Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

11.12.2020. Hikmatning boshi – Allohdan qo'rqishdir!

7.12.2020   4682   14 min.
11.12.2020. Hikmatning boshi – Allohdan qo'rqishdir!

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ الْحَكِيمِ "إِنَّ اَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُم" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الْكَرِيمِ الَّذِي كَانَ يَقُولُ "وَاللهِ إِنِي أَخْشَاكُمْ لِلَّهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ"وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

HIKMATNING BOShI – ALLOHDAN QO'RQIShDIR!

Muhtaram jamoat! Bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan, uni Alloh taoloning huzurida hurmat topishiga sabab bo'ladigan eng ulug' fazilat,  bu – taqvodir. “Taqvo” arabcha so'z bo'lib, lug'atda “saqlanmoq”, “ehtiyot bo'lmoq” ma'nolarini anglatadi. Ulamolarimiz taqvoga turlicha ta'riflar berganlar. Ularning eng mashhuri esa, kishi Alloh taoloning azobidan saqlanishi uchun,  nafsini kattayu kichik gunoh va ma'siyatlardan tiyishi – taqvodir deyilgan.

Bir kishi mashhur sahobai kirom Abu Hurayra roziyallohu anhudan taqvo haqida so'radi. Shunda u zot: “Sen tikonli yo'ldan yurishga majbur bo'lib qolsang nima qilasan?” dedilar. Haligi odam: “Agar shunday yo'ldan yurishim kerak bo'lib qolsa, ehtiyot bo'lib, tikonlarni bosib yubormaslikka harakat qilaman yoki yo'lning eng chetidan asta yurib o'tib olaman yoxud u yo'ldan umuman yurmay ortimga qaytib ketaman” dedi. Shunda Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Mana shu ishing taqvodir” dedilar.

Alloh taolo Qur'oni karimning bir yuz etmish beshta o'rnida “taqvo” haqida so'z yuritgan. Taqvo qilgan kishiga ko'plab ajru savoblar va yuksak martabalar va'da qilingan. Jumladan, Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

إِنَّ اللَّهَ مَعَ الَّذِينَ اتَّقَوْا وَالَّذِينَ هُمْ مُحْسِنُونَ

ya'ni: “Albatta, Alloh taqvoli bo'lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir” (Nahl surasi 128-oyat).

Taqvo qilgan kimsaning ishlarini Alloh taolo O'zi oson qilib qo'yadi. Bu haqda shunday marhamat qilgan:

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مِنْ أَمْرِهِ يُسْرًا

 ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, (Alloh) uning ishini oson qilur” (Taloq surasi 4-oyat).

Taqvo qilish gunohlarga kafforat bo'ladi. Alloh taolo bu haqda bunday degan:

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يُكَفِّرْ عَنْهُ سَيِّئَاتِهِ وَيُعْظِمْ لَهُ أَجْرًا

ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, uning yomonlik (gunoh)larini o'chirur va uning mukofotini buyuk qilur” (Taloq surasi 5-oyat).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan insonlarni jannatga eng ko'p qaysi amal kiritadi deb so'ralganda, U Zot: “Allohga taqvo qilish” deb javob berdilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Qayerda va qaysi joyda bo'lishimizdan qat'iy nazar Allohdan qo'rqishga chaqirib Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إتَّقِ اللهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي ذرٍّ رَضِيَ اللَّهُ عنهُ)

ya'ni: “Qayerda bo'lsangiz ham, Allohga taqvo qiling, agar birorta gunoh qilsangiz albatta, uning ortidan biror savobli ishni qilinki, qilgan gunohingizni o'chirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, taqvodor kishi o'zi yolg'iz bo'lsin yoki ko'pchilik ichida bo'lsin, nima ish qilsa ham uni Alloh taolo ko'rib turganini his qilgan holda ish qiladi.

Hazrati Ali karramallohu vajhahu taqvo haqida shunday deganlar:

التقوَى: هي الخوفُ مِنَ الجليلِ، والعَمَلُ بالتَّنزيلِ، والقناعةُ بالقليلِ، والاستعدادُ لِيومِ الرَّحيلِ

ya'ni: “Taqvo bu – (har bir ishda) Allohdan qo'rqish, Qur'ondagi ko'rsatmalarga amal qilish, oz narsaga qanoat qilish va dunyodan ketar kun uchun tayyorgarlik qilishdir”.

Demak, boriga qanoat qilib, dunyo to'plashga mukkasidan ketmaslik taqvodorlikning bir ko'rinishi ekan.

Taqvoli kishi nazarini Alloh qaytargan narsalardan tiyishi kerak.  Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

يَا عَلِيُّ لا تُتْبِعْ النَّظْرَةَ النَّظْرَةَ فَإِنَّ لَكَ الأُولَى وَلَيْسَتْ لَكَ الآخِرَةُ

(رواه الْإِمَامُ الترمذي عن جابر رَضِيَ اللَّهُ عنهُ)

ya'ni: “Hoy Ali birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Chunki birinchisi sen uchun (Ya'ni, beixtiyor bo'lgani uchun unga javobgar emassan) ikkinchisi esa seni ziyoninggadir” dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, kishi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish asnosida yoki ko'cha-ko'yda yurishda ko'zini hadisda bayon qilingandek boshqarishi o'ziga xos jasorat va taqvodorlik belgisi hisoblanadi.

Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytganlar:

لَيْسَ تَقْوَى اللَّهِ بِصِيَامِ النِّهَارِ، وَلَا بِقَيَامِ اللَّيْلِ، وَالتَّخْلِيطِ فِيمَا بَيْنَ ذَلِكَ،

وَلَكِنَّ تَقْوَى اللَّهِ تَرْكُ مَا حَرَّمَ اللَّهُ، وَأَدَاءُ مَا افْتَرَضَ اللَّهُ

ya'ni:  “Kunduzlarini ro'za tutib, kechalarini namoz o'qib, boshqa payt gunohni sodir etish Allohga taqvo qilish emas. Haqiqiy taqvo – Alloh harom qilgan narsani tark etish, U Zot buyurgan narsani bajarishdir” (“Az-Zuhdul kabir” kitobi).

Taqvodor kishi qancha savobli amal qilsa ham uni oz deb biladi. Ana o'shanda qilgan ezgu amallari qabul bo'lishga yaqin bo'ladi. Unvonul bayon kitobida quyidagi hikmat yozilgandir:

إِكْمَالُ الْعَمَلِ اِسْتِقْلاَلُهُ

ya'ni: “Amalni mukammal qilish – uni oz sanash bilan bo'ladi”.

Demak, taqvodor kishi qancha savobli-ezgu amallarni mukammal qilsa ham oxirida “Bu amalni a'lo darajada bajara olmadim, mendan boshqa kishi bo'lganda bu ishni juda chiroylik va mukammal bajarar edi” deb qo'yishi – amalidan g'ururlanishni ketkazadi. Natijada, ado etgan amalning savobini yo'qqa chiqaradigan narsalardan omonda bo'ladi.  

Muhtaram azizlar! Taqvo oxirat safari uchun eng yaxshi ozuqadir. Kumayl ibn Ziyod rivoyat qiladilar: “Hazrati Ali raziyallohu anhu bilan birga Jabbon qabristoni yonidan o'tib qolganimizda, u kishi qabristonga qarab: “Ey qabrlarda yotganlar, ey qorong'uliklarda yolg'iz qolganlar, sizlarda nima gap? Bizdan so'rasangiz, mollaringiz taqsimlandi, bolalaringiz etim qoldi, xotinlaringiz boshqa turmush qurishdi. Bizda ana shunday xabarlar. Sizlarda qanday xabarlar bor?” – deb so'radilar. So'ngra menga qarab: – Ey Kumayl, agar ularga javob qilish uchun izn berilganida: “(oxirat safariga) ozuqa olib keling, eng yaxshi ozuqa taqvodir”, deb aytishgan bo'lar edi, – dedilar. Keyin esa yig'lab, bunday dedilar: “Ey Kumayl, qabr amallar sandig'idir. Buni faqat o'lganingdan so'ng bilasan...”.

Imom Abu Lays Samarqandiy “Mukoshafatul qulub” asarida shunday deganlar: “Allohdan qo'rqishning alomati etti narsada namoyon bo'ladi”. Ular:

  1. Tilda. Allohdan qo'rqqan odam tilini yolg'ondan, g'iybatdan, boshqalarga bo'hton qilishdan va bekorchi so'zlar aytishdan tiyadi.
  2. Qalbda. Allohdan qo'rqqan odam qalbida o'zgalarga dushmanlik xis qilmaydi.
  3. Ko'zda. Allohdan qo'rqqan odam eyishda ham, ichishda ham, kiyishda ham va boshqa xususlarda ham ko'zini haromdan ehtiyot qiladi.
  4. Me'dada. Allohdan qo'rqqan odam me'dasiga harom luqma bermaydi.
  5. Qo'lda. Allohdan qo'rqqan odam qo'lini haromga uzatmaydi, aksincha Allohning rizosiga uyg'un narsalarga uzatadi.
  6. Oyoqda. Allohdan qo'rqqan odam isyon yo'lida emas, Allohga itoat yo'lida odimlaydi.
  7. Itoatda. Allohdan qo'rqqan odam yolg'iz Alloh rizosi uchun unga itoat etadi. Riyodan, insonlarga o'zini va yo ishlarini ko'z-ko'z qilishdan va ikkiyuzlamachilikdan saqlanadi.

Muhtaram jamoat! Taqvoning samarasi kishining o'ziga va farzandlarining solih insonlar bo'lib etishishiga albatta ta'sir qiladi. Bunga o'tgan salafi solihlarimizdan juda ko'plab misollar keltirish mumkin. Masalan, buyuk muhaddis olim Abdulloh ibn Muborak rahimahullohni olib qarasak, u zot ilm, fazilat va parhezkorlikda benazir inson edilar. Imom Navaviy u zot haqlarida: “Abdulloh ibn Muborak hamma ulug'liklarni o'zida jamlagan imomdir” deganlar.

Ushbu buyuk zotning otasi – Muborak juda taqvoli kishi bo'lgan edi. U kishi o'z xojasini bog'ida bog'bonlik qilar edi. Bir kuni xojasi kelib unga: “Shirin anordan olib chiqing” – dedi. Muborak bir daraxtdan anor keltirib beradi. Hojasi uni eb ko'rganda nordon chiqadi. Shunda, “Sizga shirin anor desam, nordon anorni keltiribsiz, shirin anor keltiring” – dedi. Muborak boshqa daraxtdan anor keltiradi. Hojasi uni yorib ko'rganda yana nordon bo'lib chiqadi. Ho'jayinni bundan g'azabi keladi. Bu holat uch bora takrorlanadi. Shundan so'ng Muborakka xo'jayini: “Bir qancha muddatdan beri shu bog'da xizmat qilib, shirin anor qaysi daraxtda, nordon anor qaysi daraxtda ekanini bilmaysanmi?” – dedi. Muborak: “Yo'q” – deb javob berdi. Mavlosi: “Nima uchun” – dedi. Muborak: “Siz menga bu bog'dagi xizmatlarni qil degansiz, anorlaridan eyishimni aytmagansiz. Shuning uchun men qaysi anor shirin va qaysi anor nordonligini bilmayman” deb javob berdi. Shunda, xo'jayini Muborakni parhezkorliklariga qoil qolib: “Men hali mana shunday taqvodor va parhezkor kishini xizmatkor qilib yuribmanmi?” deb, Muborakni xizmatdan ozod qilib, bir soliha qizini Muborakka nikohlab beradi. Mana shu parhezkor juftlikdan buyuk olim va muhaddis Abdulloh Ibn Muborak dunyoga keladilar.

Shunday ekan, har bir kishi nima ish qilishidan qat'iy nazar Alloh taolo ko'rib turganini his qilib, o'zgani haqqidan, ayniqsa xalqning haqini eyishdan o'zini ehtiyot qilish ayni muddaodir. Zero, jamiyatning mulkini ehtiyot qilish, asrash va unga ziyon etkazishdan tayilish lozimdir. Chunki, bir shaxsning mulki uchun bu dunyoda faqat o'sha inson oldida javobgar bo'linsa, jamiyat mulkiga butun xalq oldida javob berishga to'g'ri keladi. Oxiratdagi javobgarligi esa, alamli bo'ladi.    

Alloh taolo barchamizni O'zidan qo'rqadigan, taqvodor va parhezkor bandalaridan aylab, dunyo va oxiratimizni obod qiladigan solih amallarga muvaffaq qilsin! Omin!

 

 

 

 

 

        

 

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2086   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.