Bugun, 4 dekabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent viloyatiga safarlari davomida masjidlar qavmlari, mo'ysafid otaxonlar va keng aholi vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazmoqdalar. Muftiy hazratlariga Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur domla Raupov va Diniy idora ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov hamrohlik qilmoqda.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida o'tkazilgan ana shunday muloqotlarga muhtaram Prezidentimizning Afv farmonlari asosida ozodlikka chiqqan bir guruh fuqarolar ham taklif etildi.
Muloqotda bugun xalqimizga xos kechirimlilik, insonparvarlik va bag'rikenglik qadriyatlaridan kelib chiqib, hayotda bilib-bilmay adashgan, xato qilgan insonlarga muruvvat qo'li cho'zilayotgani va ularni hayotda o'z o'rnilarini topishda ko'mak berilayotganini bildirdilar.
Darhaqiqat, chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, tanlagan yo'lini xato ekanini anglab tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan mahkumlar Davlatimiz Rahbari tomonidan afv etilayogani haqiqiy olijanoblik namunasi bo'lmoqda.
Mamlakatimizda afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishi, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishi uchun ularga ko'mak berish bo'yicha rejali ishlar olib borilmoqda.
Buning ijobiy samarasi o'laroq, ularning aksariyati hayotda o'z o'rnini topdi, kimdir tadbirkorlik, kimdir, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug'ullanmoqda, yana kimlardir davlat va jamoat tashkilotlarida samarali mehnat qilmoqda.
Ushbu o'tkazilgan suhbatlarda mana shunday fuqarolar muhtaram Prezidentimizga, xalqimizga o'z minnatdorligini bildirib, halol mehnat qilib, mamlakat rivojiga o'z hissalarini qo'shayotganlarini so'zlab berdilar.
Davlatimiz Rahbarining afv etish to'g'risidagi farmonlari qanchadan-qancha ko'ngillarga shodlik, oilalarga halovat va ro'shnolik ulashmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida imom-xatiblar ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi. Ushbu yig'ilishda so'zga chiqqan muftiy hazratlari tomonidan tizimda olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud muammolar tinglandi, echimi bo'yicha aniq takliflar berildi. Shuningdek, bugungi kunda imom-xatiblar oldida turgan muhim vazifalar, ish faoliyatni yanada takomillashtirish va jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashda ularning o'rni kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Muloqotda mamlakatimiz bo'ylab olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga etish va shukronalik hissi bilan yashash kabi jihatlarga alohida to'xtalib o'tildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.