy-joyli bo'lsa, mashina olsada, darrov alohida uyli bo'lib, chiqib ketsa. Oila a'zolariga hurmat, qaynota-qaynonaning duolarini olish degan sharafli fazilatlarga e'tibor kamayib ketayotganday, go'yo.

  • Er-xotin hayotiga ba'zi ota-onalarning noo'rin aralashuvi. Mana shu narsa hozirgi kundagi yosh oilalarning buzilishiga eng katta sabablardan biri bo'lmoqda. Yosh oilalardan ko'pincha “men ayolim bilan yaxshi munosabatdaman, lekin ota-onam kelin bilan murosa qilolmayapti”, – degan gaplarni eshitamiz. Hatto farzandiga: “Kelinga javobini bermasang, seni oq qilamiz”, – deb aytayotgan ota-onalar ham bor. Ming afsuslar bo'lsinki, taloqning kelib chiqishiga ko'p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo'lgan shaxslar – ota-onalar sababchi bo'lib qolishmoqda. Shuni yaxshi bilish lozimki, ota-ona farzandini ayoliga talog'ini berishga majburlashga haqqi yo'q. Aksincha yoshi kattalar yoshlarni sabr va shukrga chaqirib, oilani saqlab qolishga targ'ib qilishlari kerak. Har bir musulmon farzand ota-onasini rozi qilish uchun qo'lidan kelgan barcha yaxshiliklarini qilishi shart. Ammo ota-onasi xohlamay qolgan, lekin risoladagidek ayolni talog'ini berish mumkin emas. Balki ularning o'rtasini isloh qilib, adolat bilan ish tutib, oilasini saqlab qolish ayni muddaodir.
  • Telefon va internetdagi “hayosizliklar” oilani barbod bo'lishida asosiy sabablardan yana biridir. Bu masala ham erkak, ham ayolga tegishlidir. Ma'lumki, telefon va internet olami – Allohning bandalariga ato etgan ne'matlaridan biridir. Uzoqdagi yaqinlar bilan aloqa, katta hajmdagi kutubxona hamda ish faoliyatdagi qulayliklar va hokazo. Biroq, bu ne'matni kimlardir fitna, buzg'unchilik, buzuqlik, hayosizlik manbalariga aylantirib ulgurdilar. Nomahram insonlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda suhbatlashuvlar natijasida aksar oilalar buzilmoqda. Alloh taolo bunday holatdan qaytarib, shunday degan:

 قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

ya'ni: (Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).

  • Oilalar parokanda bo'lishiga jiddiy sabablardan yana biri bu – molparastlikdir. Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Har bir ummatning fitnasi (sinovi) bor. Ummatimning fitnasi molu dunyodir”. Hadisi sharifga e'tibor bering. Molu-dunyo – bizga berilgan sinov ekan. Mana shu sinovda kelajagimiz bo'lgan yoshlarning hayotini barbod qilish, ularni bebaxt qilish yaxshimikan? Arzimagan matolarni deb farzandlarini baxtsiz qilib qo'yayotgan ota-onalar afsuski, kun sayin ko'payib bormoqda. Aslida baxtu-saodat, oilaviy farog'at degani faqat molu-dunyo bilan o'lchanmaydi. Iqtisodiy imkoniyat keng bo'lgani bilan ma'naviy jihatdan inson qashshoq bo'lishi – baxtsizlikdir.

Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh: “Baxtsizlikning nishonasi quyidagi narsalarda ko'rinadi:  besharm va behayo bo'lish, ko'ngli qattiq va dag'al bo'lish, molu dunyoga haddan ortiq mukkasidan ketish”, – der edilar.

Azizlar! Mast qiluvchi ichimliklar, giyohvandlik, behayolik va zino kabi shariatimiz qattiq va qat'iy qaytargan ishlarni qilish oqibatida ham juda ko'p oilalar buzilmoqda. Nogiron farzandlar dunyoga kelmoqda. Ba'zi erkaklar ichkilikbozlik yoki giyohvandlikni odat qilib, oila tinchligiga putur etkazadi, oxiri taloq vujudga kelib, oila parokanda bo'ladi. Natijada xotin beva, bolalar esa tirik etimga aylanadi. Gunoh ustiga gunoh bo'lib, oila buzilishi qarindoshlar notinchligi, jamiyat zaiflashuviga olib keladi.

Shunday ekan, barchamiz birgalikda ushbu omillarning oldini olishimiz lozim. Farzandlarimizga oila madaniyati va oilaviy munosabatlarni yoshlik paytidanoq o'rgatib borishimiz kerak. Shunda oilalarimiz tinch, hayotimiz farovon, yurtimiz obod va jamiyatimiz ma'nan sog'lom bo'ladi, inshaalloh.

Alloh taolo barchalarimizni farzandlarimizning baxt-saodati yo'lida fidoyilik ko'rsatib, ularga hayotiy tajribalarimizni erinmay o'rgatadigan ota-onalardan bo'lishga muvaffaq qilsin! Omin!

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Nafs tarbiyasi – saodat kalitihaqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2016   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.