Farzandni erta jinsiy qiziqishlardan saqlash
Muborak dinimizning ta'limotlari yana bir muhim tarbiyani ota-onaning vazifalaridan qilib belgilagan. Bu yuksak mas'uliyat farzandlarni inson xulqini ixtiyorsiz buzadigan, jinsiy moyillik va rag'bat uyg'otadigan har bir narsa va holatlardan saqlashdir. Bu jarayon bola to'qqiz yoshdan to voyaga etgungacha bo'lgan muddatni o'z ichiga oladi.
Ta'lim-tarbiya olimlari fikricha, bu inson hayotidagi eng muhim bosqich. Agar ota-ona farzandning bu boradagi tarbiyasini o'z vaqtida to'g'ri yo'lga qo'ysa va nojo'ya xatti-harakatlarning oldini olsa, bu katta yutuq. Chunki sog'lom jamiyat taraqqiyoti va ravnaqi uchun fazilatli, odobli, yuksak ma'naviyatli va tarbiyali farzand voyaga etadi.
Shu bois dinimiz har bir ota-ona va murabbiyga farzandlarning jinsiy qiziqishlari erta uyg'onishidan ehtiyot choralarini ko'rishga buyuradi.
Alloh taolo bunday deydi: «...ayollarning avratlaridan xabardor bo'lmagan go'daklardan boshqa kishilarga ko'rsatmasinlar!..» (Nur, 31).
Imom ibn Kasir Nur surasining ushbu oyatini bunday tafsir qiladi: “Go'dak ayollarning turli holatlarini bilmaydi. Ularning avratlarini, nozik ovozlarini, nozlanib yurishlarini fahmlamaydi. Agar bola yosh bo'lib, bularni tushunmasa, unda ayollar huzuriga kirishida zarar yo'q”.
Bu oyat tafsiridan hulosa shu: agar bola ayollarning holatlarini va avratlarini fahmlamaydigan darajada juda yosh bo'lsa, ularning yonlarida o'tirishi va huzurlariga kirib-chiqib yurishida zarar bo'lmaydi. Ammo farzand to'qqiz yoshdan oshgan bo'lsa, bunday holatlarga mutlaqo yo'l qo'yilmaydi. Chunki bola bu yoshda har bir ko'rinishni ongli ravishda idrok qiladi. Ushbu chegara yoshidan so'ng ham unga bu borada izn so'rash odobi buyurilmasa, ba'zi noqulay va ta'sirchan manzaralar guvohi bo'ladi. Natijada bola g'alati bir holga tushib, axloqi buzilishi ham mumkin. Bu esa, tabiiy, bolada jinsiy moyillik juda erta uyg'onishiga olib keladi. Hayot tajribalari ko'rsatishicha, bunday holga tushib qolgan farzandning butun fikri-zikri beixtiyor shunday o'y-xayollar atrofida bo'ladi. Buning oqibatida ilmga bo'lgan ishtiyoqi keskin pasayib, o'zi bajaradigan kundalik ishlariga beparvo bo'ladi.
Farzandining bu kabi g'alati, ajabtovur holatini kech bo'lsa-da, sezib, vaziyatni anglagan ota-ona uchun endi uning tarbiya jarayoni biroz og'ir kechadi. Muhim pallada e'tiborsizlik qilgan ota-ona endi bu illatni yuqtirib olgan farzandining tarbiyasiga juda jiddiy e'tibor berishi talab etiladi. Aks holda, nechog'li og'ir bo'lsa-da, aytib o'tish kerak, sharmandali holat ro'y berishi mumkin. Afsus, o'g'il-qizlar o'rtasidagi ayanchli va sharmsiz voqealarning barham topmayotgani farzandlar tarbiyasiga etarlicha e'tibor berilmayotgani oqibatidir.
Ba'zi kishilar: “Biz bolaga ushbu tarbiyani bermasak-da, qing'ir ishlarga qo'l urayotgani yo'q”, deb fikr bildirishi mumkin. To'g'ri, bunday salbiy ishlarni amalga oshirmasa, nur ustiga nur. Ammo bu hol “Ushbu tarbiya bilan shug'ullanmasa ham bo'ladi”, degan fikrni ilgari surmaydi. Chunki farzand voyaga etib, ma'lum yoshga kirgach, biron oliygohga kirib o'qish yoki ish tufayli ota-ona nazoratidan biroz bo'lsa-da uzoqlashadi. Ana shu mahalda, yoshligida bu tarbiyadan mosuvo bo'lib o'sgan, boz ustiga ota-ona nazoratisiz qolgan farzandda ushbu illat bo'y cho'zib qolishi, shunda u turli xil buzuqliklar ta'siriga tushib, hayosiz ishlar qilishi mumkin.
Farzandining qilayotgan har bir ishidan batafsil xabardor bo'lib turibman, deb qaysi bir ota-ona kafolat bera oladi? Yoki farzand ulg'aygach, uning uchun xoh yaxshi, xoh yomon eshiklar barchasi ochiqmi? Yoxud ota-ona vazifasi shular bilan nihoyasiga etdimi? Yo'q, aslo. Vaholanki, ayni palla, o'zlaridan andoza olgan farzandni jamiyat uchun qay darajada to'g'ri tarbiyalab, tayyorlab berganini ko'radigan payt bo'ladi. Halqimizda naql bor: “Yaxshi bo'lsa eydi oshini, yomon bo'lsa eydi boshini”. Yaxshiligidan rahmat, yomonligidan la'nat ham bevosita ota-onaga keladi. Shu bois, ota-ona hayot ekan, farzandlar doim nazoratga, pandu nasihatga muhtojligini unutmasinlar. Shuning uchun muhtaram murabbiy va ota-onalar tarbiyaning har bir jabhasida oqsamasdan shijoat ko'rsatishlari qat'iy talab etiladi.
Hadisi sharif:
عن عبد الله بن عباس رضي الله عنهما قال: كان الفضل رديف رسول الله صلى الله عليه و سلم فجاءت امرأة من خثعم فجعل الفضل ينظر إليها وتنظر إليه وجعل النبي صلى الله عليه وسلم يصرف وجه الفضل إلى الشق الآخر. (رواه البخاري)
Imom Buxoriy rivoyat qiladi: “Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Fazl ibn Abbosni qurbonlik kuni ulovlarining orqasiga o'tirg'izib oldilar. Fazl balog'at yoshiga etib qolgan edi. Payg'ambardan (sollallohu alayhi va sallam) shar'iy masala so'ragani Has'am qabilasidan kelgan bir ayolga Fazl tikila boshladi. Shunda Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) Fazlning iyagidan ushlab, yuzini boshqa tomonga burdilar”.
Imom Termiziy rivoyatida:
وفي رواية الترمذي قال العباس يا رسول الله ! لم لويت عنق ابن عمك ؟ قال رأيت شابا وشابة فلم آمن الشيطان عليهما.
Ibn Abbos Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) “Nega amakingiz o'g'lining yuzini burdingiz?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men yosh yigit va qizni ko'rdim, ular fitnadan omon bo'lishiga ishonmadim”, dedilar.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hatto 10–12 yoshli bola bo'lgan Fazlni begona ayolga qarashdan qaytarib, yuzini burdilar. Bundan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) balog'at yoshiga yaqinlashayotgan bolalarning odobi yaxshi bo'lishi va fitna girdobiga tushib qolishlaridan saqlashga katta ahamiyat berganlarini bilish mumkin. Bu bilan: “Ular fitnadan omon bo'lishiga ishonmadim”, deya qiyomatga qadar davom etadigan barcha ummatlariga jinsiy moyillik erta uyg'onishining oldini olish nihoyatda muhim tarbiya ekanidan saboq berdilar. Buni esa Nabiyning (alayhissalom) farzandlarni to'g'ri tarbiyalashda oltin o'gitlari deb qabul qilishimiz, hayotimizda qo'llashimiz zarur.
Bu tarbiyani singdirib borishda sharafli burch sohiblari ota-ona quyidagi ikki mas'uliyatli nazoratni sidqidil bilan amalga oshirishlari lozim. Birinchisi, oiladagi ichki nazorat, ikkinchisi, atrof-muhitning salbiy ta'siridan himoya qilish.
Oila nazorati
Farzand yaxshi odobli, ota-onasi, oilasi, Vatani, dini va xalqiga munosib xizmat qiladigan komil inson bo'lib ulg'ayishi uchun oiladagi nazorat juda muhimdir. Farzand voyaga etishi jarayonidagi jinsiy qiziqishga moyillikdan saqlanishda quyidagi zarur jihatlarga katta e'tibor berish lozim:
– ota-ona va opa-singillar xonalariga izn so'rab kirish odobiga qat'iy amal qilishni farzandga o'rgatish;
– bola to'qqiz yoshdan oshganida unga qo'yiladigan taqiqlarda mustahkam turish. Begona ayollar bilan aralashtirmaslik, avratlarga nazar solishining oldini olish kabi ishlarga e'tiborni kuchaytirish;
– farzand o'n yoshdan o'tganida bir xonada aka-singil yoki opa-uka bir joyda yotishining oldini olish. Ota-ona bu yoshdagi farzandlarining yotoqlarini alohida qilishi kerak;
– farzandga uyda xohlagancha televizor ko'rishi yoki kompyuter o'ynashiga ruxsat berish yaxshi emas. Bu orqali ular ta'sirli manzara, yoshlariga munosib bo'lmagan turli ko'rsatuvlar, axloqsiz tomoshalarning guvohi bo'lib, fikrlari, xulqlari buzilishi mumkin;
– hozirgi vaqtda farzandlarning ko'pida turli suratlarni tomosha qilishga qiziqish kuchli. Tabiiy, bu rag'batlari axloqsiz ko'rinish, yarim yalang'och suratlarni ham ko'rishga olib boradi. Shuning uchun o'g'il-qizlarning tarbiyasiga e'tiborsizlik axloqsizlikka sabab bo'ladi. Bolalarning narsalari turadigan joylarga doimo e'tibor qaratish zarur;
o'n yoshga kirgan va undan katta bolalarga qarindosh yoki qo'shni qizlar bilan birga turli bahonada xilvatda o'ynashga imkon berish ham ularda erta jinsiy o'yg'onishga sabab bo'lishi mumkin.
Atrofdagilarning salbiy ta'siridanhimoya qilish
Tarbiyada tashqaridan bo'ladigan salbiy ta'sir eng katta xatardir. Chunki farzandga oilada bu boradagi erkinlikka yo'l qo'yilmagach, u o'z qiziqish va rag'batlarini qondiradigan sabablarni tashqaridan izlay boshlaydi. Demak, ota-ona farzandining tashqi hayotiga ham katta e'tibor qaratishi talab etiladi. Ya'ni, ular farzandi maktab yoki kollejdan keyin qayerga borishi, nima bilan shug'ullanashini nazorat qilish lozim. Yoxud bola do'stlari bilan suhbatlashishi, birga dars qilish maqsadida uydan chiqib boshqa nojo'ya ishlar bilan shug'ullanishi mumkin. Ayniqsa, hozirgi kunda maktab o'quvchilariga urf bo'lgan turli yig'inlar bahonasida farzand uydan chiqib, ota-ona e'tiboridan uzoqlashishga harakat qiladi. Ana shu paytda ixtiyorini o'ziga qo'yish oqibatida, farzand turli buzuq ishlar, ichish, chekish va ba'zi hayosiz amallarga qo'l uradi. Oila tarbiyasi mukammal bo'lmasa, buning ustiga farzand tarbiyasiga xavf tug'diradigan atrof-muhit ta'siriga e'tibor qaratilmasa, oqibati yomon bo'ladi. Buni hisobga olmagan, e'tibordan chetda qoldirgan ayrim ota-onalar ko'ngilsiz voqea sodir etilganidan keyin xatolarini anglab, nadomatda qoladi.
Shu bois, bu borada ahamiyat berish zarur bo'lgan muhim jihatlarni bayon qilamiz:
Axloqsiz filmlar va tomoshalar zarari
XXI asrning qudratli to'lqini – globallashuv hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda va o'z mevalarini bermoqda. Elektron axborot vositalari, internet-kafelar, klublar va boshqalar ko'paydi. Kattalar-ku, baharnav, yosh bolalar ham oynai jahonda hayosizlarning qiliqlarini ko'rib, voyaga etmasidanoq beti qotib ulguradi. Bugun “ishqiy” film tomosha qiladi, ertaga pinhona joylarga borib, kino ko'radi. Oxir-oqibat guldek yigit, g'unchadek qiz avval insoniylik qiyofasidan ayriladi, keyin boshqa borlig'idan. Ota-ona bilmaydiki, ancha oldin – o'n yashar o'g'ilchasi, to'qqiz yashar qizalog'i televizorda hayosiz tomosha ko'rganidayoq bu fojialar ildiz otgan.
Insonning ma'nan ojiz va qalban g'ofil bo'lib qolishiga eng katta sabablardan biri axloqsiz film yoki tomoshalardir. Shahvatni qo'zg'ovchi va jinsiy qiziqishga targ'ib etuvchi bu kabi narsalar farzandning beg'ubor qalbini tamoman zaharlab qo'yadi. Ilmu ma'rifat singishi lozim bo'lgan pokiza qalbni yovvoyi shahvat va hirs egallaydi. Afsus, bu kabi fahshga etaklovchi ishlardan kimlardir bugun tirikchilik manbai sifatida foydalanmoqda.
Barchamizga ma'lum, tadbirkorlarga etarlicha sharoitlar yaratib berildi. Ba'zi tadbirkorlarning bu imkoniyatlardan oqilona foydalanmay, yaxshi maqsadlar uchun tashkil etilgan joylarda sharmsiz filmlar namoyish etayotgani yoki turli hayosiz disklar sotilayotgani ham ma'lum bo'lyapti.
Bundan tashqari, yoshlar turli tadbirlar bahonasida bir joyga yig'ilib, sun'iy yo'ldosh uzatmasi orqali hayosiz film va tomoshalarni ko'rayotgani quloqqa chalinadi. Bu ham farzandlar axloqi buzilishiga katta ta'sir ko'rsatadi.
Hayosiz liboslar zarari
Ayollar iffatli kiyinishi va o'zlarini yaxshi tutishi lozim. Bu nihoyatda katta masala. Alloh ayol kishini xotin, ona bo'lishi uchun go'zal, latofatli etib yaratgan. Shuning uchun ham shariatda erkaklar uchun harom qilingan tilla, kumush, ipak kabi ziynat buyumlari ayollarga halol qilingan. Lekin bu ruxsat-ijozatlar nomahram erkaklarning shahvatini qo'zg'atish, Alloh bergan husnu jamollarini ko'cha-ko'yda ko'z-ko'z qilib, gunoh ishlarga manba bo'lish uchun berilgan emas. Ular o'z jufti haloli huzurida, ruxsat berilgan joylarda bemalol zebi-ziynatli bo'lishi mumkin, hatto lozim.
Ba'zi ayollar nomahramlar e'tiborini tortish uchun qo'lidan kelgan-kelmagan yasan-tusanni qiladi, o'zida bo'lmasa, qo'shnisidan olib bo'lsa ham, taqinchoq taqishga, yangi kiyim kiyishga intiladi. Uyda, erlari huzurida esa bir ahvolda bo'lib yuradi. Bu hol ko'plab oilaviy kelishmovchiliklarning sababidir. Ko'chada zeb-ziynatga burkanib o'zini namoyish qilib yurgan ayollarni ko'rib kelgan erkak uyida o'ziga qaramaydigan xotinini ko'rib, g'alati bo'lishi tabiiy. Aslida esa teskarisi bo'lishi, ayol begonalar ko'zidan o'zini asrab, bor go'zalligini eriga namoyish qilishi kerak.
Oxirgi vaqtda ayollarning tanalarining ko'p joyini ochib yurishi nafaqat zinoga, balki erkaklarning jinsiy zaifligiga sabab bo'layotganini mutaxassislar tashvish bilan ta'kidlashyapti. Shuningdek, badanni ochib yurish bois ayollar ham turli kasalliklarga chalinayotgani haqida xabarlar ko'p.
Ko'cha-kuyda har bir kishining ko'zi tushadigan bunday sharmsiz liboslar, nafaqat balog'at yoshiga etgan va balog'at bo'sag'asidagi yoshlarning, balki ommaning nazarini chalg'itib, fitnaga etaklaydigan vositadir. Ayniqsa, har tomonlama rivojlanib borayotgan o'smir yoshlar bunday fitnali ko'rinish oldida va nomussiz liboslar qarshisida ko'z-nazarlari, aqllarini nazorat eta olmaydi. Hayosiz manzaralardan ko'zlarini olib qochishga jur'ati etmay, ojiz qolishi aniq. Buning natijasida kuchli istak g'alayon ko'tara boshlaydi. Bu holat ko'pincha nafs-istaklarini jilovlay olmagan o'smirlarning xulqlari buzilishiga sabab bo'lib, o'y-xayollarini ushbu holat butkul o'ziga rom etadi. Oqibatda ilmu hunar olishga rag'bati susayib ketadi.
Ho'sh, bu kabi zararli illatlardan saqlanish uchun, balog'at yoshiga etgan yoki balog'at yoshi bo'sag'asidagi yoshlar nima chora qo'llasin? Ho'sh, bu kabi “dard”ga qarshi qanday kurashish, qanday chora qo'llash kerak?
Butun dunyoni lol qoldiradigan, teran aqlli, mohir insonlar bo'lib voyaga etish uchun, ajdodlarimiz kabi mashhur kishilar bo'lib jahonga tanilish uchun bugungi kunda barcha shart-sharoitlar yaratilib berilmoqda. Kelajagimiz bo'lgan yoshlarimizni yo'ldan ozdirmoqchi, xalqimizning munavvar kelajagi yo'liga bu kabi nomussiz ishlar ila xalal bermoqchi bo'layotganlarning asl maqsadi nima? Na diniy, na milliy qadriyatlarga aslo mos kelmaydigan bunday ibosiz liboslarni kim, nima maqsadda o'ylab chiqib, joriy qilmoqda?
Buning tarixiga nazar solsak, ularni g'araz niyatli kimsalardan tashkil topgan guruhlar o'ylab chiqqan bo'lib, ularning qabih maqsadlari barcha hududlarda har qanday tartib-intizomni buzish va jamiyatda go'zal odoblarni tag-tomiri bilan yo'q qilishga qaratilgan. Bu bilan ular har bir yurtdagi erkaklar zaiflashib, ushbu yo'lga batamom mukkalaridan ketganidan so'ng hokimiyatga osongina ega bo'lishni niyat qilishgan.
Inson nafsi hissiyotga ergashuvchi, hissiyot esa nuqsonga olib boruvchidir. Hissiyotga o'ta beriluvchan ayollar noloyiq liboslar oqimiga qarab juda tez oqadi. Bu esa g'alamislar yovuz rejalarining amalga oshuvini osonlashtiradi. Iffat fazilatidan yiroq bo'lganlarga mo'ljallangan bunday liboslar aslo chegara bilmaydi. Asli zaifa va ojiza qilib yaratilgan ayollar yal-yal tovlanib turgan bu “go'zallik” qarshisida ojiz qoladi, ma'nan g'arib “go'zallik” shaydolari darhol uning asiriga aylanadi. Bu toifa ayollarning nazdida bunday liboslarni kiymaslik go'yoki “madaniyatdan uzilish” va “zamondan ortda qolish”dir. Bu “madaniyat”ga oshufta bo'lgan aksariyat “zamonaviy”lar sekin-asta, o'zlari bilib-bilmagan holda fitnalar girdobida qolib, gunohlar ummoniga sho'ng'ib boraveradi.
Ba'zi ayollar mol-dunyo to'plash maqsadida o'zini ko'z-ko'z qilib, qing'ir yo'lni tanlaydi. Kiyim sababli ayrim oilalarda er-xotin orasida janjal va tortishuvlar kelib chiqadi. Bu tortishuv esa, ayolning eridan “yangi chiqqan moda”ni olib berishini talab qilishi bilan boshlanadi. Natijada, ko'pincha oilalardagi bu kabi holatlar o'zaro nizoga aylanib, er-xotin o'rtasiga sovuqchilik tushadi. Oqibatda bu chirkin tushuncha jamiyatda yolg'iz ayollarning va tirik etimlarning soni ortib borishiga xizmat qilmoqda. E'tibor bering, juda oddiy holat bo'lib ko'ringan “madaniyatli va zamonaviy” ochiq liboslar ortida ko'z ilg'amas qancha yomonlik, fisqu fujurlar turibdi.
Balki g'arb ayollari bunday sharmsiz kiyimlarni faxr bilan kiyishar, ammo komil imonli, iboli va hayoli ayol-qizlarimiz zulmat zindoniga etaklovchi bunday sharmandalikni aslo qabul qilishmaydi. Chunki bunday liboslar fitna-fasodni va buzuqlikni targ'ib etib, axloqan tubanlik va pastkashlikka sabab bo'ladi.
O'z dini va o'zligiga sodiq momolarning bebaho ma'naviyatini qadrlaydigan va chehrasida or-nomus balqib turgan mo''tabar ayol-qizlar esa, dinimiz va o'chmas an'analarimizning oliy-namunaviy ahloq chegarasidan chiqishni odobsizlik deb bilishadi. Taraqqiy etib borayotgan jamiyatimiz va kelajagimiz poydevori bo'lgan yoshlarimiz egri yo'llardan yurishga hayo qiladi. O'zlarining xushsurat ko'rinishi va orasta kiyimi, chiroyli xulqi, ibo-hayosi bilan el mehrini qozonadi.
Muqaddas dinimizda bu boradagi ko'rsatmalar aniq va ravshan bayon etilgan bo'lib, bunga har bir farzand amal qilishi shart. Alloh taolo amr qiladi:
وَمَا كَانَ لِمُؤۡمِنٖ وَلَا مُؤۡمِنَةٍ إِذَا قَضَى ٱللَّهُ وَرَسُولُهُۥٓ أَمۡرًا أَن يَكُونَ لَهُمُ ٱلۡخِيَرَةُ مِنۡ أَمۡرِهِمۡۗ
«Alloh va Uning Payg'ambari bir ishni hukm qilganida – hech bir mo'min va mo'minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo'lishi mumkin emasdir...» (Ahzob, 36).
KYeYINGI MAVZULAR:
Farzand tarbiyasidagi uch uslub;
Turli xatarlardan ogoh bo'lish;
Ijtimoiy xatar;
Iqtisodiy xatar;
Dinu imonga xatar;
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi