Bunday g'amxo'rlikdan yot g'oyalar ta'siriga tushib xorijga chiqib ketgan, begona mamlakatda turmush o'rtog'i yoki ota-onasidan ayrilib qolgan vatnadoshlarimiz ham chetda qolgani yo'q.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig'iga ko'ra, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida 2019 yil Suriya va Iroq davlatlaridan jami 220 nafar yurtdoshimiz – ayollar va bolalar olib kelingan edi.
O'tgan davr mobaynida «qaynoq nuqtalar»dan qaytarilgan ayollar va bolalar davlat, jamoat tashkilotlari, mehr-oqibatli fuqarolarimiz yordamida jamiyatimizda o'z o'rnini topib ketishayotgani, ayniqsa quvonarli.
Umuman, Yaqin Sharqdagi jang kechayotgan hududlardagi lagerlarda ushlab turilgan hamyurtlarimizni qaytarish bo'yicha tadbirlar maxsus xizmatlar tomonidan doimiy ravishda olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining bevosita nazorati ostida amalga oshirib kelinayotgan “Mehr” operatsiyasining navbatdagi bosqichi doirasida, bugun Suriya mamlakatining jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 98 nafar yurtdoshimiz, ya'ni 25 nafar ayol va 73 nafar bola Vatanimizga qaytarildi. Bolalarning 14 nafari chin etim ekanligini alohida ta'kidlash joiz.
Hayotning notekis yo'llarida adashib, o'zga ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan bu insonlar – yurtdoshlarimiz yillar davomida ijtimoiy kafolatlanmagan holatda, nainki inson huquqining o'ta odiy ko'rinishi bo'lgan ijtimoiy himoyadan mosuvo, balki hayot kechirish uchun eng oddiy sharoitlardan ham mahrum yashashga majbur bo'lishdi.
Vatan - inson uchun eng ulug', eng muqaddas mujda, - deydi, yurtdoshlarimizni poytaxt aeroportida kutib olishda bevosita ishtirok etgan Toshkent shahri bosh imomi Nuriddin Holiqnazarov. - Shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan «Mehr» operatsiyasi uzoq ellarda sarson-sargardon yurgan, ko'z-ko'rib, quloq eshitmagan qiyinchiliklarni boshidan kechirgan yurtdoshlarimizni diyorimizga qaytarib, ularga yana Vatan, degan obod manzilda xotirjam yashashdek ulkan baxtni hadya etish maqsadini ko'zda tutadi. Bu amallar beqiyos savobga yo'g'rilgandir.
Payg'ambarimiz mo'min bandalarini, musulmonlarni kechirimlilikka, bag'rikenglikka chaqirganlar. Ayniqsa, etimlarni boshini silagan inson jannatda menga qo'shni bo'ladi, deb marhamat qilganlar. Uchib kelganlarning 14 nafari chin etim, ularning na otasi, na onasi bor. Yesirlarni yurtga qaytarib, o'z farzandidek boshini silayotgan, bevalar, qiyinchilikda qolib ketgan xotin-qizlarga g'amxo'rlik ko'rsatayotgan Davlatimiz rahbari, shu savob ishlarga hissa qo'shayotgan barcha mutasaddilar, har bir insonga olloh taolodan ajr, mukofot so'rab qolamiz.
Mehrga tashna bu insonlar endi barcha qulayliklar yaratilgan sog'lomlashtirish muassasasiga joylashtirilib, issiq ovqat, kiyim-kechak va boshqa barcha zarur sharoitlar bilan ta'minlanadi. Ularga mutaxassislar tomonidan tibbiy va psixologik yordam ko'rsatiladi. Bolalar maktabgacha ta'lim muassasalariga, umumta'lim maktablariga, xotin-qizlar esa ishga joylashtiriladi. Sog'lom, tinch hayotga qaytariladi, to'laqonli moslashuvi uchun zarur shart-sharoit yaratiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi pasport, tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma va boshqa kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish bo'yicha ham tegishli ishlar amalga oshiriladi.
Bir so'z bilan aytganda, hozirgacha faqat buguni bilan yashab kelgan, har kech joni hadikda, yana tong otishiga ishonib-ishonmay uyquga yotgan 98 nafar inson bugundan e'tiboran ertangi kunga ishonch tuyg'usi bilan, ta'bir joiz bo'lsa, yangi hayotda umr kechira boshlaydi. Prezidentimiz tashabbusi, hukumatimiz, mas'ul vazirlik, idoralar sa'y-harakati bilan ular qalbiga ezgulik, mehr, qo'yingki, barcha insoniy fazilatlar urug'i qadaldi.
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.