Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2026   |   6 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:47
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2026, 6 Zulhijja, 1447

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida mehnat muhofazasiga oid qanday o'zgarishlar kutilmoqda?

07.12.2020   2859   5 min.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida mehnat muhofazasiga oid qanday o'zgarishlar kutilmoqda?

 

Mehnat kodeksining yangi tahriridagi “Mehnat muhofazasi” bobidagi 8 ta asosiy o'zgarishga e'tibor bering. Mehnatni muhofaza qilish choralarini oldindan rejalashtiring, xodimlarning hayoti va sog'lig'iga xavf soladigan omillar yo'qmi, aks holda ortiqcha xarajatlardan qutulib qololmaysiz.

“Mehnat muhofazasi”, “Ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa”, “Kasbga oid kasallanish” kabi tushunchalarning mazmuni ochib beriladi.

Amaldagi Mehnat kodeksida xodimning mehnatni muhofaza qilish normalari, qoidalari va yo'riqnomalariga rioya qilish majburiyati haqidagi modda bor, ammo bu sohada ish beruvchining bunday majburiyatlari haqida moddalar yo'q. Endi qonun loyihasida xodimning ham, ish beruvchining ham mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlariga e'tibor berilgan.

Hodimni ishga kirishda, boshqa ishga o'tkazishda, ishlash jarayonida uning mehnati muhofaza qilinishiga bo'lgan huquqini kafolatlaydigan moddalar kiritilmoqda. Agar ish beruvchining faoliyati mehnatni muhofaza qilishdagi qoidabuzarliklar tufayli to'xtatilsa, xodimning ish joyi (lavozimi) va o'rtacha ish haqi saqlanadi. Bu vaqtda ish beruvchi xodimni uning roziligi bilan boshqa ishga o'tkazishi va bajarayotgan ishiga qarab ish haqi to'lashi mumkin, ammo bu ish haqi oldingi ishidagi o'rtacha maoshidan kam bo'lmasligi kerak.

Amaldagi Mehnat kodeksining 219-moddasi talablariga ko'ra, xodim ish jarayonida o'zining hayoti yoki sog'lig'iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelganligi to'g'risida ish beruvchiga darhol xabar qiladi. Mehnatni muhofaza qilinishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug'ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi ularni bartaraf etishi shart. Umuman olganda, xodim mehnatni muhofaza qilinishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug'ullanuvchi organlar bunday tahdidlar mavjudligini tasdiqlab, ish beruvchi ularni bartaraf etmaguncha, xodim o'zining hayoti yoki sog'lig'iga tahdid soluvchi holatlar ta'siri mavjud sharoitda ishlashni davom etaveradi. Bunday sharoitlarda xodimning hayoti va sog'lig'iga zarar etkazilishi ehtimoli yuqori bo'ladi.

Shu sababli Mehnat kodeksining yangi tahririda xodim o'zining hayoti yoki sog'lig'iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelganligi to'g'risida ish beruvchini darhol xabardor qilishi va ushbu holatlar bartaraf etilmaguncha tegishli ishlarni bajarishdan bosh tortishi mumkinligi nazarda tutiladi. Bu davr uchun xodimning o'rtacha ish haqi saqlanadi.

Qonun loyihasida xodimning ishlarni bajarishdan asossiz bosh tortishiga yo'l qo'yilmasligi choralari ko'rilgan. Agar xodim ishlarni bajarishdan bosh tortishiga vaj qilib ko'rsatgan uning hayoti yoki sog'lig'iga tahdid solayotgan holatlar mavjudligiga asosli gumonlar bo'lib, aslida uning hayoti yoki sog'lig'iga hech qanday tahdidlar yo'q bo'lsa, ish beruvchi bu xodimga nisbatan xizmat tekshiruvini tayinlashi mumkin.

Agar xizmat tekshiruvi natijasida xodim mehnat shartnomasi bo'yicha ishlarni bajarishni asossiz rad etganligi aniqlansa, ish beruvchi bu xodimni intizomiy javobgarlikka tortishga haqli.

“Mehnat muhofazasi” bobiga mehnatni muhofaza qilishni tashkil etish bo'yicha 13 ta moddadan iborat paragraf kiritiladi. Loyihada mehnatni muhofaza qilish xizmatlari, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari, ishlab chiqarish ob'ektlarini mehnat muhofazasi, ish joylarining xavfsizligi, xodimlarga sanitariya-maishiy xizmatini ko'rsatish va tibbiy ta'minlash talablari yuzasidan attestatsiyadan o'tkazish, ob'ektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish va ulardan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish haqida moddalar birinchi marta nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va kuzatuvi, kasaba uyushmalarining mehnatni muhofaza qilishni tashkil etishdagi huquqlari haqida moddalar bor.

Amaldagi Mehnat kodeksidagi kabi, qonun loyihasida ham ish beruvchining xodimlarni normativlar bo'yicha yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta'minlash majburiyati haqida me'yor bor. Yangi tahrirda bu majburiyat yanada aniqlashtirildi, unga ko'ra, endi xodimlarni yakka tartibda himoya qilish vositalarini sotib olish, saqlash, yuvish, tozalash, ta'mirlash, dezinfektsiya qilish va zararsizlantirish faqat ish beruvchining mablag'lari hisobiga.

Amaldagi Mehnat kodeksida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni, xodimlarning ular mehnat vazifalarini bajarayotganda boshqacha tarzda shikast etkazilishini hisobga olib borish va tekshirish bitta moddada keltiriladi. Ammo tekshiruvni o'tkazish tartib-tamoyili va muddatlari, xodimlarning mehnat faoliyati bilan bog'liq baxtsiz xodisalarni tekshirish komissiyasini tashkil qilish tartibi haqida hech narsa deyilmagan.

 

O'MI xodimi

 Jahongir HATAMOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Inson qadrini ulug‘lash va saxovatning yuksak namunasi

22.05.2026   6409   4 min.
Inson qadrini ulug‘lash va saxovatning yuksak namunasi

Munosabat

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va tub yangilanishlar zamirida ezgu maqsad — insonni ulug‘lash, uning dardu tashvishlari bilan yashash g‘oyasi mujassamdir. Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohaga, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan yuksak e’tibor hamda “Inson qadri uchun” tamoyili xalqimiz qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni, Yaratganning bergan ne’matlariga shukronalik hissini yanada mustahkamlamoqda.

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Oliyjanob, xalqchil va savobli ushbu tamoyillar, ayniqsa, imon-e’tiqod, ezgulik fazilatlari yanada jo‘sh uradigan muborak kunlarda, qutlug‘ Qurbon hayiti ayyomi arafasida o‘zgacha bir tarovat va amaliy ifoda kasb etmoqda.

Davlatimiz Rahbari tomonidan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash yuzasidan yangi takliflar taqdimoti bilan tanishilib, 690 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ma’qullaganlari butun yurtdoshlarimizni yanada to‘lqinlantirib yubordi. Davlat kuchi va e’tibori bilan ajratilgan bu katta mablag‘ning aynan "Vaqf" fondi hisobidan yo‘naltirilishi bizning zimmamizga ulkan, sharafli mas’uliyat yuklaydi. Bu ishonch fondning har bir xodimidan har qachongidan ham ko‘proq g‘ayrat, fidoyilik talab etadi.

Xalqning omonati bo‘lgan bu mablag‘larni Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, to‘liq shaffof, adolatli va manzilli tarzda o‘z egalariga yetkazish uchun bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz. Zero, bu xayriya ishlari shunchaki ko‘rsatkichlar uchun emas. Ularning zamirida minglab xonadonlarga qayta kirib keladigan umid va quvonch mujassam.

Mazkur mablag‘lar hisobidan og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Bu degani, 10 ming oilaning qayta baxtga erishishi, onalar ko‘zidagi yoshning tinishidir. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari, shu jumladan, kamida 350 nafar og‘ir bemorda jigar va buyrak ko‘chirish amaliyoti xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Ko‘rsatilayotgan bu saxovatlar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan qahramonlarimizning 8 ming nafardan ziyod farzandlari alohida e’tiborga olinib, ularning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib berilishi farzandlarimiz bizga omonat, degan ulug‘ g‘oyaning amaliy isbotidir.

Shu bilan birga, davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozilishi, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarining o‘tkazilishi bayram shukuhini har bir xonadonga olib kiradi.

Muqaddas islom dinida insonlarga yaxshilik qilish bilan birga, Allohning uylarini obod etish, o‘tganlarning qabrlarini ziyoratgohga aylantirish eng ulug‘ savobli amallardan sanaladi. Davlat rahbari tomonidan ko‘rsatilgan bu galgi g‘amxo‘rlik doirasida diniy-ma’rifiy soha alohida e’tiborda tutilib, joylardagi 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va ta’mirlanishi, shuningdek, qabristonlar obod etilishi ushbu ezgu ishlarning nihoyatda go‘zal va uzviy davomi bo‘ldi.

Muhtaram Prezidentimiz ushbu tadbirlarning shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini alohida ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdilar.

Hadisi sharifda: "Kim bir mo‘minning dunyoviy tashvishlaridan birini aritsa, Alloh taolo uning qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilinadi. Bugun yurtimizda davlat darajasida olib borilayotgan bu tizimli saxovat va muruvvat tadbirlari ayni shu ilohiy da’vatning jamiyatdagi jonli namunasidir. Tinchlik va osoyishtalik hukm surgan yurtga mana shunday baraka va xayr-saxovat yarashadi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi jamoasi mana shunday ulug‘vor jarayonlarda xalqimizga xizmat qilish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, zimmadagi mas’uliyatli vazifani yuksak g‘ayrat va vijdon amri bilan ado etishga kirishgan. Zero, inson qadri ulug‘langan yurtda hamisha baraka, tinchlik va taraqqiyot bardavom bo‘ladi. Ilohim, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, muborak ayyomlar qutlug‘ bo‘lsin!

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,

"Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi

 

MAQOLA