Qirg'iziston musulmonlari muftiysining janubiy mintaqasi bo'yicha maslahatchisi Arzikulov Muhammadnabi hojining taklifiga binoan joriy yilning 4 dekabr' kuni O'MI Farg'ona viloyati vakili Ubaydulloh domla Abdullayev, vakil o'rinbosari Alisher hoji Naimov, Rishton tumani bosh imom-xatibi Muhammadnabi Oripov hamda Qo'shtepa tumani “G'ishtmon” masjidi imom-xatibi Alimbek Ilyosovlar Batken viloyati Qadamjoy tumaniga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni Qirg'iziston musulmonlari muftiysining janubiy mintaqasi bo'yicha maslahatchisi Arzikulov Muhammadnabi boshchiligidagi mutasaddilar kutib olishdi.
Safar davomida O'MI Farg'ona viloyati vakili U.Abdullayev hamda vakil o'rinbosari A.Naimovlar Qadamjoy tumani Uchqo'rg'on qishlog'idagi “Tifla Ahmad Al-Gasimiy” masjidida juma namozida ishtirok etib, “Islom dinida qo'shnichilik munosabatlari” mavzusida ma'ruza qildilar.
Shuningdek, Rishton tumani bosh imom-xatibi M.Oripov hamda Qo'shtepa tumani “G'ishtmon” masjidi imom-xatibi A.Ilyosovlar Qadamjoy tumani Uchqo'rg'on qishlog'idagi “Al-Atidiy” masjidida juma namozida ishtirok etdilar.
Ikki qardosh yurt ulamolari o'rtasida o'tkazilgan muloqotda xalqlarimiz o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik, yaxshi qo'shnichilik munosabatlari yildan-yilga rivoj topib borayotgani, muborak dinimizda qo'shnichilik rishtalariga alohida e'tibor berilgani, qolaversa so'nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining ko'plab masalalarda hamfikrligi, intilishlarining mushtarakligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanayotgani ta'kidlandi.
Rahmatulloh JALILOV,
O'MI Farg'ona viloyati vakilligi xodimi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati