الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ الْحَكِيمِ "إِنَّ اَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُم" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الْكَرِيمِ الَّذِي كَانَ يَقُولُ "وَاللهِ إِنِي أَخْشَاكُمْ لِلَّهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ"وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ.
HIKMATNING BOShI – ALLOHDAN QO'RQIShDIR!
Muhtaram jamoat! Bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan, uni Alloh taoloning huzurida hurmat topishiga sabab bo'ladigan eng ulug' fazilat, bu – taqvodir. “Taqvo” arabcha so'z bo'lib, lug'atda “saqlanmoq”, “ehtiyot bo'lmoq” ma'nolarini anglatadi. Ulamolarimiz taqvoga turlicha ta'riflar berganlar. Ularning eng mashhuri esa, kishi Alloh taoloning azobidan saqlanishi uchun, nafsini kattayu kichik gunoh va ma'siyatlardan tiyishi – taqvodir deyilgan.
Bir kishi mashhur sahobai kirom Abu Hurayra roziyallohu anhudan taqvo haqida so'radi. Shunda u zot: “Sen tikonli yo'ldan yurishga majbur bo'lib qolsang nima qilasan?” dedilar. Haligi odam: “Agar shunday yo'ldan yurishim kerak bo'lib qolsa, ehtiyot bo'lib, tikonlarni bosib yubormaslikka harakat qilaman yoki yo'lning eng chetidan asta yurib o'tib olaman yoxud u yo'ldan umuman yurmay ortimga qaytib ketaman” dedi. Shunda Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Mana shu ishing taqvodir” dedilar.
Alloh taolo Qur'oni karimning bir yuz etmish beshta o'rnida “taqvo” haqida so'z yuritgan. Taqvo qilgan kishiga ko'plab ajru savoblar va yuksak martabalar va'da qilingan. Jumladan, Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
إِنَّ اللَّهَ مَعَ الَّذِينَ اتَّقَوْا وَالَّذِينَ هُمْ مُحْسِنُونَ
ya'ni: “Albatta, Alloh taqvoli bo'lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir” (Nahl surasi 128-oyat).
Taqvo qilgan kimsaning ishlarini Alloh taolo O'zi oson qilib qo'yadi. Bu haqda shunday marhamat qilgan:
وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مِنْ أَمْرِهِ يُسْرًا
ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, (Alloh) uning ishini oson qilur” (Taloq surasi 4-oyat).
Taqvo qilish gunohlarga kafforat bo'ladi. Alloh taolo bu haqda bunday degan:
وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يُكَفِّرْ عَنْهُ سَيِّئَاتِهِ وَيُعْظِمْ لَهُ أَجْرًا
ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, uning yomonlik (gunoh)larini o'chirur va uning mukofotini buyuk qilur” (Taloq surasi 5-oyat).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan insonlarni jannatga eng ko'p qaysi amal kiritadi deb so'ralganda, U Zot: “Allohga taqvo qilish” deb javob berdilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Qayerda va qaysi joyda bo'lishimizdan qat'iy nazar Allohdan qo'rqishga chaqirib Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إتَّقِ اللهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي ذرٍّ رَضِيَ اللَّهُ عنهُ)
ya'ni: “Qayerda bo'lsangiz ham, Allohga taqvo qiling, agar birorta gunoh qilsangiz albatta, uning ortidan biror savobli ishni qilinki, qilgan gunohingizni o'chirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, taqvodor kishi o'zi yolg'iz bo'lsin yoki ko'pchilik ichida bo'lsin, nima ish qilsa ham uni Alloh taolo ko'rib turganini his qilgan holda ish qiladi.
Hazrati Ali karramallohu vajhahu taqvo haqida shunday deganlar:
التقوَى: هي الخوفُ مِنَ الجليلِ، والعَمَلُ بالتَّنزيلِ، والقناعةُ بالقليلِ، والاستعدادُ لِيومِ الرَّحيلِ
ya'ni: “Taqvo bu – (har bir ishda) Allohdan qo'rqish, Qur'ondagi ko'rsatmalarga amal qilish, oz narsaga qanoat qilish va dunyodan ketar kun uchun tayyorgarlik qilishdir”.
Demak, boriga qanoat qilib, dunyo to'plashga mukkasidan ketmaslik taqvodorlikning bir ko'rinishi ekan.
Taqvoli kishi nazarini Alloh qaytargan narsalardan tiyishi kerak. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
يَا عَلِيُّ لا تُتْبِعْ النَّظْرَةَ النَّظْرَةَ فَإِنَّ لَكَ الأُولَى وَلَيْسَتْ لَكَ الآخِرَةُ
(رواه الْإِمَامُ الترمذي عن جابر رَضِيَ اللَّهُ عنهُ )
ya'ni: “Hoy Ali birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Chunki birinchisi sen uchun (Ya'ni, beixtiyor bo'lgani uchun unga javobgar emassan) ikkinchisi esa seni ziyoninggadir” dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, kishi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish asnosida yoki ko'cha-ko'yda yurishda ko'zini hadisda bayon qilingandek boshqarishi o'ziga xos jasorat va taqvodorlik belgisi hisoblanadi.
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytganlar:
لَيْسَ تَقْوَى اللَّهِ بِصِيَامِ النِّهَارِ، وَلَا بِقَيَامِ اللَّيْلِ، وَالتَّخْلِيطِ فِيمَا بَيْنَ ذَلِكَ،
وَلَكِنَّ تَقْوَى اللَّهِ تَرْكُ مَا حَرَّمَ اللَّهُ، وَأَدَاءُ مَا افْتَرَضَ اللَّهُ
ya'ni: “Kunduzlarini ro'za tutib, kechalarini namoz o'qib, boshqa payt gunohni sodir etish Allohga taqvo qilish emas. Haqiqiy taqvo – Alloh harom qilgan narsani tark etish, U Zot buyurgan narsani bajarishdir” (“Az-Zuhdul kabir” kitobi).
Taqvodor kishi qancha savobli amal qilsa ham uni oz deb biladi. Ana o'shanda qilgan ezgu amallari qabul bo'lishga yaqin bo'ladi. Unvonul bayon kitobida quyidagi hikmat yozilgandir:
إِكْمَالُ الْعَمَلِ اِسْتِقْلاَلُهُ
ya'ni: “Amalni mukammal qilish – uni oz sanash bilan bo'ladi”.
Demak, taqvodor kishi qancha savobli-ezgu amallarni mukammal qilsa ham oxirida “Bu amalni a'lo darajada bajara olmadim, mendan boshqa kishi bo'lganda bu ishni juda chiroylik va mukammal bajarar edi” deb qo'yishi – amalidan g'ururlanishni ketkazadi. Natijada, ado etgan amalning savobini yo'qqa chiqaradigan narsalardan omonda bo'ladi.
Muhtaram azizlar! Taqvo oxirat safari uchun eng yaxshi ozuqadir. Kumayl ibn Ziyod rivoyat qiladilar: “Hazrati Ali raziyallohu anhu bilan birga Jabbon qabristoni yonidan o'tib qolganimizda, u kishi qabristonga qarab: “Ey qabrlarda yotganlar, ey qorong'uliklarda yolg'iz qolganlar, sizlarda nima gap? Bizdan so'rasangiz, mollaringiz taqsimlandi, bolalaringiz etim qoldi, xotinlaringiz boshqa turmush qurishdi. Bizda ana shunday xabarlar. Sizlarda qanday xabarlar bor?” – deb so'radilar. So'ngra menga qarab: – Ey Kumayl, agar ularga javob qilish uchun izn berilganida: “(oxirat safariga) ozuqa olib keling, eng yaxshi ozuqa taqvodir”, deb aytishgan bo'lar edi, – dedilar. Keyin esa yig'lab, bunday dedilar: “Ey Kumayl, qabr amallar sandig'idir. Buni faqat o'lganingdan so'ng bilasan...”.
Imom Abu Lays Samarqandiy “Mukoshafatul qulub” asarida shunday deganlar: “Allohdan qo'rqishning alomati etti narsada namoyon bo'ladi”. Ular:
Muhtaram jamoat! Taqvoning samarasi kishining o'ziga va farzandlarining solih insonlar bo'lib etishishiga albatta ta'sir qiladi. Bunga o'tgan salafi solihlarimizdan juda ko'plab misollar keltirish mumkin. Masalan, buyuk muhaddis olim Abdulloh ibn Muborak rahimahullohni olib qarasak, u zot ilm, fazilat va parhezkorlikda benazir inson edilar. Imom Navaviy u zot haqlarida: “Abdulloh ibn Muborak hamma ulug'liklarni o'zida jamlagan imomdir” deganlar.
Ushbu buyuk zotning otasi – Muborak juda taqvoli kishi bo'lgan edi. U kishi o'z xojasini bog'ida bog'bonlik qilar edi. Bir kuni xojasi kelib unga: “Shirin anordan olib chiqing” – dedi. Muborak bir daraxtdan anor keltirib beradi. Hojasi uni eb ko'rganda nordon chiqadi. Shunda, “Sizga shirin anor desam, nordon anorni keltiribsiz, shirin anor keltiring” – dedi. Muborak boshqa daraxtdan anor keltiradi. Hojasi uni yorib ko'rganda yana nordon bo'lib chiqadi. Ho'jayinni bundan g'azabi keladi. Bu holat uch bora takrorlanadi. Shundan so'ng Muborakka xo'jayini: “Bir qancha muddatdan beri shu bog'da xizmat qilib, shirin anor qaysi daraxtda, nordon anor qaysi daraxtda ekanini bilmaysanmi?” – dedi. Muborak: “Yo'q” – deb javob berdi. Mavlosi: “Nima uchun” – dedi. Muborak: “Siz menga bu bog'dagi xizmatlarni qil degansiz, anorlaridan eyishimni aytmagansiz. Shuning uchun men qaysi anor shirin va qaysi anor nordonligini bilmayman” deb javob berdi. Shunda, xo'jayini Muborakni parhezkorliklariga qoil qolib: “Men hali mana shunday taqvodor va parhezkor kishini xizmatkor qilib yuribmanmi?” deb, Muborakni xizmatdan ozod qilib, bir soliha qizini Muborakka nikohlab beradi. Mana shu parhezkor juftlikdan buyuk olim va muhaddis Abdulloh Ibn Muborak dunyoga keladilar.
Shunday ekan, har bir kishi nima ish qilishidan qat'iy nazar Alloh taolo ko'rib turganini his qilib, o'zgani haqqidan, ayniqsa xalqning haqini eyishdan o'zini ehtiyot qilish ayni muddaodir. Zero, jamiyatning mulkini ehtiyot qilish, asrash va unga ziyon etkazishdan tayilish lozimdir. Chunki, bir shaxsning mulki uchun bu dunyoda faqat o'sha inson oldida javobgar bo'linsa, jamiyat mulkiga butun xalq oldida javob berishga to'g'ri keladi. Oxiratdagi javobgarligi esa, alamli bo'ladi.
Alloh taolo barchamizni O'zidan qo'rqadigan, taqvodor va parhezkor bandalaridan aylab, dunyo va oxiratimizni obod qiladigan solih amallarga muvaffaq qilsin! Omin!
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.