Bugun, 4 dekabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Imomi A'zam” jome masjidi yangi binosining ochilish marosimida qatnashib, ma'ruza qildilar.
Muftiy hazratlari ma'ruzalarida masjid ahlini ushbu Allohning uyi bilan tabrik qilib, Allohning uyi bo'lgan masjid qurishning savobi ulug' ekani haqida so'zlab berdilar. Shuningdek, yurtimizdagi xayrli islohotlar va ushbu masjidga hissa qo'shgan insonlar, jumladan, Toshkent viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Hayrulloh domla Turmatovning xayrli ishlarini eslab o'tdilar va namozxonlarga yaqinda viloyat bosh imom-xatibligiga tayinlangan Jasur domla Raupovni tanishtirdilar.
Darhaqiqat, Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjid qurish va uni obod qilish borasida ko'plab targ'iblar kelgan. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom shunday dedilar: “Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha uy bunyod qiladi” (Muttafaqun alayh).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar”.
Muftiy hazratlari juma namozidan so'ng namozxonlar bilan ushbu jomeni barpo etishga hissa qo'shgan barchaning haqiga duolar qildilar. Ushbu fayzli juma namozida ulamolar, mahalla faollari, mo'ysafid otaxonlar va masjid qavmi ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun, “Masjid qurilishi 2017 yil avgust oyida boshlanib, 2020 yil avgustida yakunlandi, – deydi masjid imom-xatibi Ilyos domla Shokirov. – Jome katta xonaqoh, erto'la, alohida ayvon, ma'muriyat xonalari, majlislar zali, tahoratxona va qorovulxona va 45 metrli ikkita minoradan iborat. 2000 yaqin namozxonga mo'ljallangan.
Milliy va zamonaviy uslub uyg'unligida barpo etilgan masjid binolari devoriga oyat va duolar yozilgan. Masjid Zangiota tumanidagi “Yangi harakat” va “Eski harakat” mahallalariga xizmat qiladi. Kundalik namozlarda 100 ga yaqin, juma namozda 2000 ga yaqin kishi qatnashadi”.
Alloh taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abdulaziz YO‘LDOSHEV/«Xalq so‘zi». Samarqand shahrida «Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetmishdan ziyod ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.
Konferensiya ishtirokchilari 29 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar va ziyoratgohlardan katta taassurot oldi.
Xorijiy ulamolar bu diyor dunyo sivilizatsiyalar markazi bo‘lgani, Islom tamadduni rivojiga ham muhim hissa qo‘shgani, ko‘plab olimu ulamolarni yetishtirib berganini e’tirof etdi.
Bugun konferensiya ishtirokchilari Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati, moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalarni muhokama qiladi.
xs.uz