“Vaqf” xayriya jamoat fondining “G'amxo'r bo'laylik!” xayriya aktsiyasi Qoraqalpog'istonning olis va chekka hududlarida o'tkazildi. Hayriya tadbirlari Orol dengizi atrofida yashaydigan yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olish va ularni moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi.
2 dekabr' kuni Fond rahbari Yahyo domla Abdurahmanov Qoraqalpog'istonda bo'ldi. Safar davomida “G'amxo'r bo'laylik!” tadbiri doirasida Fondning zakot mablag'lari va Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti tomonidan homiylarni jalb qilgan holda 62,5 mln. so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari 500 nafar moddiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan, nogiron, etim-esirlar va boquvchisini yo'qotgan oilalarga ulashildi.
“G'amxo'r bo'laylik!” tadbirini chekka hududlardan biri bo'lgan Mo'ynoq tumanida ham davom etdi. Yahyo Abdurahmanov ushbu tumanda yashovchi Hojabayev Azamatning xolidan xabar oldi. Ushbu fuqaroning uyiga o't ketib, yong'in oqibatida uy-ro'zg'or buyumlari va turar joyiga talofat etgan edi. Tabiiy ofatdan zarar ko'rgan oila a'zolariga turar joyni qayta ta'mirlash uchun Fond va qoziyot tomonidan 30 mln. so'mlik qurilish materiallari olib berildi.
3 dekabr' kuni Fond rahbari Yahyo Abdurahmonov Nukus shahridagi Muhammad ibn Ahmad al Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurtida bo'ldi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi a'zolari, bilim yurti o'qituvchilari va talabalar ishtirokida muloqot o'tkazildi. Unda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tamonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan xayriya tadbirlari haqida ishtirokchilarga ma'lumot berildi. Fond tomonidan bilim yurtidagi axborot resurs markazini boyitish maqsadida, 30 turdagi 700 ga yaqin kitob taqdim etildi.
Bilim yurti mudiri Sh.Bauatdinov mehmonlarga yaratilgan shart-sharoitlar, o'quv xonalari, kutubxona, oshxona va sport zallari bilan tanishtirdi. Fond rahbari shunday keng imkoniyatlarga ega bo'lgan va barcha qulayliklar yaratilgan mazkur madrasa faoliyati bilan tanishar ekan, avvalo bu ne'matlarga shukronalik bildirish kerakligini ta'kidladi. Kelajakda ushbu maskandan ilmiga rioya qiladigan, yurtiga, xalqiga, diniga manfaat keltiradigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy singari ajdodlarimizga munosib tolibi ilmlar etishib chiqishini tilab, Alloh taologa duo qildi.
Shu kuni “Vaqf” fondi va Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti vakillari Ho'jayli va Chimboy tumanlarida bo'lishdi. Tumanda yashovchi aholining kundalik hayoti bilan tanishib, homiylarni jalb qilgan holda xayriyalar qilindi. Hususan, Ho'jayli tumanidagi tabiiy gaz bosimi past hududdagi bir nechta xonadonlarga 5 mln. so'mlik o'tin va 9 tonna toshko'mir olib berildi. Shuningdek, xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Chimboy tumanidagi 10 nafar nogironligi bo'lgan fuqarolarga 3 mln. so'm, 20 nafar kam ta'minlangan, yordamga muhtoj oilalarga 4 mln. so'm miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Qilingan xayru ehsonlarni Alloh O'z dargohida qabul qilsin.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati
Men uylangan edim. Ayolim past bo‘yli, nimjon qomatli va menga nisbatan kichik jussali edi.
Men esa Allohni inoyati ila sportchilarga xos qomatga ega, mushaklarim baquvvat va salobatli edim.
Xotinimning bo‘yi pastligi uchun men unga ko‘p marotaba hazil-mazah qilib jig‘iga tegar, uning ustidan kular edim. Masalan, ba’zan biror narsaning ortiga yashirinib olib, u kelganda qo‘qqisdan oldida paydo bo‘lib qo‘rqitar edim. Ba’zan esa, uning kundalik xotiralarini qayd etib boradigan daftarini olib, bo‘yi yetmaydigan joyga qo‘yib qo‘yar edim va bo‘yi pastligi uchun ololmay qiynalayotganini ko‘rib huzurlanib kular edim.
Gohida televizor ko‘rayotganida, gohida esa, kechki ovqatni tayyorlayotganida uni har xil usullarda bezovta qilib hazil-mazah qilar edim.
Men hazillashib uni bezovta qilishni juda yaxshi ko‘rar edim, chunki uning mendan qasos olishga uringani, lekin bunga kuchi yetmaganini ko‘rish ham menga zavq bag‘ishlar edi.
Avval boshida xotinim bundan yoqimli kayfiyat olganini ko‘rar edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan u mening bolalarcha qiliqlarimdan bezib qolayotganini seza boshladim.
Bir kuni ishga borish uchun uyqudan erta turdim. Qarasam, u nonushta tayyorlayotgan ekan. Har doimgidek, uni hazillashib qo‘rqitdim. Shunda u qattiq qo‘rquv bilan:
— Bu gal kechqurun uyga qaytganingizda, meni topa olmaysiz, — dedi.
Men uni hazillashayapti deb o‘yladim, chunki har safar uni qo‘rqitganimda u shunaqa tahdid qilar edi.
Biroq kechqurun uyga qaytib kelganimda, u yo‘q edi. Uni chaqirdim, u javob bermadi. Yana va yana chaqirdim, ammo u hech narsa demadi.
Hamma yerni qidirib chiqdim, lekin uni topa olmadim. Oxiri oshxonaga kirib, bir qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda:
— O‘zingizni asrang, men endi qaytmayman, — degan yozuvni ko‘rdim.
Shunda oyoqlarim bo‘shashib, bosa olmay qoldim. Butun boshli tanam quvvatsizlanib, o‘tirib qoldim, o‘zimni huddi ustimdan muzdek suv quygandek his qildim.
O‘sha paytda men dunyodagi eng zaif insonlardan biriga aylandim.
O‘sha kichikkina jussali, nozikkina xotinim mening asosiy quvvat manbaim bo‘lganligini, usiz men hech kim emas ekanligimni angladim.
Devorga suyangancha o‘tirib, huddi onasini yo‘qotgan go‘dak boladay yig‘ladim...
Bir payt ovqatlanish stoli ostida qandaydir narsa qimirlayotganini ko‘rib qoldim va o‘sha yerdan past ovozdagi kulgi eshitildi.
Ha, u edi! U o‘sha yerga yashirinib olgan ekan.
Shunda men unga o‘zimni otdim va uni qattiq bag‘rimga bosib quchoqlar ekanman, ko‘zlarimdan shashqator yosh oqar edi.
U esa meni qo‘rqitishni uddalay olganidan quvonib o‘zini kulishdan tiya olmas edi.
Shunday qilib, o‘g‘rini qaroqchi urdi deganlaridek, o‘zimning hiylam o‘zimga qarshi ishladi. Shundagina tushundimki, o‘sha kuchsizgina ayolimsiz men dunyodagi eng zaif inson ekanman.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV