“Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi.
Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”
Mehribon Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taboraka va taologa xamdu-sanolar aytib, Hazrat Payg'ambarimiz Janob Muhammad mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga salovotu shariflar aytib, o'tmishda o'tgan barcha tarbiyalab o'tganlarimizga Alloh taoloning rahmatlarini so'rab, hozir tarbiyalab turganlarimizga ko'pdan-ko'p tashakkuru-minnatdorchiliklar izhor etib, xolisona bir fikr yuritib ko'raylik…
Alloh taoloning inoyati ila muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan, Diniy idoramiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklarida Mustaqilligimizni sharofati bilan jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, an'anaviy islom dinimiz kamoli, masjidu-madrasalarimiz obodligi yo'lida behisob-behisob, son-sanoqsiz, katta-katta savobli, xayrli ishlar bajarildi. Va hali-hamon bajarilib kelinmoqda...
Bu islohotlarga nafaqat butun dunyo hamjamiyati tan bermoqda, nafaqat Yevropa davlatlari lol qolmoqda, nafaqat Amerika xalqlari tasannolar aytmoqda, balki O'zbekistondagi bu xayrli ishlarni har bir ko'zi ojiz inson ham ko'rmokda, har bir qulog'i og'ir odam ham eshitmoqda, har bir aqli zaif banda ham mohiyatini onglab, mazmunini tushunib, samaralarini sezib, to'la-to'kis his qilmoqda.
Bugungi kunga kelib bunday yaxshi ishlar, katta o'zgarishlar, chiroyli yangiliklar, xayrli tadbirlar, fazilatli amallar soni aslida boshqa sohalarga nisbatan bizning diniy sohamizda bir necha barobar ko'proq bo'lib, 28 mingtadan oshib ketgan bo'lsada, bu yil Konstitutsiyamizni 28 yilligini nishonlayotganimiz uchun diniy sohadagi shu 28 mingdan ortiq ishlardan faqat 28 tasinigina zikr qilmoqchi bo'ldik.
Zero Janob Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Odamlardan bo'lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam, Hudoga ham shukr qilmaydi», deb marhamat qilganlar.
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalqimizning minglab yillik orzu umidlarining hayotda namoyon bo'lishidur. Zero ajdodlarimiz qalblarida armon bo'lib, faqat ezguliklarni oliy maqsad qilib olingan ertak va afsonalardagina ifoda etilgan turmush tarzlari bugungi kunda O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o'z aksini topgan.
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – yurtimiz mustaqilligini yorqin namoyon etuvchi asosiy hujjat, xalqimizning oru nomusi. Negaki, uning har bir moddasida, har bir bandida xalqaro huquq me'yorlari ham, milliy bag'rikenglik tamoyillari ham aks etib turadi. Erkin va obod jamiyat hamda, huquqiy-demokratik davlat barpo etish g'oyasi Qomusimizning asosiy mazmunini tashkil etadi. Binobarin, birinchi bo'lim I bob 4-moddasida qayd qilinganidek, «O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi».
Bugungi kunda Respublikamizda istiqomat qiluvchi mo'min-musulmonlar Asosiy Qomusimizda belgilab qo'yilgan huquq va erkinliklardan keng va bemalol foydalanmoqdalar. Hususan, Asosiy Qonunimizga ko'ra vijdon, e'tiqod erkinligi kafolatlab berilgan. Turli millat vakillarining hech qanday to'siqlarsiz o'z milliy qadriyat va an'analariga amal qilishlari uchun ham keng imkoniyat va sharoit barpo etilgan. Shu bilan birga mazkur Konstitutsiyamizda biror-bir millatning sha'ni yoki uning milliy qadriyati kamsitilishiga yo'l qo'yilmasligi ham qat'iy belgilab qo'yilgan.
Inchunun, Qonunning ikkinchi bo'lim VII bob 31-moddasida bayon qilinishicha:
«Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi».
Holbuki, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Dinga majbur qilish yo'q. Batahqiq, haq botildan ajradi. Kim tog'utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq, uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo'lur. Va Alloh eshituvchi, biluvchi Zotdir”. (Baqara surasi 256 oyat).
Yurtimizda bugungi kunda 130dan ortiq millat va elat vakillari Bosh qomusimiz belgilab bergan tenghuquqlilik va keng imkoniyatlardan foydalanib, totuvlik va hamjihatlikda yashamoqdalar. Ular ertangi kunga komil ishonch bilan mehnat qilib, yagona Vatan ravnaqiga o'z hissalarini qo'shmoqdalar.
1) oldin: bir yilda 274 mln. sobiq Ittifoq xalqlaridan 24 odam, O'zbekiston dan esa 6 kishi haj safariga borgan.
1) hozir: har yili O'zbekistondan 7.200 dan ortiq kishi muborak haj safariga borib, bobolari-momolarining xayollariga ham kelmagan, ota-onalari etti uxlab tushlarida ham ko'rmagan muqaddas va tabarruk joylarni o'z ko'zlari bilan ko'rib, ko'nglilaridan ham ortiqroq darajada ibodatlarini ado etib, poshsholarday ziyorat qilib kelmoqdalar. Har bir hoji uchun Prezidentimiz Farmonlariga muvofiq hukumatimiz tomonidan bo'lgan qarorlarni amalga oshirib, joylardagi barcha davlat tashkilot, korxona, idoralar, tegishli mutasaddilar hamma shart-sharoitlarni yuqori sifatda, zamon talablariga monand, oliy darajada barpo etmokdalar.
2) oldin: muqaddas dinimizning asosiy kitobi bo'lmish Qur'oni karim sanoqli oilalardagina bo'lgan.
2) hozir: hoxlovchilar nafaqat Qur'oni karim kitobini o'zini, balki Qur'oni karimning tafsirlari, tarjimalari, sharhlari, izohlari, ma'nolarini ham xohlagan tilida, xohlagan paytida, xohlagan miqdorida olishlari mumkin.
3) oldin: O'zbekiston SSR hududida 84 ta masjid bo'lgan.
3) hozir: O'zbekiston Respublikasining hududida barcha tegishli davlat idoralaridan ro'yxatdan o'tgan 2070 dan ziyod rasmiy faoliyat yuritayotgan jome masjidlar xalqimizga emin-erkin xizmat qilmokda.
4) oldin: 2-3 ta viloyat uchun, ko'plab shahar va tumanlar uchun 1 ta masjid bo'lgan.
4) hozir: Respublikamizda 2070 dan ortik rasmiy faoliyat yuritayotgan, barcha tegishli davlat idoralaridan ro'yxatdan o'tgan jome masjidlar xalqimizga xizmat qilmoqda.
5) oldin: muqaddas Islom dinimizning eng katta ruknlaridan bo'lgan yilda ikki martagina o'qiladigan hayit namozlarini ham dalalarda, ko'zdan yiroq joylarda, yashirincha va sanoqli odamlargina o'qigan.
5) hozir: jannatmakon yurtimizdagi har bir 2070 dan masjidlarida ham barcha kerakli shart-sharoitlar yaratilgan, eng zamonaviy texnika jihozlari bilan jihozlangan, ibodat uchun hamma kerakli narsalar bilan ta'minlangan ko'rkam, yorug', muhtasham inshootlarda minglab-minglab musulmonlar ibodatlarini ko'nglilaridek, tinch-omon, hech qanday xavf-xatarsiz, bemalol, xush kayfiyatlar va xursandchiliklar ila ado etmoqdalar.
6) oldin: SSSR davrida har qanday diniy adabiyotlarni nashri ham, o'zi ham man etilgan. Faqatgina O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari idorasiga har chorakda chiqadigan 1 ta jurnal va 1 ta gazetaga ijozat berilgan.
6) hozir: O'zbekiston Respublikasi hududida chop etilayotgan kundagi davriy matbuot nashrlarida muqaddas Islom dinimizdagi deyarli barcha masalalarni to'liq yoritishdan tashqari, birgina O'zbekiston musulmonlari idorasining “Movarounnahr” nashriyoti tomonidan diniy adabiyotlarning barcha turlari: Qur'oni karim kitoblari, Qur'oni karimning tafsirlari, Qur'oni karimning tarjimalari, Qur'oni karimning sharhlari, Qur'oni karimning izohlari, Qur'oni karimning ma'nolari, Hadis kitoblarining har xil shakllari, Fiqh masalalariga oid kitoblar, Aqoid masalalariga oid kitoblar, Savol-javoblar kitoblari, Ayollarga xos masalalar kitoblari, Farzandlar tarbiyasi masalalariga oid kitoblar, Qur'oni karimni o'qishni o'rganish kitoblari, Islom tarixiga oid kitoblar, Yurtimizdan chiqqan buyuk allomalarning kitoblari, Diniy va dunyoviy ilmlari bilan dunyoga tanilgan va taralgan buyuk ajdodlarimizni kitoblari, Imom Buxoriy xalqaro markazining ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-adabiy nashri «Imom al-Buxoriy saboqlari» jurnali, O'zbekiston musulmonlari idorasining oylik diniy-ma'rifiy, ilmiy-adabiy nashri «Hidoyat» va «Mo'minalar» jurnallari, O'zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma'rifiy nashri «Islom nuri» gazetasi, hattoki mo'min-musulmonlarimizni ibodatlari oson, engil bo'lmoqligi uchun O'zbekiston musulmonlari idorasining Ulamolar Kengashi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Astronomiya instituti mas'ul ilmiy xodim va olimlari bilan birgalikda ro'zani o'z vaqtida ochish va kechikmasdan yopishdan boshlab, to har besh vaqt namozlarini o'z vaktida ado etishlari uchun haftalik, oylik, chorak va yillik taqvimlar yuz minglab-yuz minglab sonli tirajlar bilan nashr etilib, yuqori sifatlar bilan chop etilib, xalqimizga tarqatilmoqda.
7) oldin: O'zbekiston SSRning Konstitutsiyasining 2-bulim 6-bob 50-moddasidagi vijdon erkinligi hayotiy amalda emas, balki faqatgina kog'ozda yoritilgan.
7) hozir: jannatmakon yurtimizni, muqaddas Vatanimizni Konstitutsiyasining 2-bo'lim V bob 18-modda, 2-bo'lim VII bob 31-modda, 3- bo'lim XIII bob 57-modda, 3-bo'lim XIII bob 61-moddalari hamda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi Oliy Majlisning 11- sessiyasida 01.05.1998 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Qonunlar bilan ham diniy e'tiqod va vijdon erkinligi kafolatlangan.
8) oldin: Yangi tug'ilgan chaqaloqlarni birinchi soniya, daqiqalaridanoq onasidan ajratib, haqiqiy, mehrli ona sutidan mahrum qilib pasterizatsiya qilingan, asli betayin, kelib chiqishi noaniq bo'lgan sutlar bilan emizilgan.
8) hozir: Qur'oni karim oyatlarida talab etilganidek, Hadisi shariflarda tavsiya etilganidek, muqaddas Islom dinimizda ko'rsatilganidek, ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz qilganlaridek birinchi soniya, daqiqalaridanoq bu yorug' dunyoga kelgan yangi chaqaloqlarni onasini mehr-muhabbatiga to'lgan bag'riga berib, haqiqiy, mehrli ona sutidan to'la-to'kis bahramand bo'lishi uchun, bepoyon mehrli onasi nafasi bilan hamnafas bo'lib, mehribon zahmatkash otasi tarbiyasi bilan ulg'ayishi uchun Prezidentimizni alohida maxsus Farmonlari, Vazirlar Mahkamasini bir necha qarorlari chiqib, joylarda mazkur qonunlarni ijro etish uchun sidqidildan amalga oshirilmoqda.
9)oldin: nafaqat diniy, balki milliy qadriyatlarimiz ham toptalgan.
9)hozir: ota-bobokalonlarimiz va ona-momolarimizdan meros bo'lib kelayotgan, nafaqat milliy qadriyatlarimiz, balki muqaddas dinimiz qadriyatlari ham Qur'oni karim oyatlarida talab etilganidek, Hadisi shariflarda tavsiya etilganidek, muqaddas pok Islom dinimizda ko'rsatilganiday bo'lishi uchun Prezidentimizni alohida maxsus Farmonlari, Vazirlar Mahkamasini bir necha qarorlari chiqib, joylarda mazkur konunlar ijro etilmokda.
10)oldin: shahar, qishloqlarda ko'chalardagi hamda barcha davlat tashkilot, korxona va idoralardagi yoritilgan yozuvlarda xudosizlikka, dinsizlikka qaratilgan iboralar bitilgan.
10)hozir: Respublikamizning hamma katta-kichik shaharlarida ham, cheka-cheka qishloqlaridagi ko'chalarida ham hamda barcha davlat tashkilot, korxona va idoralarida ham muqaddas Islom dinimizning hikmatli so'zlari, Qur'oni karim oyatlarining mazmunlari, Payg'ambarimiz alayhissalomning ibratli hadisi shariflari, buyuk allomalarimizning dono so'zlari eng ko'rkam, eng hurmatli, eng obro'li joylarda eng zamonaviy uslublar va moslamalar orqali xalqimizni milliy va diniy qadriyatlarga undamoqda.
11) oldin: maktab, korxona, idoralarda ro'za tutmaslik uchun ba'zi odamlarga majburlab suv, choy ichkazishgan.
11) hozir: Davlatimiz rahbari – Prezidentimizni alohida maxsus qarorlarida ta'kidlangandek, muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo'lgan insoniylik, ma'naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e'zozlash, mamlakatimizda muqaddas dinimizni tiklash, vijdon erkinligini ta'minlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning boy ilmiy-ma'rifiy merosini chuqur o'rganish, ularning muqaddas qadamjolarini obod etish borasidagi keng ko'lamli ishlarimizni targ'ib etish, ushbu qutlug' oyda amalga oshirib kelinadigan xayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo'yicha olib boriladigan ishlarni yanada kuchaytirishga alohida e'tibor qaratish uchun, hamda el-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saxovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi bo'lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma'naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o'rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o'zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug'lash maqsadida yurtimiz bo'ylab davlatimizni barcha tashkilot, korxona, idoralarida Ramazon oyi munosabati bilan Qur'oni karim oyatlaridagi hukmlarni, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning xadisi shariflarini va muqaddas Islom dinimizni talablarini amalga oshirib behisob-behisob xayrli, savobli ishlar qilinmoqda, shu bilan birga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mazkur qarorda Ramazon oyini joylarda milliy an'ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg'un va hamohang tarzda o'tkazish bilan bog'lik chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o'tkazish bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish topshiriqlari berilmoqda.
12) oldin: Diniy ilmlarni o'rganish uchun 274 mln. xalqi bo'lgan SSSRda O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari idorasiga qarashli faqat 1 ta Toshkent islom instituti va 1 ta Buxoro shahridagi madrasa bo'lgan.
12) hozir: O'zbekiston Respublikasi xududida 13 ta diniy ta'lim muassasalari mavjud. Uchta oliy va 10 ta o'rta-maxsus, shu jumladan, 2 ta ayol-qizlarga ixtisoslashgan islom ta'lim muassasalaridir. Oliy ta'lim muassasalari Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti, Prezident tashabbusi bilan ochilgan Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi, Prezident tashabbusi bilan ochilgan Mir Arab oliy madrasasi hamda hamda “Muhaddislar sultoni” bo'lgan, “Dunyo imomi” bo'lmish Imom Buxoriy hazratlari nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritmoqda. Oliy diniy ta'lim muassasalarida 148 nafar o'qituvchi orasida fan doktorlari, fan nomzodlari, falsafa doktorlari (PhD), magistr ilmiy darajasiga ega pedagoglar bor. O'rta-maxsus islom bilim yurtlarida esa jami 1420 talabaga 242 nafar pedagog ta'lim bermoqda. Ulardan 2 nafar professor, 7 nafari fan nomzodi va 50 nafari magistrlik ilmiy darajasiga ega. Diniy ta'lim muassasalari va ilmiy maktablarda fuqarolar uchun “Qur'oni karim va tajvid” o'quv kurslari ham ishlaydi.
13) oldin: masjidlar qolib hamma buyuk allomalarimizning, mashhur ulamolarimizning, ulug' aziz-avliyolarimizning hoki poklari joylashgan aziz va tabarruk joylar vayron bo'lib, xor bo'lib, tashlandiqlarga aylanib qolgan.
13) hozir: o'z noyob asarlari bilan butun dunyoga Islom ziyosini sochgan, mislsiz ilmlari bilan yillar davomida betakror bo'lgan, beqiyos ijodlari bilan insoniyatga mash'al bo'lgan, o'z hissalari bilan Islom madaniyatini Yer yuziga taratgan, bemisl ilmiy-ma'rifiy kashfiyotlari bilan jahon ahlini hayratga solgan, ilmiy-ijodiy xizmatlari bilan dunyoni lol qoldirgan, bebaho meroslari bilan bashariyat dunyoqarashi va ma'naviyatiga beqiyos ta'sir ko'rsatgan, o'z salohiyatlari bilan buyuk ilmiy maktablar yaratib, o'z diyorlarini jahonga tarannum etgan, muqaddas va iloxiy kitob bo'lmish Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba, bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug'i hisoblanadigan kitob muallifi, aql-zakovati va matonati bilan islom olamida «Musulmonlarning e'tiqodini tuzatuvchi» degan ulug' sharafga sazovor bo'lgan, eng nufuzli va mukammal huquqiy manba muallifi bo'lgan, o'lmas meroslari bilan «Din va millatning hujjati» degan yuksak unvonga sazovor bo'lgan, hayotbaxsh hikmatlari bilan dunyo ahlini taslim qilgan, o'zlarining benazir ilm-ma'rifatlari bilan dunyo taraqqiyotini rivojlantirishga ulkan ta'sir ko'rsatgan, teran bilimlari va ilmiy salohiyatlari bilan Islom olami uchun «Ma'naviy etuklik timsoli» bo'lgan, bugungacha dunyoning eng oliy o'quv yurtlarida darslik bo'lib kelayotgan ilmiy jasoratlari va noyob fazilatlari ila bitilgan asarlar mualliflari, serqirra ilm-bilimlari bilan zamonaviy ilm-fanlarga asos solgan ulug' ajdodlarimiz, ijodiy meroslari zamon va makon chegaralarini bilmagan mo''tabar bobolarimiz, xalqimizning nomini yorug' olamga tanitgan, millatimizning g'ururi, sha'nu sharafini dunyoga tarannum etgan, bir so'z bilan aytganda, mana shu muqaddas zaminimizda tavallud topib, voyaga etgan, o'z hayoti va faoliyati bilan nafaqat tarixda oltin harflar bilan yozilgan, ayni vaqtda bashariyatning bugungi taraqqiyot sahifalarida ham o'chmas iz qoldirgan ulug' allomalarimizni, buyuk mutafakkirlarimizni, mufassiru muhaddislarimizni, faqihu fuqaholarimizni, olimu ulamolarimizni, piru ustozlarimizni, azizu avliyolarimizni nafaqat nomlari tiklanib tanildi, nafaqat yotgan qabrlari obod bo'ldi, balki yotgan joylari ulug' qadamjolarga aylanib, O'zbekiston diyorining mo''jizalari bo'lgan mazkur tabarruk joy va muqaddas ziyoratgohlarga Yer kurrasining har qanday joyidan kelgan har qanday o'ta yuqori martabali mehmonlardan tortib oddiy sayyohgacha bo'lgan har qanday inson, qoil qolib, lol bo'lib, tasannolar aytib, tan berib, taslim bo'lib ketmoqda. Bunday tabarruk va ulug' zotlarning asarlaridan esa O'zbekistonda yashayotgan har bir fukaro endi bemalol bahramand bo'lishi mumkin.
14) oldin: Diniy xodimlar, xususan imom-xatiblar, domlalar, otinoyilar doim ta'qib ostida bo'lganlar.
14) hozir: Oliy ma'lumotlarga, yuqori saviyaga, boy tajribaga, ham diniy, ham dunyoviy ilmlarga, zamonaviy puxta bilimlarga ega bo'lgan muhtaram va hurmatli dinimiz peshvolari, malakali imom-domlalarimiz va otinoyilarimiz Qur'oni karim oyatlarida talab etilganidek, Hadisi shariflarda tavsiya etilganidek, muqaddas Islom dinimizni ko'rsatmalarini hamda O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan taqdim etilayotgan fatvo, buyruq, topshiriq va ko'rsatmalarini bemalol, ochiq-oydin har juma barcha jome masjidlarda o'tkaziladigan juma namozlaridan oldingi ma'ruzalarda batafsil va atroflicha izohlab, musulmonlarimizga keng tushunchalar berib, shuningdek, mahallalarda o'tkaziladigan turli yig'inlarda ham, xalqimizni hamma tadbirlarida ham, fuqarolarimizni barcha shar'iy marosimlarida ham hamda hamma davlat tashkilot, korxona va idoralaridagi yig'ilish va majlislarida ham Qur'oni karim oyatlarida talab etilganidek, Hadisi shariflarda tavsiya etilganidek, muqaddas Islom dinimizni ko'rsatmalarini butun ommaga etkazib tushuntirib, milliy va diniy qadriyatlarimizni keng targ'ib etmoqdalar.
15) oldin: uyda Qur'on kitobi bo'lishini har bir qalbida musulmon inson orzu-havas qilgan.
15) hozir: Qur'oni karim kitobining o'zini, Qur'oni karimning tafsirlarini, Qur'oni karimning tarjimalarini, Qur'oni karimning sharhlarini, Qur'oni karimning izohlarini, Qur'oni karimning ma'nolarini xohlagan tilda, xohlagan paytda, xohlagan miqdorda olish mumkin. Bundan tashqari O'zbekiston musulmonlari idorasi Respublika Ko'rlar jamiyati bilan hamkorlikda chiqargan ko'zi ojizlar uchun maxsus tayyorlangan Brayl yozuvidagi Qur'oni karim kitobi ham mavjud. O'zbekiston mazkur xayrli amaliyotni amalga oshirgan jahonning uchinchi mamlakati bo'ldi.
16) oldin: dunyo xalqlari nafaqat O'zbekiston SSRdagi musulmonlarni, balki O'zbekiston degan joy borligini ham bilmagan.
16) hozir: AQShning poytaxti Vashingtonda AQShning sobiq prezidenti Richard Nikson markazi tomonidan tashkil etilgan «Davlat va din, konfessiyalararo bag'rikenglik: O'zbekiston misolida» mavzusida konferentsiya;
Buyuk Britaniyaning poytaxti London shahrida «Uch din forumi» xalqaro tashkiloti tomonidan tashkil etilgan «Konfessiyalararo totuvlikka erishishda O'zbekiston tajribasi» mavzuidagi seminar;
AQShning poytaxti Vashingtonda AQShning Oliy Islom Kengashi va Amerika-yahudiy komiteti tomonidan tashkil etilgan «Hozirgi Markaziy Osiyoda islom» mavzuidagi xalkaro konferentsiyada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy xazratlari ishtirok etdilar;
AQShning Oliy Islom Kengashi raisi Mirahmadiy boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonga tashrif buyurib, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy xazratlari bilan uchrashdi;
Misr Arab Respublikasining poytaxti Kohirada bo'lib o'tgan Islom Olami Kengashining xalqaro konferentsiyasida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari ishtirok etib, «Asrlar osha diniy ulamolarning ilm-fan rivojiga qo'shgan xissasi» mavzuida ma'ruza kildilar;
N'yu-York shahrida bo'lib o'tgan diniy va ruhoniy liderlarning tinchlik masalalari bo'yicha ming yillik sammitida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy xazratlari ishtirok etdilar;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ning Ta'lim, ilm-fan va madaniyat buyicha tashkiloti (UNESCO)ning «Jahon dinlari: tinchlik madaniyati yo'lida» xalqaro konferentsiyasi Toshkent shahrida bo'lib o'tdi;
Bu ro'yxatni davom ettirsak, bir necha tomli kitob bo'ladi.
17)oldin: kundagi oddiy hayotda «Bismillahir rahmonir rahim», «Hudoga shukur!», «Alhamdulillo musulmonman!», «Ilohim», «Hudo hoxlasa», «Hudo nasib qilsa», «Hudo rahmat qilsin!», «Joylari jannatda bo'lsin!», «Oxiratlari obod bo'lsin!» degan iboralarni so'zlab qo'ysa, «dinga tashviqot qildi,» – deb «qora ro'yxat»ga kiritilgan.
17) hozir: xalkimizni kundagi marosim-tadbirlaridagi qiziqarli ma'ruzalari va chiroyli amr-ma'ruflari bilan kifoyalanib, chegaralanib qolmasdan, davlatimiz tomonidan Diniy idoramizning rahbarlariga, mashhur va taniqli ulamolarimizga, muhtaram va hurmatli dinimiz peshvolariga, joylardagi imom-xatiblarimizga ota-bobolari buyuk imomlar va allomayu zamonlar, tabarruk zotlar va ulug' insonlar bo'lgan, necha yillar davomida o'z milliy va diniy qadriyatlaridan bebahra qolib ketgan chanqoq xalqimizga muqaddas Islom dinimizni to'liq va batafsil yoritib berish uchun, dinu-diyonatimizni sof va mukammal bildirish uchun hamma davriy matbuot nashrlarida ham, barcha davlat telekanallarida ham, hamma radioeshittiruvlarda ham, viloyat, shahar, tumanlardagi mahalliy teleko'rsatuvlarida ham juda katta ahamiyat berilib, chegarasiz vaqt ajratilib, alohida e'tibor qaratilib, har kun, har xafta, har oy cheksiz-chegarasiz va ulkan imkoniyatlar berilmokda. O'zbekiston Respublikasi bo'ylab Qur'oni karimni to'liq yod qilganlar ichida erkaklar orasida alohida, xotin-kizlar orasida alohida qorilar musobaqalari o'tkazilmoqda. Har yili O'zbekiston Respublikasi bo'ylab imom-xatiblar ichida tuman, shahar, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat «Yil imomi» ko'rik tanlovlari qizg'in o'tkazilib, g'oliblari munosib tarzda taqdirlanmoqdalar.
18) oldin: Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning muborak zamonlaridan boshlab Yer kurasining har bir makonida, har bir zamonida, har bir mo'min-musulmon hech bo'lmasa bir martagina bo'lsa ham ko'rishni orzu-havas qilgan “Usmon Mushafi” necha-necha yillar begona yurtlarda qolib ketib, birovlarning qo'llarida turgan.
18) hozir: mo'min-musulmonlarni xohish-istaklarini inobatga olib, musulmon dunyosining eng muqaddas yodgorliklaridan biri bo'lgan “Usmon Mushafi”ni O'zbekiston davlatimiz tomonidan jannatmakon yurtimizni har bir odami, muqaddas Vatanimizni har bir fukarosi, dono xalqimizni har bir mo'min-musulmon farzandi xohlagan paytida xohlaganicha ko'rib, bemalol iste'foda qilishi uchun O'zbekiston musulmonlari idorasining ixtiyoriga topshirildi. Nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki O'zbekistonga tashrif buyurgan har inson ushbu buyuk va noyob tarixiy yodgorlikni bemalol ko'rishi mumkin.
19) oldin: hayit namozlariga borganlarni yashirincha rasmga olib, gazeta, jurnallar orqali va ishxonasidagi devoriy gazetalari orqali ularni haqorat qilib, sharmanda qilib, xorlab, insoniy obro'larini poymol qilishgan.
19) hozir: tarixdagi ajdodlarimiz doimo intilgan, o'tmishdagi bobo-kalonlarimiz orzu-havas qilib kutgan, bunday kunlarni ko'ra olmasdan yuraklaridagi armonlar bilan, dillaridagi g'amlar bilan, hayollaridagi umidlar bilan, qalblaridagi o'kinchlar bilan tun-saharlarda Hudodan so'rab, kechalariyu-kunduzlari Parvardigorga iltijo etib, ko'zlarida yoshlar bilan Yaratganga duolar qilib, ojizona Alloh taologa munojotlar qilib o'tib ketgan ota-onalarimiz intilib kutgan kunlar keldi – ikki hayit ayyomlari dam olish kunlariga aylandi. Bunday kunlarni ko'ra olmasdan o'tgan bobolarimizni-momolarimizni, otalarimizni-onalarimizni yaxshi niyatlarini amalga oshirish uchun, ushalmagan orzularini ro'yobga chiqarish uchun muhtaram Yurtboshimiz eng birinchilar qatorida chiqargan maxsus Farmonlari bilan qonuniylashtirib, O'zbekiston diyoridagi xalqimizga ikki hayitni dam olish kunlari qilib, har bir mo'min-musulmonga ikki qanot qilib berdilar.
20) oldin: davlat ishchi va xizmatchilari nafaqat turli ma'raka-marosimlarga borishdan qo'rqqan, balki o'z ota-onasining janoza va ta'ziya marosimlarida ham qatnasha olmagan. «Hudoga shukur!» yoki «Bismillahir rahmonir rahim» degan iboralarni aytishdan ham, xatto yuziga fotiha tortishdan ham qo'rqqan. Jazosi – partiya safidan o'chirilish yoki egallab turgan lavozimidan bo'shatilish bo'lgan. O'z farzandlariga sunnat to'yi qilib, xatna qilishdan ham, kelin-kuyovlarga nikoh o'qitishdan ham qo'rqqan.
20) hozir: xalqimizni barcha tadbirlarida, turli shar'iy ma'raka-marosimlarida davlatimizni barcha tashkilot, korxona va idoralaridagi rahbariyatidan tortib hamkasblari va mehnat jamoalari ham faol ishtirok etmoqdalar. Bevosita va bilvosita rahbarlarining ishtiroklarida davlatimizni barcha tashkilot, korxona va idoralari tomonlaridan xalqimizni to'y-hasham kunlaridagi xursandchiliklariga ham xursand bo'lib, har xil issiq-sovuq kunlaridagi tashvishlarida ham sherik bo'lib, qiyin kunlaridagi dardlariga ham hamdard bo'lib, og'ir paytlaridagi musibatlarini baham ko'rib, nochor holatlaridagi g'amlarini birga engib, kerakli darajada har xil ma'naviy va behisob darajada turli xil moddiy yordamlar ko'rsatilmoqda. Mahallalar xonadonlaridagi va to'yxonalardagi xalqimiz o'tkazayotgan turli yig'inlarida ham, har bir fuqarolarimizni barcha shar'iy marosimlarida ham diniy ulamolarimiz, jome masjidlarimizning muhtaram va hurmatli imom-xatiblari o'zlarining sermazmun ma'ruzalarida eng zamonaviy axborot vositalari orqali muqaddas Islom dinimizni ko'rsatmalarini batafsil va atroflicha yoritib, Qur'oni karim oyatlarini ma'nolarini sharhlab, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini mazmun-mohiyatlarini izohlab, shariatimizda talab etilganidek, musulmonlarimizga keng tushunchalar berib, milliy va diniy qadriyatlarimizni butun ommaga etkazib tushuntirib, keng baralla targ'ib etmoqda.
21) oldin: dindorlarni, ayniqsa, imom va otinoyilarni davlat tashkilot, korxona, idoralarning rahbarlari ham, xodimlari ham nazariga ilmasdan, mensimasdan, kamsitib, davlat e'tiboridan chetga chiqarib, xalqdan ham qoralab ajratish uchun turli xil nayrang uslublar qo'llanilgan.
21) hozir: yurtimizdagi har bir masjidlardagi o'tkaziladigan ma'ruzalaridan tashqari, har bir fuqarolarimizni barcha shar'iy marosimlaridagi amr-ma'ruflaridan tashqari, davlatimizni barcha tashkilot, korxona va idoralaridagi yig'ilish va majlislarida ham eng yuqori, eng hurmatli va eng e'tiborli joylarda o'tirib, yuqori lavozimdagi mas'ul shaxslar huzurlarida, eng katta minbarlardan turib, din peshvolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimiz Qur'oni karim oyatlarini hukm-ahkomlarini sharhlab, hadisi shariflarni mazmun-mohiyatlarini yoritib, muqaddas Islom dinimizni ko'rsatmalariga muvofiq batafsil va atroflicha izohlab, xalqimizga keng tushunchalar berib, butun ommaga etkazib tushuntirib, milliy va diniy qadriyatlarimizni keng targ'ib etmoqdalar.
22) oldin: ommaviy axborot vositalarida hatto O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari idorasi tasarrufida xizmat qilgan diniy xodimlarga hech qachon imkon berilmagan.
22) hozir: O'zbekiston Respublikasi hududida chop etilayotgan kundagi hamma davriy matbuot nashrlarida ham, O'zbekiston Respublikasidagi barcha telekanallari orqali ham, O'zbekiston Respublikasidagi hamma radioeshittiruvlari orqali ham, O'zbekiston Respublikasining viloyat, shahar, tumanlaridagi mahalliy teleko'rsatuvlari orqali ham muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimiz muqaddas Islom dinimizdagi barcha masalalarni to'liq va batafsil hamda emin-erkin yoritishdan tashqari, Respublikamizdagi davlat nashriyotlaridan, tele va ovoz yozish studiyalaridan, internet tarmoqlaridan hamda O'zbekiston musulmonlari idorasining “Movarounnahr” nashriyotidan sermahsul foydalanib, o'zlarining kitoblarini, risolalarini, video va ovoz yozilgan disklarini xalqimiz manfaati uchun chiqarib, jannatmakon yurtimizni, muqaddas Vatanimizni, dono xalqimizni, kelajagimiz bo'lgan yoshlarimizni Qur'oni karim oyatlariga ham zid, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning xadisi shariflariga ham zid, dinimiz ko'rsatmalariga ham zid, shariatimiz hukmlariga ham zid, ulamolarimiz fatvolariga ham zid, davlatimiz qonunlariga ham zid, Diniy idoramiz ahkomlariga ham zid, zamonamiz sharoitlariga ham zid, davrimiz talablariga ham zid, sharqona odoblarimizga ham zid, mazhabimiz me'yorlariga ham zid, matematika formulalariga ham zid, tibbiyot ilmlariga ham zid, astronomiya ajoyibotlariga ham zid, tabiat fanlariga ham zid, jamiyatshunoslik aloqalariga ham zid, odamgarchilik munosabatlariga ham zid, insoniy tuyg'ularga ham zid, ruhshunoslik sir-asrorlariga ham zid, yurtimiz urf-odatlariga ham zid, o'zbekchilik qoidalariga ham zid, madaniyatimiz ahloqlariga ham zid, insoniy aqlga ham zid, axloqiy normaga ham zid, dono maqollarimizga ham zid, milliy an'analarimizga ham zid, diniy qadriyatlarimizga ham zid, xalqimiz ongiga ham zid, musulmonchiligimiz asoslariga ham zid, Islom dinimiz tushunchalariga ham zid bo'lgan turli xil zararli oqimlardan va barcha turdagi salbiy unsurlardan saqlashlik uchun o'zlarining beqiyos va salmoqli hissalarini qo'shib kelmoqdalar.
23) oldin: xalqimizga Islom dinining asosiy manbasini o'rganish uchun bironta rasmiy dargoh yo'q edi.
23) hozir: oliy va o'rta-maxsus diniy ta'lim muassasalari hamda ixtisoslashgan ilmiy maktablarda xalqimizga “Qur'on va tajvid” kurslari faoliyat yuritmoqda.
24) oldin: Islom dini manbalarini tadqiq etadigan hech qanday joy yo'q edi.
24) hozir: Samarqand viloyatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, mamlakatimiz hududlarida ixtisoslashgan hadis ilmi, kalom ilmi, tasavvuf ilmi, aqoid ilmi va fiqh ilmi maktablari tashkil etildi.
25) oldin: butun dunyo tanigan va tan olgan ulug' allomalarning tabarruk qadamjolari mutlaqo qarovsiz holatda edi.
25) hozir: buyuk mutafakkirlarimizning hoki poklari qo'nim topgan joylar obod maskanlarga aylantirildi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Imom Burhoniddin Marg'iloniy, Yetti pir ziyoratgohlari go'zal go'shalarga aylantirildi.
26) oldin: ulug' allomalar, buyuk mutafakkirlar va benazir ulamolarning nodir asarlari o'z ona tilimizga tarjima qilinmagan edi.
26) hozir: dunyo beshigini tebratgan ulug' allomalar, mislsiz buyuk mutafakkirlar hamda betakror va benazir ulamolarning ko'plab nodir asarlari o'z ona tilimizga tarjima qilinib, xalqimizga tuhfa etilmoqda.
27) oldin: imom-xatiblar, ulamolar va diniy soha xodimlari xorijiy davlatlardagi nufuzli tadbirlarda ishtirok etmas edi.
27) hozir: muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimiz, ko'plab ulamolarimiz va diniy soha xodimlari xorijiy davlatlardagi anjumanlar, seminarlar va yig'inlarda muntazam va faol ishtirok etmoqdalar. Shuningdek, xorijiy davlatlarning diniy idoralari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.
28) oldin: mamlakatimizning Islom dini madaniyatida tutgan o'rnini keng ko'lamda namoyon etadigan majmua tashkil etish inson xayoliga ham kelmagan edi.
28) hozir: yurtimizning Islom dini madaniyatida tutgan o'rnini va buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo'shgan hissasini butun dunyoga namoyon etish, diyorimizda muborak dinimizning haqiqiy maqomini targ'ib qilish maqsadida, Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Biz mustaqilliknigina emas, tilimizni, dinimizni, butun ma'naviyatimizni yo'qotish darajasiga etgan edik. Na Chor hukumati, na qizil imperiya saltanati Turkiston xalqlarining taraqqiy topishini hech qachon istagan emas. Yer osti va er usti boyliklari adadsiz, tuproqlari hosildor, tabiati jannatmisol bu o'lka halol, ochiqko'ngil, mehmondo'st va ayni paytda mehnatkash xalqi bilan birgalikda 130 yil davomida mustamlakachilik azobini tortib keldi.
Haqiqatan, real hayotda ham, amalda ham «biz mustaqilliknigina emas, tilimizni, dinimizni, butun ma'naviyatimizni yo'qotish darajasiga etgan edik»mi axir? Demak, endi, muhtaram azizlar, biz mustaqilligimizni, tilimizni, dinimizni, butun ma'naviyatimizni qadriga etaylik!
Bunchalik darajada Islom dini – ma'rifat va ezgulik dini ekanini amaliy bajarilishi faqatgina O'zi nazar qilgan yurtda bo'lishi mumkin va faqatgina ushbu jannatmakon yurtni boshqarib turgan odam orqali bo'lishi mumkin.
Shu jannatmakon zaminning, buyuk allomalar yurtining tub xalqi bo'lmish o'zbekning ham fe'liy, ham qavliy jihatdan to'la-to'kis va mukammal «bag'rikeng o'zbekning o'chmas iymoni» deb tavsiflab, haqiqiy xalq shoiri, rahmatli Abdulla Oripov ham Islom dini – naqadar ezgulik dini ekanini bayon etadi:
"Dasti qisqalarni kamsitma zinhor.
Savobning kattayu kichigi bo'lmas.
Kimningdir davlati behuda bisyor
Va lekin baxildir, tolei kulmas.
Och qolgan go'dakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi,
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.
Demishlar savob ish ofatni to'sib,
Ezgulik yo'liga shaylangusidir.
Eng kichik himmat ham toychoqdek o'sib,
Tulpordek savobga aylangusidir."
Oxirzamon payg'ambari butun dunyoga Islom dinining ahkomlarini mehru muruvvat ila bayon etgan zot, Janobi sevikli Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, hammalarimizning buyuk Ustozimiz marhamat qildilarkim:
“Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur”.
“Mo'minning o'limidan co'ng ham yozilib turadigan amallar–tarqatgan ilmi, qobil farzand, meros qoldirgan Qur'oni, qurgan masjidi, mehmonxonasi, chiqargan suvi, sog'lik va hayotlik paytida qilgan sadaqasidir”.
“Sizlarning yaxshilaringiz – dunyo ishini deb oxirat ishini, oxiratni deb dunyo ishini tark qilmaydigan va odamlarga malolligini tushirmaydiganlaringizdir”.
Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz kamoli, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borilayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O'zi madadkor bo'lsin!
Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to'kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-barakalar berib, ishlarimizda ko'pdan-ko'p omadlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.
Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.
Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.
Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.
Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!
Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).
Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!
«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).
Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
– Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).
Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).
So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».
Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
– Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
– Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
– Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).
Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).
Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan