Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: TUSh, KAShF VA ILHOM

6.12.2020   3230   23 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: TUSh, KAShF VA ILHOM

Ba'zi so'fiylarning o'zaro suhbatlariga quloq solsak, tush haqida ko'p gaplarni eshitamiz. Hatto tushni ko'pgina narsalarga dalil qilib ham keltiriladi. Tush haqida o'ta mubolag'ali so'zlarni ko'p gapiradilar. Tushga qarab ish qiladiganlar-ku, istalgancha topiladi.

Ba'zi vaqtlarda tush shariatga xilof narsaga dalolat qiladigan bo'lsa, shariatni qo'yib, tushga amal qilgan kimsalar ham bor, astag'firulloh.

Ba'zi bir shayxlar muridlarning tushlarini ularning oxiratiga zarar etkazadigan darajada noto'g'ri ta'vil qiladilar.

Yana birlari tushga suyanib, bid'at ishlarni joriy qilishgacha borib etganlar.

Aksar vaqtlarda tush shariatga xilof ravishda, bir ishni boshqasidan afzal ko'rishga sabab bo'lgan.

Bu narsalarning hammasi tushga shariat nuqtai nazaridan emas, mubolag'ali ravishda qarash orqali kelib chiqqan.

Aslida esa tush haqida kelgan oyat va hadislardan hukm chiqarish va ularni shar'iy asoslarda ta'vil qilish kerak bo'ladi.

Tush inson hayotining ajralmas qismi ekani hammaga ma'lum. Tush insonni ko'pincha hayratga, tashvishga yoki sururga ham soladi. Tush ko'plab savollarga va echilmagan jumboqlarga ham sabab bo'lgan narsadir.

Barcha zamon, makon va xalqlarda tushga nisbatan o'ziga xos qarash, munosabat, ishonch va xurofotlar ham bordir. Tush haqidagi tushunchalar, mafkuralar, taxminlardan tashqari, u haqida o'tkazilgan ilmiy ishlar va yozilgan kitoblar ham bor.

Hozirgi kunimizda musulmonlar orasida tush haqida turlicha tushunchalar mavjud. Ularning ko'plari turli manbalardan olingan. Ammo islomiy manbalardan olingan ma'lumotlar deyarli yo'q desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz.

Ochig'ini aytadigan bo'lsak, ko'pchiligimiz tush haqida Qur'oni Karim oyatlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari borligi haqida tuzukroq ma'lumotga ham ega emasmiz.

Buning ustiga, bizda hali tush haqida islomiy asosda biror maqola yoki kitobcha yozilgan emas.

Qur'oni Karimda tush asosan Yusuf surasida zikr qilingan. Bu sura tush bilan boshlanadi, uning o'rtasida ham, oxirida ham tush va unga oid narsalar zikr qilinadi.

Surai karimada Yusuf alayhissalom ko'rgan tushini otasi Ya'qub alayhissalomga so'zlab berayotganini tasvirlash bilan qissaga kiriladi va hokazo.

Hayotga nazar soladigan bo'lsak, ba'zilar tushni tamoman tan olishmaydi. Ba'zilar esa hamma narsani tushga bog'lab qo'yishadi. Islomda esa haqiqiy va kerakli mavqif tutiladi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: «وَالرُّؤْيَا ثَلَاثٌ: الْحَسَنَةُ بُشْرَى مِنَ اللهِ، وَالرُّؤْيَا يُحَدِّثُ الرَّجُلُ بِهَا نَفْسَهُ، وَالرُّؤْيَا تَحْزِينٌ مِنَ الشَّيْطَانِ، فَإِذَا رَأَى أَحَدُكُمْ رُؤْيَا يَكْرَهُهَا فَلَا يُحَدِّثْ بِهَا أَحَدًا، وَلْيَقُمْ فَلْيُصَلِّ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy alayhissalom shunday dedilar: «Tush uch xildir: Solih tush – Allohdan sevinch bashoratidir; Kishi o'ziga o'zi gapirgan narsani tushida ko'rishi; Mahzun tush – shaytondandir. Agar biringiz o'ziga yoqmagan narsani tush ko'rsa, uni odamlarga aytmasin, turib, namoz o'qisin».

Bu hadisi sharifda tush haqida bir necha umumiy qoida bo'lgan haqiqatlar zikr qilinmoqda.

Tush uch xildir:

  1. «Solih tush – Allohdan sevinch bashoratidir».

Agar musulmon odam tahorat qilib, uxlashning islomiy odoblariga amal qilib, hech narsani o'ylamay yotgan bo'lsa-yu, yaxshi tush ko'rsa, bu Alloh taolodan yuborilgan yaxshilikka ishora bo'ladi.

  1. «Kishi o'ziga o'zi gapirgan narsani tushida ko'rishi».

Agar odam boshiga tushgan biror ishni ko'p o'ylab yurgan bo'lsa, o'sha o'ylash ta'sirida tush ko'radi. Bunday tushning e'tibori yo'q bo'ladi.

  1. «Mahzun tush – shaytondandir».

Uxlagan odam o'zini mahzun qiladigan tush ko'rsa, unga shayton ta'sir qilgan bo'ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning imom Buxoriy rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan bir hadisi shariflarida:

«Hulm (yomon tush) shaytondandir. Sizdan kim hulm ko'rsa, undan panoh tilasin va chap tarafiga tuflasin. O'shanda unga zarar qilmaydi», deyilgan.

«Agar biringiz o'ziga yoqmagan narsani tush ko'rsa, Uni odamlarga aytmasin, turib, namoz o'qisin», dedilar».

Yuqorida aytilganidek, avval chap tarafiga tuflaydi, panoh tilaydi va keyin turib, tahorat qilib, namoz o'qiydi. Yana muhim shartlardan biri: o'sha yoqimsiz tushni hech kimga aytmaslikdir.

Demak, musulmon ulamolar tushni uch turga bo'ladilar:

  1. Alloh taolodan bo'lgan ilhomiy tushlar.

Ularga Yusuf surasidagi tushlar misol bo'ladi. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rgan tushlari ham shu xildagi tushlardan. Ma'lumki, u zot payg'ambarliklarining dastlabki olti oyida ko'rgan tushlari xuddi tong yog'dusidek aniqlik bilan voqelikda ham takrorlanib turgan.

Bu haqda sahih rivoyatlar ko'p.

Nabiy alayhicsalomning «To'g'ri tush nabiylikning qirq olti juzidan biridir», degan hadislarini ham ulamolar, ana shu olti oyga ishorat, deydilar. Ya'ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nabiyliklari yigirma uch yil bo'lgan. Yigirma uch yil qirq oltita olti oylikdan iborat. Demak, tush o'ngidan kelib yurgan ana shu dastlabki olti oy muddat yigirma uch yillik nabiylik muddatining qirq oltidan biridir.

  1. Hayotda bo'lib o'tgan narsalarni xotirlab, esga olib, so'ngra uxlagandan keyin o'sha narsalarning tushga kirishi. Bu tushning e'tibori yo'q. Moddaparastlar shuni ham tush deb biladilar.
  2. Shayton ta'siri ostida ko'riladigan alg'ov-dalg'ov tushlar. Buning ham hech qanday e'tibori yo'q. Shuning uchun har bir ko'rgan tushni e'tiborga olib, ta'birini axtarishga targ'ib qilish ham yo'q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida:

«Agar birortangiz o'zi yaxshi ko'rgan narsasini tushida ko'rsa, boshqalarga aytsin. Yomon ko'radigan narsasini tushida ko'rsa, chap tomoniga uch marta tuflasin-da, boshqa tomonga yonboshlab olsin. Allohdan uning sharridan saqlashini so'rasin. Bu tushini hech kimga aytmasin. Shunda tush unga zarar qilmaydi», deganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Muoviya ibn Haydatul Qushayriydan rivoyat qilgan hadisda esa Nabiy alayhissalom:

«Tush ta'bir qilinmaguncha kishi uchun folga o'xshab turaveradi, ta'bir qilinsa, voqelikda zohir bo'ladi», deganlar.

Ulamolarning fikricha, tunu kunning uzunligi bir-biriga yaqin bo'lgan mavsumda tahorat bilan yotgan odamning sahar chog'i ko'rgan tushi haqiqatga yaqin tush bo'ladi.

Tushga nisbatan shar'iy nazarning qisqachasi shu. Hech kim tushni shar'iy dalil sifatida zikr qilmagan. Hech kim tushni biror shaxsning yoki ishning afzalligi uchun dalil ham qilmagan. Tushda ko'rgan narsaga qarab emas, tush haqida shariatda kelgan dalillarga qarab ish yuritish lozim. Shayxlar tushlarni shar'iy qoidalar asosida ta'vil qilishni bilishlari va tushga oid shar'iy hukmlarni yaxshi o'rgangan bo'lishlari kerak.

Kashf nima?

Unga nisbatan qanday munosabatda bo'lish kerak?

Bu va bunga o'xshash savollarga to'g'ri javob olish ham tasavvuf olamida katta ahamiyat kasb etadi.

Ahli tasavvuf musulmonlardan biriga maloikalarning ko'rinishi yoki ularning ovozi eshitilishini, ko'pchilikka eshitilmaydigan ba'zi narsalarning eshitilishini, ko'pchilikka bilinmaydigan narsalarning bilinishini «kashf» deb ataydilar.

Bunga Qur'oni Karimda ham, Sunnati mutohharada ham misollar bor.

Alloh taolo Oli Imron surasida:

﴿وَإِذۡ قَالَتِ ٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ يَٰمَرۡيَمُ إِنَّ ٱللَّهَ ٱصۡطَفَىٰكِ وَطَهَّرَكِ وَٱصۡطَفَىٰكِ عَلَىٰ نِسَآءِ ٱلۡعَٰلَمِينَ٤٢ يَٰمَرۡيَمُ ٱقۡنُتِي لِرَبِّكِ وَٱسۡجُدِي وَٱرۡكَعِي مَعَ ٱلرَّٰكِعِينَ٤٣

«Esla, vaqtiki, farishtalar dedilar: «Ey Maryam, albatta, Alloh seni musaffo qildi, pokladi va olamlardagi ayollar uzra tanlab oldi. Ey Maryam, Robbingga itoatkor bo'l, Unga sajda qil va ruku' qiluvchilar bilan ruku' qil», degan (42-43-oyatlar).

Bibi Maryamning Nabiy ham, Rasul ham emasliklari hammaga ma'lum. Ammo Qur'oni Karimda farishtalar u kishi bilan gaplashgani sobit bo'lib turibdi. Nabiy yoki rasul bo'lmagan odam bilan farishtalarning gaplashishi «kashf» deyiladi.

Imom Buxoriy rivoyat qiladilar:

«Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu kechasi Baqara surasini o'qiyotgan edi. Yaqinida oti bog'log'liq turar edi. Birdan ot tipirchilab qoldi. Qiroatdan to'xtagan edi, ot ham to'xtadi. Yana o'qigan edi, ot ham tipirchiladi. O'g'li Yahyo yaqinida uxlab yotardi. Ot bosib olmasin deb, borib, uni qo'liga oldi va boshini osmonga ko'tardi. Tong otgandan so'ng hodisani Nabiy alayhissalomga so'zlab berdi.

U kishi: «O'qi, ey Ibn Huzayr», dedilar.

U bo'lsa: «Ey Allohning Rasuli, Yahyoni bosib olmasin deb qo'rqdim, uning yaqinida edi. Boshimni ko'tarib, uning oldiga bordim. Osmonga qarasam, bulutga o'xshash narsa, ichida chiroqqa o'xshagan narsalar ham bor. Ularni ko'rmay deb, chiqib ketdim», dedi. Nabiy alayhissalom:

«U nimaligini bilasanmi?» dedilar.

«Yo'q», dedi. Ul zoti bobarakot:

«Ular sening ovozingga kelgan farishtalar. Agar tong otguncha o'qiyverganingda, odamlar ularni ko'rsa bo'lardi. Ular berkinmasdilar», dedilar».

Demak, sahobalar davrida ba'zi kishilar Qur'oni Karim qiroati bilan ham farishtalarni ko'rish imkoniga ega bo'lganlar. Bu ham kashfning voqelikda bo'lishiga yana bir dalildir.

Hujjatul Islom imom G'azzoliyning hayot yo'llarida va u kishiga o'xshash boshqa ahli fazl kishilarning tajribalarida kashf hodisasi ko'p bo'lganiga dalillar mavjud.

Afsuslanarlisi shuki, ba'zi so'fiylar kashfni shar'iy ma'nosidan boshqa tarafga burib yuborganlar. Ularning kashfga nisbatan tutgan mavqiflari bir necha katta xatolar sodir bo'lishiga sabab bo'lgan.

  1. Ba'zi johil so'fiylar kashfni Qur'oni Karim va Sunnati mutohharaga ziyoda ravishda shar'iy masdar deb e'tibor qiladilar. Bundan ham dahshatlisi, kashfga sohib bo'lgan so'fiyning har bir gapini xuddi vahiydek qabul qilish zarurligini da'vo qilishdir.
  2. Boshqa bir toifa so'fiylar esa kashf berilgan kishi shariat hukmlariga amal qilmay qo'ysa bo'laveradi, degan botil fikrga boradilar. Ular «Va Robbingga to senga yaqin kelguncha ibodat qil» oyatini botil yo'l bilan ta'vil qiladilar va: «Kashf berilgan kishi namoz o'qimay, ro'za tutmay va boshqa ibodatlarni ado qilmay qo'ysa bo'laveradi», deydilar.

Islom ummati ijmo'si bo'yicha, bu fikrdagi kishilar kofir bo'ladilar. Chunki ushbu oyati karimada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilingan va undagi «yaqin»dan murod o'limdir.

  1. Yana bir guruh so'fiylar, kashf berilgan shaxs nima desa, shuni qilish kerak, degan fikrga boradilar va shariat amallarini qo'yib, shayxlarining aytganini qilishga o'tadilar. Bunda ular shayxlarining aytgani shariatga to'g'ri kelishi yoki to'g'ri kelmasligiga e'tibor qilmaydilar. Huddi shayxlari ma'sum, hamma gapi shariat hukmi o'rnida o'tadigandek tasarruf qiladilar. Holbuki, kashf sinov uchun berilgan bo'lishi ham mumkin.

Barcha musulmonlar, ayniqsa so'fiylar kashf masalasida juda ham ehtiyot bo'lmoqlari lozim.

Kashf – bo'lishi mumkin narsa. U Alloh taolo tomonidan bandaga berilgan fazl yoki sinov va imtihon bo'ladi. Kashf ila aqiyda sobit bo'lmaydi. Kashf bilan yangi shar'iy hukm ham sobit bo'lmaydi. Kashf bilan ibodat ham sobit bo'lmaydi. Kashf Qur'oni Karim va Sunnati mutohhara ta'limotlariga to'g'ri kelsa, uni tasdiqlash mumkin.

Musulmon kishining qalbiga g'aybiy masdardan tushgan, ilm beruvchi, yo'llovchi, eslatuvchi narsa «ilhom» deyiladi. U haqiqiy narsa bo'ladi. Alloh taoloning fazli ila ba'zi mo'min-musulmonlarga ilhom berilishi bor gap.

Rasululloh alayhissalomdan hazrati Umar roziyallohu anhu haqlarida kelgan quyidagi hadisi sharifni aynan ilhom ma'nosida tushunishimiz lozim.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: «لَقَدْ كَانَ فِيمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ مِنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ رِجَالٌ يُكَلَّمُونَ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَكُونُوا أَنْبِيَاءَ، فَإِنْ يَكُنْ مِنْ أُمَّتِي مِنْهُمْ أَحَدٌ فَعُمَرُ». رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Batahqiq, sizdan oldin, Banu Isroildan, anbiyolardan bo'lmasalar ham, ularga gapiriladigan kishilar bor edi. Agar mening ummatimda birorta o'shandoq odam bo'lsa, Umar bo'lardi», dedilar».

Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

Bu hadisi sharifdagi «ularga gapiriladigan kishilar», ya'ni «gapi to'g'ri keladigan kishilar» o'ziga berilgan ilhom tufayli bir narsani bo'lishidan oldin gapiradigan kishilardir.

Bunday kishilarga Alloh taolo pok fitrat, yuksak fahm-farosat, kuchli aql-zakovat bergan bo'ladi. Bo'lishi lozim bo'lgan narsalarni ular avvaldan butun vujudlari ila his qilib turadilar. Ular «Ey Robbul olamin, qani endi shu paytda bunday bo'lsaydi», deb orzu qiladilar va o'sha orzulari ro'yobga chiqadi.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu ana shunday kishilardan bo'lganlar.

Kishining qalbiga g'aybiy masdardan tushgan har bir narsa ham ilhom bo'lavermaydi. Aslida inson qalbiga tushadigan narsalar to'rtga bo'linadi:

  1. Shaytonning vasvasasi.

Alloh taolo An'om surasida:

﴿وَكَذَٰلِكَ جَعَلۡنَا لِكُلِّ نَبِيٍّ عَدُوّٗا شَيَٰطِينَ ٱلۡإِنسِ وَٱلۡجِنِّ يُوحِي بَعۡضُهُمۡ إِلَىٰ بَعۡضٖ زُخۡرُفَ ٱلۡقَوۡلِ غُرُورٗاۚ

«Shuningdek, har bir Nabiyga insu jin shaytonlarini dushman qilib qo'ydik. Ularning ba'zilari ba'zilarini g'ururga ketkazishlari uchun jimjimador kalomlarni tanlarlar», degan (112-oyat).

Alloh taolo Maryam surasida:

﴿أَلَمۡ تَرَ أَنَّآ أَرۡسَلۡنَا ٱلشَّيَٰطِينَ عَلَى ٱلۡكَٰفِرِينَ تَؤُزُّهُمۡ أَزّٗا٨٣

«Biz shaytonlarni kofirlarga ularni doimiy qo'zg'ab turishga yuborganimizni ko'rmadingmi?» degan (83-oyat).

  1. Nafsning g'ulg'ulasi.

Alloh taolo Qur'oni Karimda:

﴿ إِنَّ ٱلنَّفۡسَ لَأَمَّارَةُۢ بِٱلسُّوٓءِ

«Albatta, nafs yomonlikka ko'p amr qiluvchidir», degan (Yusuf surasi, 53-oyat).

  1. Farishta xotiraga soladigan narsa.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Qalbda ikki tutish bor: 1. Farishtadan bo'ladigan tutish. U yaxshilikni va'da qilish va haqni tasdiq qilish ila bo'ladi. Kim o'zida o'shani topsa, uni Allohdan deb bilsin va hamd aytsin. 2. Dushmandan bo'ladigan tutish. U yomonlikni va'da qilish va haqni yolg'onga chiqarish hamda yaxshilikni qaytarish ila bo'ladi. Kim o'zida o'shani sezsa, Allohdan shaytoni rojiymning sharridan panoh so'rasin», deganlar.

  1. Robboniy ilhom.

Alloh taolo Muhammad surasida:

﴿وَٱلَّذِينَ ٱهۡتَدَوۡاْ زَادَهُمۡ هُدٗى وَءَاتَىٰهُمۡ تَقۡوَىٰهُمۡ١٧

«U Zot hidoyat topganlarning hidoyatini ziyoda qilgay va ularning taqvolarini bergay», degan (17-oyat).

Demak, mazkur to'rt narsani farqlay bilish kerak bo'ladi. Ko'ngilga kelgan narsani «ilhom» deb baholab bo'lmaydi. Ilhom bo'lganda ham, uning o'zini yoki ilhomga sazovor bo'lgan boshqa kimsani shariat qoidasidan tashqaridagi shaxs sifatida baholashga hech kimning haqqi yo'q.

Ammo ba'zi so'fiylar bu masalada hadlaridan oshib, o'zlari zalolatga ketganlar va boshqalarning ham zalolatga ketishiga sabab bo'lganlar.

Ulardan ba'zilari: «Kashf, ilhom va tush bilan kifoyalanib, Qur'oni Karim va hadisi shariflarni o'rganmasa ham bo'laveradi, aqoid, fiqh hamda boshqa ilmlarni o'rganishning hojati yo'q», degan botil fikrlarni aytganlar.

Boshqa birlari esa: «Kashf, ilhom tufayli shayxlarning qalbi ismat darajasiga etadi. O'shanday qalblarga tushgan narsa vahiy o'rniga o'tadi», deyishgacha borib etganlar. Ularning fikricha, avliyolarning qalblari anbiyolarning qalblari kabi emish. Aslida bu holat kufr va zalolatdan boshqa narsa emas, deydilar muhaqqiq ulamolarimiz.

So'fiylarning yana bir toifasi shayxlariga haddan tashqari baho berib, ularning gaplarini shariatning hukmidan ustin qo'yishgacha borib etganlar.

Bu va bunga o'xshagan ilmsizlik asosidagi gap-so'z va tasarruflar haqiqiy tasavvuf yo'liga, Alloh taoloning roziligini tilagan soliklar yo'liga mutlaqo ziddir. Bu yorqin yo'ldagi javhariy narsa – iymon, Islom, taqvo, ehson va shukr masalalarining haqiqatiga etib zavqlanishdir. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taologa xolisona ibodat qilishdir. Ana o'sha maqom siddiqlarning talabi va soliklarning maqsadidir.

Agar solik uchun yaxshi tush, kashf, ilhom yoki karomat in'om etilsa, bu narsa uning ma'lum darajaga etganining alomati va xursand bo'lish bashoratidir. Ammo tasavvuf yo'lida yurishning asosiy maqsadi kashf, ilhom yoki karomat sohibi bo'lish emas. Balki asosiy maqsad Alloh taologa qurbat hosil qilishdir. Ko'p hollarda mazkur narsalar o'sha yo'lda to'g'ri ketayotganlikning alomati, xolos.

Aksincha, ayrim hollarda bu narsalar solik uchun xolislik sinovi bo'lishi ham mumkin. Zero, solikning taqvosi, ibodati kuchaygan sari Alloh taoloning unga bo'lgan e'tibori, muhabbati, do'stligi – valiyligi ham ortib boradi. Va Robbul olamin kimni ko'proq sevsa, uni yanada og'ir sinovlarga duchor qiladi. Banda uchun eng og'ir sinov esa unga turli ne'matlarni o'zi loyiq bo'lgandan ko'ra ko'proq berib, sinashdir.

Binobarin, o'ziga kashf, ilhom, bashoratli tush yoki karomat etgan solik o'z holiga nazar solsin. Shariat buyurgan amallarda va unga qo'shimcha ravishda sunnatdan o'ziga o'zi odat qilib olgan vazifalarda nuqsonga yo'l qo'ymagan bo'lsa-yu, «Alloh azza va jallaning jaloliga loyiq ibodat qilolmadim», degan afsusda bo'lsa, Alloh taologa behad shukrlar aytib, holini yashirsin va ibodatini kuchaytirsin. Zero, bu holi Alloh azza va jalla ham uni sevishiga dalildir, inshaalloh.

Ammo yuqorida aytilgan amallardan birontasida yoki odobida biroz bo'lsa-da nuqsonga yo'l qo'yganini sezsa yoxud ko'nglida o'zi erishgan darajadan qoniqish paydo bo'lsa, darhol Alloh taologa tavba qilib, istig'for aytishni ko'paytirsin. Zero, bu holida unga etgan turli bashoratlar eng kamida zo'r bir sinov-imtihondir. Binobarin, u yoki tavbai nasuh ila, istig'forni ko'paytirib, Alloh taoloning do'stiga – valiysiga aylanadi, yoki o'ziga etgan karomatga aldanib, manmanlikka berilib, chin do'stidan – Alloh azza va jalladan malomatga qoladi. Vallohu a'lam.

 

KYeYINGI MAVZU:

VAHDATUL VUJUD

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Alloh naqadar buyuk Zot!

25.12.2024   9291   1 min.
Alloh naqadar buyuk Zot!

Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:

وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).

 وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).

Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!

Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV