Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Qur'on ilmlari: MUTAShOBIH SIFATLAR BO'YIChA SALAF VA HALAFLARNING TUTGAN YO'LLARI

11.12.2020   3402   31 min.
Qur'on ilmlari: MUTAShOBIH SIFATLAR BO'YIChA SALAF VA HALAFLARNING TUTGAN YO'LLARI

SURALARNING AVVALIDAGI HARFLAR VA MUTAShOBIH SIFATLAR

Avval o'tgan sahifalarda mutashobihning lug'atdagi va istilohdagi ma'nolari, turlari va boshqa unga bog'liq narsalarni qo'ldan kelganicha o'rganib o'tdik. Endi esa bu boradagi eng nozik, eng qiyin va eng chigal mavzulardan ikkitasi – suralarning avvalidagi harflar hamda mutashobih sifatlar haqida alohida so'z yuritishga harakat qilamiz.

SURALARNING AVVALIDAGI HARFLAR

Qur'oni Karimning suralari bir yuz o'n to'rtga bo'lib, ulardan yigirma to'qqizta sura so'zlar bilan emas, harflar bilan boshlangan. Bu harflarga turlicha nomlar berilgan: ba'zilar «al-huruful-muqotto'at» – «kesik harflar» desalar, boshqalar «huruful-hija» – «alifbo harflari» deydilar, uchinchilari esa «favatihus-suvar» – «suralarni ochuvchilar» deydilar. Biz mazkur nomlardan mashhur bo'lgani «kesik harflar», ya'ni «ma'nodan uzilgan harflar» mazmunidagi istilohni tanlashni ma'qul ko'rdik.

Kesik harflar mazkur yigirma to'qqiz surada turlicha kelgan. Biz ularni eng ko'p kelgan shakllaridan boshlab keltiramiz.

  1. Uch harfdan iborat kesik harflar bilan o'n uchta sura boshlangan:

«Alif laam miim» – Baqara surasi.

«Alif laam miim» – Oli Imron surasi.

«Alif laam miim» – Ankabut surasi.

«Alif laam miim» – Rum surasi.

«Alif laam miim» – Luqmon surasi.

«Alif laam miim» – Sajda surasi.

«Alif laam ro» – Yunus surasi.

«Alif laam ro» – Hud surasi.

«Alif laam ro» – Yusuf surasi.

«Alif laam ro» – Ibrohim surasi.

«Alif laam ro» – Hijr surasi.

«To siin miim» – Shuaro surasi.

«To siin miim» – Qosos surasi.

  1. Ikki harfdan iborat kesik harflar bilan to'qqizta
    sura boshlangan;

«To ha» – Toha surasi.

«To siin» – Naml surasi.

«Ya siin» – Yosin surasi.

«Ha miim» – G'ofir surasi.

«Ha miim» – Fussilat surasi.

«Ha miim» – Zuxruf surasi.

«Ha miim» – Duxon surasi.

«Ha miim» – Josiya surasi.

«Ha miim» – Ahqof surasi.

  1. Bir harfdan iborat kesik harflar bilan ikkita sura
    boshlangan;

«Sod» – Sod surasi.

«Nun» – Qalam surasi.

  1. To'rt harfdan iborat kesik harflar bilan ikkita
    sura boshlangan;

«Alif laam miim sod» – A'rof surasi.

«Alif laam miim ro» – Ra'd surasi.

  1. Besh harfdan iborat kesik harflar bilan ikkita sura
    boshlangan;

«Kaaf haa yaa 'ayn sood» – Maryam surasi.

«Ha miim 'ayn siin qoof» – Shuro surasi.

Ushbu suralarning avvalida kelgan harflar haqidagi ma'lumotlarni zehn solib o'rganiladigan bo'lsa, ularning birinchi majmuasi – yarmiga yaqini, ya'ni o'n uchtasi uch harfdan tashkil topgan. Mazkur adad arab tilidagi so'zlarning eng ko'pi uch harfdan iborat bo'lishiga ishoradir, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ikkinchi o'rinda ikki harfdan iborat kesik harflar to'qqizta surada kelmoqda. Arab tilida ham uch harfli so'zlardan keyin ikkinchi o'rinda ikki harfli so'zlar turadi.

Keyingi o'rinlarda bitta, to'rtta va beshta harfdan iborat kesik harflar kelgan. Arab tilida ham shu adaddagi harfli so'zlar nisbati mulohaza qilinadi.

Arab alifbosidagi harflar Abulabbos Mubarradning fikriga ko'ra yigirma sakkiz harfdan, Sibavayhning so'-ziga binoan yigirma to'qqiz harfdan iborat. Suralarning avvalida kelgan alifbo harflari esa jami o'n to'rtta bo'lib, ular 29 ta surada kelgan. Shunga ko'ra, ishtirok etgan harflarning umumiy adadi bir qavlga ko'ra jami arab harflari adadining yarmiga to'g'ri kelsa, ikkinchi qavlga ko'ra, ular bilan boshlangan suralar soni arab harflarining adadiga to'la mos keladi.

Qur'oni Karim ba'zi suralarning avvalida alifbo harflaridan ba'zilarini keltirish ila arablar o'z tarixi davomida hech qilmagan va bilmagan ishni yuzaga chiqardi. Shuning uchun ham bu harflar mutashobihning eng mashhur misollaridan biriga aylandi. Shuning uchun ham ulamolar qadimdan o'sha harflardan ko'zlangan murod nima ekani haqida ko'pgina ta'villar qildilar, ixtiloflarga tushdilar.

Ixtilofning asosiy sababi – ular haqida na Nabiy alayhissalomning o'zlaridan va na sahobai kiromlardan birorta ham rivoyat yo'qligidir. Shubhasiz, ular bu harflardan murod nimaligini yaxshi bilganlar, shuning uchun ham bir-birlaridan so'ramaganlar va rivoyat qilmaganlar. Sahobai kiromlarning odatlari – bilmagan narsalarinigina so'rar edilar. Ular ulug' zotlar bo'lib, elkalarida Islom dinini butun dunyoga tarqatishdek ulkan mas'uliyat yotganini to'liq tushunar edilar va asosiy e'tiborni shunga qaratardilar. Bilgan narsalari xususida tortishuvlarga toqatlari ham, vaqtlari ham yo'q edi.

Ulamolarning suralar avvalidagi harflar to'g'risidagi ixtiloflari ayeosan ikki qismga bo'linadi:

Birinchi qismga mansub kishilar ushbu harflarni berkitilgan ilm, o'ralgan sir, deydilar. Uning ilmini Alloh taolo O'ziga xos qilgan, uni insonlarga bildirmagan. Odamlar ularning ma'nolarini bilmaydilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu: «Har bir kitobda Allohning siri bordir. U Zotning Qur'ondagi siri suralarning avvalidagi harflardir», deganlar.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu esa: «Har bir kitobning sarasi bordir. Ushbu Kitobning sarasi hijo harflaridir», deganlar.

Ba'zi ulamolar bu harflarning sirini Allohga havola etadilar. Boshqalari esa: «Bu – Alloh bilan Nabiy alayhissalom o'rtaparidagi sir», deydilar.

Ikkinchi qismga mansub kishilar esa: «Ushbu ochuvchi harflardan qasd qilingan ma'lum ma'no bor. Inson uni idrok qilishi va bayon etishi lozim», deydilar.

Ularning aytishlaricha, Qur'oni Karim hidoyat Kitobidir. Hidoyat esa ma'noni fahmlash bilangina yuzaga chiqadi. Alloh taolo bizga uni tadabbur qilishni va undan hukmlar chiqarib olishni buyurgan. Agar ma'noni fahmlash oson bo'lmasa, tadabbur qilishning imkoni yo'q, hukm chiqarib olishning iloji yo'q. U Zot uni ochiq arab lisonida nozil etgan. Binobarin, uning barchasi fahmlanadigan bo'lishi lozim. U Zot uni oxiriga etgan hikmat, qalblardagi dardlarga shifo, nur va ochiq-oydyn Kitob, rahmat va iymon keltiradigan qavm uchun eslatma qilgan. Bunday bo'lishi uchun esa albatta, fahmlanishi, idrok qilinishi oson bo'lishi kerak.

Bu yo'nalishdagi kishilarga ulamolarning juda ko'plari, mutakallimlar, mufassirlar va boshqalar kiradilar.

Imom Roziy aytadi: «Bilki, albatta, mutakallimlar bu gapni (birinchini) inkor qildilar va: «Alloh taoloning Kitobida xalqqa tushunarli bo'lmagan narsa kelishi joiz emas», dedilar. Bu gaplariga oyatlardan, xabarlardan va aqldan hujjatlar keltirdilar».

Ammo bu gapning egalari va ularni qo'llovchilarning suralarning avvalidagi harflar to'g'risidagi gaplari turlicha bo'lib, ularni ta'vil qilishda va ulardan ko'zlangan maqsad haqida juda ham keng miqyosda ixtilof qildilar. Hattoki imom Roziyning aytishicha, ularning bu boradagi aytgan gaplari yigirma bittaga etdi. Ularning ko'pchiligi hech qanday dalil va hujjati yo'q taxmin hamda gumondan boshqa narsa emas.

Ulardan ba'zilarini eslab o'tamiz.

  1. Bu harflar o'zlari bilan boshlangan suralarning ismlaridir. Huddi muayyan narsaga ularni tanib olish uchun qo'yilgan ismlarga o'xshaydi. Agar bir kishi «Sod»ni yoki «Qof»ni o'qidim, desa, ushbu ism bilan nomlangan surani o'qiganini tayin qilgan bo'ladi.

Agar ma'lum harflar «Alif laam mim»ga o'xshab, birdan ortiq suraning avvalida kelgan bo'lsa, ularning orasini ajratish uchun suraning mushtarak bo'lmagan ismi qo'shib aytiladi. Misol uchun, «Alif laam mim – Baqara» yoki «Ha mim – Sajda»ga o'xshash.

Ushbu fikrni ushlaganlar orasida imom Roziy, Halil, Sibavayh va boshqalar bor.

  1. Ushbu harflardan ko'zlangan maqsad bor. Bu gapni
    aytganlar ham o'sha ko'zlangan maqsad haqida bir necha xil
    gaplarni aytadilar.

A) Ko'pgina tafsirchilar, ayniqsa tafsirchilarning keyingi avlodi: «Ba'zi suralarning mazkur harflar ila boshlanishi arablarga «Qur'on sizlar ishlatib yurgan «alif», «lam», «mim»ga o'xshash harflardan tuzilgan. Qo'llaringizdan kelsa, sizlar ham shunga o'xshash narsa tuzinglar-chi», degan ma'noni anglatish uchun qilingan», deganlar.

Qur'oni Karim nozil bo'layotgan davrda arablar o'zlarining so'zga ustaliklari bilan faxrlanib yurar edilar. Shoirlar hamda so'z ustalari mo''tabar shaxslar hisoblanar edilar. Doimo she'rxonlik, va'zxonlik bo'yicha musobaqalar o'tkazib turilardi. Hatto g'olib shoirlarning she'rlari Ka'bai muazzamaning devoriga osib qo'yilardi. Qur'oni Karim ularning nozik joylaridan tutib: «Agar so'z ustasi ekaningiz rost bo'lsa, o'zingiz ishlatib yurgan oddiy harflardan tuzilgan Qur'onga o'xshash narsa keltiring-chi», dedi.

Bu xuddi tuproqning misoliga o'xshaydi. Oddiy tuproqdan kimdir loy qilib, g'isht quyadi, kimdir sopol idishlar yasaydi va hokazo. Lekin Alloh taolo ushbu oddiy tuproqdan insonni yaratdi, unga jon ato etdi. Shunga o'xshab, arab alifbosining oddiy harflaridan arab so'z ustalari she'r to'qiydilar, va'zxonlik qilib, odamlarni qoyil qoldiradilar. Ammo Alloh taolo o'sha harflarning aynan o'zidan hamma-hammani ojiz qoldiruvchi Qur'onni nozil qildi!

B) Abu Ishoq Zajjoj va boshqalar: «Suralarning avvalida kelgan hijo harflaridan har birida Alloh taoloning ismlaridan yoki sifatlaridan biriga ramz bor», deydilar. Misol uchun, «Alif laam mim» – «Ana Allohu a'lam» (Men biluvchi Allohman) va hokazo.

Ushbular suralarning avvalida kelgan harflar haqida kelgan ba'zi fikrlardan namunalardir. Haqiqatni esa Alloh taoloning Uzi biladi.

 

ALLOH TABORAKA VA TAOLONING

MUTAShOBIH SIFATLARI

Mutashobih sifatlar deganda, Alloh taoloni sifatlab kelgan, ammo sirtdan qaraganda, U Zot taologa nisbat berib bo'lmaydigan oyatlarning ma'nosi ko'zda tutiladi. Mutashobih sifatlar mavzusi eng noziya masalalardan bo'lib, ularni ta'vil qilishda muhkamga murojaat qilish va zohiriy (lug'aviy) ma'nolaridan boshqa tomonga burish vojibdir.

Ahli sunna va jamoa mazhabi aqiydaga oid narsalarni muhkam oyatlardan va o'ta ishonchli aqliy dalillardan olinishiga ittifoq qilganlar. Shuningdek, oyat va hadislarda sirtidan muhkam oyatlar va o'ta ishonchli aqliy dalillar to'g'ri deb topgan aqiydaga xilof narsa kelsa, ularning zohiriy ma'nosi Alloh taoloning va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning murodi emas, deb e'tiqod qilish vojibligiga ittifoq qilingan.

Ushbu mavzu Allohning tavhidiga, U Zotni poklash vojibligiga va musulmon bandaning aqiydasiga hamda iymonining to'g'riligiga bevosita bog'liq bo'lgani uchun ham eng nozik mavzu hisoblangan. Aynan shu sababdan bu mavzu islomiy mazhablar va guruhlar orasidagi eng ko'p tortishuvlar va ixtiloflarga sabab bo'lgan. Ming afsuslar bo'lsinki, ko'pgina guruhlar bu mavzuda adashib, sifatlar haqidagi oyatlarning sirtqi ma'nosini olib, Alloh taoloni U Zotga loyiq bo'lmagan jism va boshqa narsalar bilan sifatlab, zalolatga yuz tutdilar. Yoki ularni botil ta'vil qilib, yo'ldan adashdilar.

Imom Faxriddin Roziy bu haqda o'z tafsirida quyidagilarni yozadi:

«Odamlarning jumhuri nazdida davom etib kelayotgan qonun shulki, go'yoki ularning mazhabiga to'g'ri kelgan har bir oyat muhkamdir. Ularga xilof bo'lgan har bir oyat mutashobihdir. Ammo muhaqqiq va insofli kishining nazdida oyatlar uch qismdan iboratdir:

  1. Zohiri aqliy dalillar bilan ta'kidlangan narsa haqiqiy muhkamdir.

Zohirini ta'kidlash imkoni yo'qligiga qat'iy dalillar sobit bo'lgan narsa haqida bu erda Allohning murodini bilib bo'lmaydi, deb hukm qilinadi.

  1. Ushbu dalillarning sobit bo'lishiga yoki bo'lmasligiga dalolat qilmagan narsalar haqida hukm chiqarishdan to'xtash kerak bo'ladi. Ana o'sha narsa mutashobihdir. Ya'ni ishi shubhali bo'lib, ikki tarafdan birini aniqlab bo'lmaydigan holda bo'ladi.

Mana shu to'g'ri yo'ldir. Ayni shunday fikrlash ila mo''tadil ko'zqarash vujudga keladi. Ana shunga avval o'tgan va keyin kelgan musulmon ulamolar jumhuri rozi bo'lganlar».

 

MUTAShOBIH SIFATLAR BO'YIChA SALAF VA HALAFLARNING TUTGAN YO'LLARI

Salaflar – Islomning avvali, ya'ni birinchi asrlarida o'tgan sahobalar, tobe'inlar, taba'a tobe'inlar.

Halaflar – salaflardan keyin kelgan musulmonlar avlodi.

Ulardan har birining mutashobih sifatlar haqida o'zlarining tutgan yo'llari bo'lgan. Kelasi satrlarda ana shu yo'llarning har biri bilan alohida-alohida tanishib chiqamiz.

 

MUTAShOBIH SIFATLAR VA SALAFLAR

Alloh taoloning ismlari va sifatlarini musulmonlar ichidan birinchilardan bo'lib aqoid ilmi ulamolari chuqur o'rganganlar. Aqoid ilmi ulamolarining barchasining – eskilarining ham, yangilarining ham, salaflarining ham, xalaflarining ham bu izlanishdan maqsadlari bitta – Alloh taoloni noloyiq sifatlardan poklash bo'lgan.

Salaflarning arab tilini bilish va dinyy e'tiqod darajalari oliymaqom bo'lganini hamma juda yaxshi biladi. Buning ustiga, ularning vaqtida turli ixtiloflar, firqalar, falsafalar bo'lmagan, bo'lsa ham, kuchsiz va ta'sirsiz bo'lgan. Shuning uchun ular boshqa ilmlardagi kabi, aqoid ilmida ham turli urinishlarga muhtoj bo'lmaganlar.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi o'zlarining «Al-Fiqhul-Akbar» nomli kitoblarida quyidagilarni aytadilar:

«U Zot O'z maxluqotlaridan hech narsaga o'xshamaydi. U Zotga Uning maxluqotlaridan hech narsa o'xshamaydi. U Zotning sifatlarining barchasi maxluqlarning sifatining xilofidir. U Zot bizning ilmimizga o'xshamas ilm bilan biladi. U Zot bizning qudratimizga o'xshamas kudrat ila qodir bo'ladi. U Zot bizning ko'rishimizga o'xshamas ko'rish ila ko'radi. Alloh taolo Qur'onda yuz, qo'l va nafsni zikr qilgan bo'lsa, ular U Zot uchun kayfiyati yo'q sifatlardir».

Imom Buxoriyning shayxi Nuaym ibn Hammod Huzo'iy quyidagilarni aytgan:

«Kim Allohni U Zotning maxluqotlariga o'xshatsa, batahqiq, kofir bo'libdi. Kim Alloh Uzini vasf qilgan narsani inkor qilsa, batahqiq, kofir bo'libdi. Alloh va U Zotning Rasuli U Zotni vasf qilgan narsada o'xshatish yo'q. Kim Alloh taolo uchun ochiq-oydin oyatlar va sahih xabarlarda kelgan narsalarni Allohning jaloliga loyiq ravishda sobit qilsa va Allohdan nuqsonlarni qaytarsa, batahqiq, hidoyat yo'liga yuribdi».

Avval ta'kidlab o'tganimizdek, bu ma'noda ham salaf, ya'ni o'tgan musulmon avlodlar va ulamolarning tutgan yo'llari bor narsani o'zicha qabul qilish, boshqa narsa haqida o'ylab ham o'tirmaslik bo'lgan. Bu masala «Arshga istivo» masalasi nomi bilan mashhurdir. Chunki bu haqdagi oyati karimalarda «Alal-Arshi istava» birikmasi Alloh taologa nisbatan ishlatiladi. Agar matnni so'zma-so'z tarjima qiladigan bo'lsak, «Alloh Arshga barobarlashdi» degan ma'no kelib chiqadi. O'tgan avlodlar orasida bu ma'noni Allohning O'ziga havola qilamiz, u haqda so'z ochmaymiz, deb kelishilgan. Chunki u vaqtda hamma yaxshi tushunchaga ega bo'lgan, sodda hayot kechirgan va ular turli fitnalarga duchor bo'lmaganlar. Shu bilan birga, ushbu masalani ko'tarib turadigan ba'zi shaxslar ham topilgan. Lekin ko'pchilik ularni «fitnachi» deb nomlab, o'z fikrlarini tarqatishlariga yo'l qo'yishmagan. Shu bilan musulmonlar ommasi tinch-omon yurgan.

Hazrati Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan ham xuddi shunga o'xshash tasarruflar sodir bo'lgan. Birgina misol keltiramiz.

Imom Dorimiy va boshqalar Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning mavlosidan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Subayg' Iroqiy musulmon jangchilar ichida Qur'ondagi turli narsalardan so'ray boshladi. U Misrga kelganida, Amr ibn Oss uni Umar ibn Hattob roziyallohu anhuga yubordi.

Chopar maktubni olib kirgan edi, uni o'qib bo'lib: «Bu odam qani?» dedi. «Yuklar bilan», dedi u. «Tez top! Agar ketib qolgan bo'lsa, senga alamli uqubat etadi!» dedi.

Uni olib keldi. Umar unga: «Nimalar haqida so'raysan?» dedi. U aytib berdi. Umar menga xurmo shoxi so'rab, odam yubordi. O'sha bilan uning orqasini urib, yara qildi. Keyin uni qo'yib qo'ydi va tuzalganidan keyin yana urdi. So'ngra uni qo'yib qo'ydi va tuzalganidan keyin yana urdi. Keyin uni yana urish uchun oldirib keldi. Shunda u: «Ey mo'minlarning amiri, agar meni o'ldirmoqchi bo'lsangiz, chiroyli qilib o'ldiring. Agar davolamoqchi bo'lsangiz, Alloxga qasamki, tuzaldim», dedi.

U kishi unga o'z yurtiga ketishga izn berdi va Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhuga «Musulmonlardan hech kim u bilan o'tirmasin», deb maktub yozdi. Bu haligi odamga nihoyatda og'ir bo'ldi. Abu Muso Umarga: «Uning holi yaxshi bo'ldi», deb yozdi. U ham o'z navbatida: «Odamlarga u bilan o'tirishlariga izn beraver», deb yozdi».

Bu odam Banu tamimlik Subayg' ibn Asal bo'lib, Qur'ondagi ba'zi oyatlardan ixtilofli muammo chiqarishga urinar edi. Hazrati Umar ko'rgan choradan keyin u yuz kishining oldiga kelsa ham, hammasi tarqalib ketadigan bo'ldi. Avvallari u o'z qavmida sayyid, peshvo edi. O'shandan keyin haqir, xoru zor bo'ldi.

Bu masalada imom Molik rahmatullohi alayhining tutgan mavqiflari ham hammaning tahsiniga sazovor bo'lgan. Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi imom Molik rahmatullohi alayhining huzurlariga kirib, istivo haqida so'ragan ekan. Shunda imom Molik: «Istivo ma'lum. Uning qandayligi noma'lum. Unga iymon keltirish vojib. U haqda savol berish bid'at. Sen bid'atchi ekansan! Buni chiqaringlar mening oldimdan!» degan ekanlar.

Salafi solihlarimiz shu yo'l bilan Alloh subhanahu va taoloning pokligi, o'xshashi yo'qligi va boshqa barcha kamolot sifatlariga bo'lgan to'g'ri e'tiqodni saqlab turganlar.

 

MUTAShOBIH SIFATLAR VA HALAFLAR

Vaqt o'tishi bilan Islom davlati hududlari kengayib, turli xalq, din, falsafa va mafkuraga ega odamlar ham Islomni qabul qildilar yoki musulmonlar bilan aralashib yashay boshladilar. Tabiiyki, ular o'zlarining eski fikr va tasavvurlaridan birdaniga va butunlay uzilib chiqa olmas edilar. Shu bilan bir vaqtda, Islom dushmanlari ham doimiy ravishda turli ig'volar qilib turishar edi. Ular musulmonlarning aqiydalariga futur etkazish maqsadida turli shubhali masalalarni g'oyat ustalik ila o'rtaga tashlar edilar. Ana shunday masalalarning eng kattalaridan biri Alloh taoloning sifatlariga oid oyat va hadislarning zohiriy ma'nolarini misol qilib, musulmonlar aqiydasiga zarar etkazishga urinish bo'ldi. Allohning qo'li, ko'zi yoki boshqa U pok Zotga nisbat berilgan sifatlarda kishilarni ko'plab zalolatga ketkazish boshlandi.

Anchagina toifalar bu masalada kufrga ketdilar.

Endi salafi solihlarning Imom Molik kabi «Bu masalada savol berish bid'atdir», deb fatvo chiqarishlari bilan ish bitmaydigan hol yuzaga keldi. Balki bunga o'xshash masalalarda savol so'ramaydigan odamning o'zi qolmadi.

Ana shunday nozik bir paytda aqiydaning sofligini saqlab qolish borasida Abulhasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk allomalar beqiyos xizmat qildilar. Boshqa nozik masalalar qatori, Alloh taoloning sifatlariga oid masalada ham hal qiluvchi echim topdilar. Buzg'unchilar «Allohning Arshga istivo qilishi unga barobarlashishidir», degan bo'lsalar, xalaf – keyingi ulamolarimiz «Yo'q, unda Allohga nuqson nisbati berilgan bo'ladi, shuning uchun «istivo»ni Alloh taoloning boshqa barkamol sifatlariga mos ravishda tushunmoq kerak», dedilar. Shu tariqa «Istivo quvvat va sulton ila ega bo'lmoqdir» degan ta'vil qilindi. Bunda ham xuddi salafi solihlarga o'xshab, Alloh taoloni turli nuqsonlardan poklash qasd qilingandir.

Salaf ulamolarimizning ham, xalaf ulamolarimizning ham maqsadlari bir bo'lgan. Faqat ular maqsadga etish uchun o'z zamonlariga va sharoitlariga mos yo'l tutishgan, xolos. Siz bilan bizlar ham bu masalada juda ehtiyot bo'lib, ixtilof qilmay ish tutmog'imiz lozim.

Bu borada ayniqsa imom Abulhasan Ash'ariyning tutgan yo'llarini alohida ta'kidlab o'tmoq zarur deb bilamiz. U kishi o'zlarining «Al-Luma'» nomli kitoblarida xalaf ulamolarining yo'lini tutgan bo'lsalar, so'nggi kitoblari «Al-Ibana»da esa salaf ulamolari yo'lini tutganlar. Ba'zi ulamolarning fikriga ko'ra Abulhasan Ash'ariy «Al-Ibana»ni avval, «Al-Luma'»ni keyinroq yozganlar. Shunga binoan Abulhasan Ash'ariy rahmatullohi alayhi Alloh taoloning sifatlari haqidagi masalada salaf ulamolari yo'lidan xalaf ulamolari yo'liga o'tish halqasi bo'lgan, deyishimiz mumkin.

Halaf ulamolarining Alloh taoloning sifatlari bo'yicha qilgan asosiy ishlari – turlicha tushunish mumkin bo'lgan matnlarni Alloh taoloning ayblardan pokligini anglatuvchi bir xil tushunchadan boshqaga burib bo'lmaydigan matnlar anglatadigan ma'noga moslab ta'vil qilish bo'lgan.

Ahli sunna va jamoaning xalaf ulamolari musulmonlar ommasini «mushabbiha», «mu'attila» va «mujassima» deb atalgan toifalarning buzg'unchi fikrlaridan saqlash uchun shu yo'lni tutishga majbur bo'lganlar.

«Mushabbiha»lar Alloh taoloning sifatlarini maxluqotlarning sifatlariga o'xshatishni o'zlariga ep ko'rgan nobakorlardir.

«Mu'attila»lar Alloh taoloning O'zi yoki U Zotning Payg'ambari alayhissalom zikr qilgan sifatlarini inkor qilgan nobakorlardir.

«Mujassima»lar Alloh taologa jism nisbatini bergan nobakorlardir.

Ahli sunna va jamoaning xalaf ulamolari oyatda zikr qilingan «qo'l»ni quvvat va karam deb ta'vil qilganlar. «Ko'z»ni inoyat va rioyat deb ta'vil qilganlar. Shuningdek, hadisi sharifda «Qalblar Rohmanning ikki barmog'i orasidadir» deb kelgan «ikki barmoq»ni iroda va qudrat deb ta'vil qilganlar.

Bir hadisda «Albatta, Alloh Odamni o'z suratida yaratgandir», deb kelgan. Bunga sirtdan ma'no bergan kishilar Odam Allohning suratida yaratilgan, deb tushunadilar. Ammo xalaf ulamolar buni «Alloh Odamni o'ziga xos suratda yaratdi» degan ma'noga moslab ta'vil qilganlar. Bundan esa Alloh Odamni xalq qilgan vaqtda uni o'ziga xos suratda yaratgan, u davr o'tishi bilan o'zgarib qolmagan, degan ma'no kelib chiqadi.

Huddi shu hadisning ma'nosini anglatuvchi boshqa bir hadisda kelgan «Albatta, Alloh Odamni Rohmanning suratida yaratgandir» degan ma'noni xalaf ulamolari «Rohmanning sifatida yaratgandir» deb ta'vil qilganlar. Arab tilida «surat» so'zi «sifat» ma'nosini ham anglatadi. Shunda «Alloh taolo Odamni yaratganda, uni ilm va idrok kabi O'zida bor sifatlar bilan qo'shib yaratgan» degan ma'no kelib chiqadi.

Shu erda xalaf ulamolari Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni ta'vil qilishda havoyi nafslariga qarab emas, arab tili qoidalariga va eng muhimi, diniy ta'limotlar asosiga qarab ish olib borganliklarini ta'kidlashimiz lozim.

Yana bir bor ta'kidlaymizki, salafning mazhabi o'z vaqtida to'g'ri va afzal bo'lgan. Halafning mazhabini sharoit taqozosi majbur qilgan. Ikkisining maqsadi ham Alloh taoloni ayblardan va Uziga mos bo'lmagan sifatlardan poklash bo'lgan.

Halaf ulamolari mazhabi bo'yicha, Alloh taoloning Zotiga bog'liq matnlarga – oyat va hadislarga nazar solish, ularni ta'vil qilish joizdir. Ta'vil qilganda ularning sirtiga xilof o'laroq, Allohning ulug'ligiga, tavhidiga hamda pokligiga muvofiq va maqbul ta'vil qilinadi. Bunda lug'at, arablarning uslublari ishga solinadi. Zotan, Qur'oni Karim arab tilining oliy uslubida nozil bo'lgandir.

Ta'vilchilar ikki guruhga taqsimlanadi:

  1. Ta'vil qiladilar, ammo mavhum matndan murod qilingan sifatni tayin qilmaydilar. Balki uni tayin qilishni Alloh taoloning O'ziga havola qiladilar. Ular Alloh taologa bizga ma'lum bo'lgan sifatlardan ziyoda sifatlarni sobit qiladilar. Mazkur sifatlar «ziyoda sifatlar» deb ataladi. Ushbu qavl imom Abu Hanifa va imom Abulhasan Ash'ariy rahmatullohi alayhimoga nisbat beriladi.

Bu guruhdagilar ta'vil qiladilar va o'zlarining bashariy toqatlari etganicha matndan ko'zlangan ma'noni va sifatni tayin qilishga urinadilar. Ash'ariylardan bo'lmish Abulfath Ahmad ibn Burhon va boshqalar ta'vilni ixtiyor qilganlar. U kishi shunday degan ekan: «Ikki guruh o'rtasida «Qur'onda ma'nosi bilinmaydigan narsa bo'lishi joizmi?» degan savolda xilof kelib chiqdi. Ularning (aksar salaflarning) nazdida joizdir. Shuning uchun ular ta'vilni man qilganlar va Allohning O'zi biladigan narsaga suyangan holda U Zotni bunday sifatlarning zohiriy ma'nolaridan pok deb e'tiqod qilganlar. Bizning nazdimizda esa joiz bo'lmaydi, chunki ilmda peshqadamlar buni biladilar».

Ikkinchi guruhga mansub ulamolarning umumiy qoidalariga binoan, haqiqatini olish imkonsiz bo'lgan har bir lafzni to'g'ri keladigan eng yaqin majozga burish vojibdir. Chunki lafzlarni hayratga soladigan darajada tashlab qo'ymasdan ta'vil qilish lozim. Agar lafz yoki matn faqat bir ma'nodan boshqa ma'noni ko'tarmaydigan bo'lsa, unga o'sha ma'noni berish vojibdir va unga boshqa ma'no berilmaydi.

Halaflarni ta'vil qilishga undagan narsa mutashobihga o'zining zohiri – sirtqi ma'nosidan anglanadigan ma'noning teskarisini yuklash vojibligidir. Chunki Alloh taoloni mazkur zohiriy ma'no va jism ila sifatlash mutlaqo mumkin emasligiga dalillar sobit bo'lgan. Chunki usul qoidalariga binoan, aql bilan naqlning orasida to'qnashuv bo'lishi mumkin emas. To'qnashuv lafzlar hamda majoz va tashbihni ishlatshpda bo'ladi. Ilmni yaxshi egallab, uzoq vaqt ish ko'rganlar, uning masalalariga sho'ng'iganlar aql va naqlda kelgan narsalarni mutashobihni ta'vil qilish orqali birlashtirishlari mumkin.

 

KYeYINGI MAVZU:

HULOSALAR

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Shifo oyatlarini o‘qing!

23.12.2024   1348   2 min.
Shifo oyatlarini o‘qing!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.

Bir kuni Imom Qosim Kushayriy rahimahullohning o‘g‘li kasal bo‘lib qoldi. Ota farzandining kasalligidan qattiq g‘amga botdi. Kunlarning birida tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘radi va o‘g‘liga shifo tilab duo so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “O‘g‘lingga shifo oyatlarini o‘qi”, deydilar. Qosim Qushayriy rahmatullohi alayhi ularni o‘qiydi va o‘g‘li tuzalib ketadi.

Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:

وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ

(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).

 

يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).

 

يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).

 

وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).

 

وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ

Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur (Shuaro surasi, 80-oyat).

 

قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ

Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).


Davron NURMUHAMMAD