Shu yil 10 dekabr' kuni mamlakatimizdagi markaziy ommaviy axborot vositalari uchun “Hazrati Imom” majmuasiga press-tur uyushtirildi. Ushbu uchrashuv Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
OAV xodimlari dastlab “Hazrati Imom” jome masjidining qurilish tarixi va hozirgi holati bilan yaqindan tanishdilar. So'ng Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi ziyorat qilishdi. Bu erda Qur'oni karim tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi. Keyin Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti o'quv va ta'lim jarayonlari haqida ma'lumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari “Hazrati Imom” majmuasidagi Baroqxon madrasasi va u erdagi hunarmandchilik ko'rgazmasini tomosha qilishdi. Shundan so'ng mehmonlar Mo'yi muborak madrasasida bo'lib, u erdagi Hazrati Usmon Mushafi va qadimiy qo'lyozma manbalarni ziyorat qilishdi.
Tadbir so'ngida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov so'nggi yillarda yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada qilinayotgan ishlar, obod etilayotgan muborak qadamjolar, xususan, “Hazrati Imom” majmuasi to'g'risida so'zlab berdi.
Ushbu press-turda yurtimizdagi 30 ga yaqin ommaviy axborot vositalari, jumladan, “O'zbekiston 24”, “Sevimli”, “O'zReport TV”, “Madaniyat va ma'rifat”, “Zo'r TV”, “Mening yurtim” telekanallari; “Mahalla”, “Oriyat Dono” radiokanallari; O'zbekiston Milliy axborot agentligi; “Oila davrasida”, “Darakchi”, “Halq so'zi”, “Yangi O'zbekiston” gazetalari hamda Internet saytlari vakillari ishtirok etdi.
Tashrif so'ngida mehmonlarga O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nashr etilgan “Hazrati Imom”, “Vijdon erkinligining huquqiy asoslari” nomli kitoblar, “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetasi sonlaridan sovg'a qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bu insonni Misrda hamma taniydi, u shunchalik boyki, sepgan atirini hidiga oshiq bo‘lmay iloji yo‘q. Yonimizdan o‘tsa atir hidi boshqalarga ham o‘rnashib qolarli edi.
E’tikofda o‘tirgan vaqtimiz, o‘sha inson yonimga kelib, "Sizga savolim bor", dedi.
Men ham bajonidil savol javobga tayyorligimni aytdim, ancha suhbatlashdik.
Keyin u insonga o‘zimni qiziqtirgan bir ikki savollarimni berdim:
E’tikofda necha kun bo‘lasiz, ya’ni sizni ishingiz juda ko‘p, ishlaringiz bois kirib chiqib turasizmi?
Yo‘q, o‘n kun o‘tiraman.
Ha, demak telefon orqali boshqaruv qilsangiz bo‘lar ekan-da, sababi biz bilishimiz-cha sizda katta bizneslar va ularni boshqarish bor.
U odam esa bir past sukut qilgach, yig‘lab yubordi.. Masjidga telefonsiz kelganman…
Noo‘rin savol berganimdan xijolat bo‘lib, uzr so‘radim, shunda qarshimdagi inson o‘z o‘tmishidagi voqeani bayon qildi.
Bundan bir necha yil oldin, 3-4 kishi sherikchilikda, ya’ni ulardan pul olib bir ish boshlagandim, kutilmaganda ishimiz o‘xshamay, inqirozga uchradi.
Keyin qo‘l telefonimga ertalab soat 8:00 da mahkamaga borib, 8000 misr funtini to‘lashim kerakligini, yo‘qsa qamalishim haqida xabarnoma keldi.
Shunchalik tushkunlikka tushdimki, bir ahvolda uyga kirdim. Ayolim meni ko‘rib «nima bo‘ldi» dedi, men indamay yotog‘imga kirib yotdim.
Ayolim soliha, u menga ortiqcha savol bermadi, har gal tushkunlikka tushsam bilamanki, ayolim o‘sha zahoti tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qib uzoq-uzoq duo qiladi.
Shu yotishda shiftni bir nuqtasiga termildim, bir payt turay desam orqam go‘yo yerga yopishib qolgandek og‘irlashib ketibman.
Tursam fajrga yarim soat qolibdi. Es hushimni yig‘dim-da, taxorat olib ikki rakat namozga kirishdim. Sajdada shunchalik qattiq Allohga yolvorib yig‘ladimki, nafasim chiqmay qolish darajasida edim.
Bir payt nazarimda xuddi Alloh o‘z qo‘li bilan yelkamga turtib «Bo‘ldi Muhammad», degan ishorani sezdim. To‘xtab qoldim, qalbim qandaydir osuda va tinch bo‘lib qoldi.
Bomdodni o‘qib duolarni qilib kirdim-da, o‘rnimga yonboshladim.
Ko‘zimni ochsam peshinga azon chaqiryapti…
Boshim qattiq og‘rigan, mahkamaga esa vaqt o‘tib ketgan.
Imom aytadi: «O‘rnida men bo‘lsam nima qilardim. Turibla mahkamaga choparmidim, holatni tushuntirib, uzr xol aytarmidim...».
Peshin azonini eshitib, masjidga oshiqdim. Jamoa bilan namozni ado qilgach, duolar qildim, hammadan keyin chiqib oyoq kiyimimni kiyayotsam, chetroqda bir kishi menga qarab turganini payqadim. Atrofga qarasam hamma ketib bo‘lgan.
Menga qarab turibsizmi? deb savol berdim.
Ha, sizni kutib turgan edim. Yonimga keldi, salom-alikdan keyin:
«Meni tanimasangiz ham kerak, falon yili siz va yana boshqalar bilan o‘rtada tijorat boshlagandik, keyin kasod bo‘ldik, pulni qanchadir qismini men to‘lashim kerak bo‘lgan. Holatimni bilgach, siz oradan chiqavering, o‘zim o‘rningizga to‘layman, degansiz. Keyin meni ham ishlarim yaxshi bo‘lib ketdi va hozir o‘sha haqni 10.000 funt olib keldim».
Hayratdan qotib qoldim!
Imomga aytilgan bu voqeadan ta’sirlanmay iloji yo‘q.
Agar siz va bizning boshimizga shunday sinov kelsa nima qilardik.
Avvalo telefon orqali tanish bilishdan najot axtarib, mahkamaga tishi o‘tuvchilarni qidirarmidik.
Yoki najotni ikki rakat namoz bilan boshlab, azon chaqirig‘iga labbay dermidik?
Bir haqiqat bor!
Tijoratni Alloh bilan qilgan inson boy bo‘lmaslikning iloji yo‘q! Chunki u eng og‘ir vaziyatda ham O‘ziga yuzlanadi. O‘zi uchun atagan haqlarni ado qiladi…
Sizning tijoratingiz kim bilan...?
Internet manbalari asosida tayyorlandi