Shu yil 10 dekabr' kuni Halqaro musulmonlar forumi kotibiyati va Rossiya musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Zoom platformasi orqali “Muloqot madaniyati: pandemiya davridagi diniy odob-axloq” mavzusidagi XVI xalqaro musulmonlar anjumani bo'lib o'tdi.
Unda xalqaro diniy tashkilotlar vakillari, Yevropa, Markaziy Osiyo MDHdagi davlatlarning diniy idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Forum Qur'oni karim tilovati va duolar bilan boshlandi.
Dastlab Rossiya musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynuddin so'zga chiqib, koronavirus pandemiyasi davrida mo'min-musulmonlarning odob-ahloqi, yuzaga kelgan ruhiy va iqtisodiy qiyinchiliklarga bo'lgan sabr-bardoshlari tahsinga loyiq ekani to'g'risida nutq so'zladi.
Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Allom esa anjumanda mana shunday murakkab sharoitda musulmon ulamolari hamkorliklari mustahkamlanganligi, musulmon ummatini tashvishga solayotgan muammolarni birga echishga harakat qilingani, xususan vabo kabi kasalliklarga qarshi birgalikda kurashilgani to'g'risida so'z yuritdi.
Onlayn xalqaro anjumanda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari pandemiya davrida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar va uning natijalari haqida so'zlab, O'zbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xalqimiz salomatligini saqlash borasida chora-tadbirlar amalga oshirilgani, MDH davlatlari orasida kasallik tarqalishining oldini olish bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkich aynan yurtimizga to'g'ri kelgani, shuningdek pandemiya davrida Ulamolar Kengashi tomonidan mo'min-musulmonlar uchun bir qator murojaatlar va bayonotlar e'lon qilingani hamda ushbu sinovli kunlarda yaxshi kunlarga intilib yashash, yordamga muhtoj shaxslarga g'amxo'rlik qilish kabi yo'nalishlarda keng ko'lamli ishlari olib borilayotgani to'g'risida alohida to'xtaldilar.
Muftiy hazratlari musulmon dunyosi turli muammolarga duch kelayotgan bugungi murakkab sharoitda din peshvolari va Islom ulamolarining mana shunday hamjihatlikda ishlash har qachongidan ham dolzarb ekani, diniy idoralar o'rtasidagi birodarlik va hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqish zarurligini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, onlayn anjumanda Hamid Shahriyoriy – Islomiy tashkilotlarning birlashtirish xalqaro tashkiloti rahbari; Doktor Holid Eren – Halqaro IRSIKA tashkiloti rahbari; Muhammad Hofiz – Parij markaziy masjidi imom-xatibi; Naurizbay Taganuli – Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, Bosh muftiy; Doktor Ahmad al-Dubayan – Londondagi islom markazi rahbari; Saidmukarram Abduqodirzoda – Tojikiston Ulamolar kengashi raisi, muftiy; Maqsadbek Toxtamushev – Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy; Abdulvoxid Niyazov – Yevropa musulmonlari Forumi rahbari; Rashad Aliyarli – Kavkaz musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari; Murat Gul – Berlin islom birlashmasi rahbari; Aziz Hasanovich – Horvatiya islom uyushmasi rahbari, muftiy kabilar ham so'zga chiqdilar.
Mazkur so'zga chiqqan notiqlar tomonidan pandemiya davridagi diniy odob-axloqlar, bu borada xalqoro tashkilotlar va islomiy idoralarning murojaat, bayonot, fatvo va tavsiyalarning ta'siri hamda hamkorlik aloqalari natijalari to'g'risida muhim ma'lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, islomiy tashkilotlarning kelgusidagi hamkorlik masalalari bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati