— Bu dunyoda ba'zi qilgan amallarimiz uchun jannat xushxabari berilar ekan. Bu qaysi amallar? Dalil bo'luvchi hadislarni aytsangiz?
— Aslida jannat xushxabari berilgan amallar ko'p. Sizga ulardan ayrimlarini misol tariqasida taqdim etamiz.
Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ikki salqin(dagi namozni – bomdod va asr)ni o'qisa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rad qilganlardan tashqari ummatimning barchasi jannatga kiradi”, deganlarida, ular: “Yo Allohning Rasuli, rad qiladiganlar kim o'zi?” deyishdi. Shunda u zot: “Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi. Kim menga osiylik qilsa, batahqiq u rad qilibdi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimda kim musulmonlar orasidagi etimni o'z taomi va ichimligiga (ya'ni o'z qaramog'iga) olsa, mabodo kechirilmaydigan gunoh (ya'ni shirk) qilmas ekan, Alloh uni jannatga, albatta, kiritadi", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim biror kasalni borib ko'rsa yoki Alloh yo'lidagi birodarini ziyorat qilsa, bir nido qiluvchi: “Pok bo'lding, yurishing ham pok bo'ldi va jannatdan o'zing uchun joy tayyorlab qo'yding”, deb nido qiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon bir bandaning farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: “Bandamning farzandi ruhini oldilaringmi?” deydi. “Ha”, deb javob berishadi ular. “Qalbining mevasini qabz qildilaringmi?” deydi. So'ng “Ha”, deb javob berishadi yana. “Bandam nima dedi?” deb so'raydi Alloh taolo. Farishtalar: “Senga hamd va istirjo' (Inna lillahi va inna ilayhi roji'un) aytdi”, deyishadi. Shunda Alloh taolo: “Bandam uchun jannatda bir uy quringlar va uni hamd uyi, deb atanglar”, deydi ”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ummu Habiyba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon banda har kuni farzdan tashqari o'n ikki rakat ixtiyoriy namoz o'qisa, albatta, Alloh unga jannatda uy qurib beradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi