Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Oilada kim rahbar?

02.12.2020   3519   9 min.
Oilada kim rahbar?

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: 

Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh birovlarini birovlaridan (ya'ni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o'z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. 

 (Niso surasi, 34-oyat)

 Aksariyat erkaklar tomonidan bo'ladigan jamiyki harakatlar, intilishlar, bunyodkorlik, kashfiyotlar, qahramonliklar, yutuqlar va jangu-jadallar va hokazolarning ortida oxir-oqibat, ayolning rizoligi, e'tibori, e'tirofi, mehri, sevgi-muhabbatini qozonish istagi yotadi.

Masalan, Chin shahzodasi Farhodga suv etishmovdimiki, Armanistonga kelib, tog'ni talqon qilib, suv chiqaradi?! Yo'q, unga Shirinning sevgisini qozonishi muhim edi. Tarixdan  bunday misollarni son-sanoqsiz keltirish mumkin. Ne-ne ulug' saltanatlarning paydo bo'lishi va inqirozi tarixi sinchiklab o'rganilsa, aksariyat hollarda ayollarning hal qiluvchi ishtirokini albatta kzatasiz.

Masalaning ikkinchi jihati bor: qancha qat'iyat va sa'y-harakatlar bilan suyuklisiga erishgan erkak, so'ngra ayoliga qay darajada “bo'ysunishi” kerak? Darrov tan olamiz: savolni bu taxlit qo'yish – mutlaqo noo'rindir. Hayotda turli masalalar yuzasidan ayoli bilan bamaslahat ish tutish, ayoli “chizgan chiziq”dan chiqmaslik, inon-ixtiyorini butkul unga topshirish – har kimning o'z shaxsiy ishidir. O'shandaylarga qarata: “Erkakday bo'l”, deya “maslahat” bermoqchi emasmiz.

Ammo, oilada kim etakchi bo'lsa, farzandlar ham ko'proq o'shanga ergashishadi. Zero, farzandlar otadan andisha qilibmi, yo hayiqibmi, ko'p hollarda o'z dardlarini onaga aytadilar. Biror ishga jazm etsalar, avvalo onaga maslahat solishadi. Ona qay qarorga kelsa, bolalar uchun shu ma'qul bo'ladi. Natijada, oilada otaning obro'si tushadi, qadri pasayadi.

Mutaxassislarning fikricha, odamlarning taxminan 70 foizi boshqalar fikriga qarab ish yuritishadi. Faqat 30 foiz odamlargina o'z mustaqil fikriga ega.

Balki, shu 30 foizning ham aksariyatini ayollar tashkil qilar?

Sir emaski, uyda ayol erkakka g'oya va maslahat beradi, qo'llab-quvvatlaydi, ilhomlantiradi, maqsad sari yo'naltiradi, rag'batlantiradi va hokazo. Erkak esa bulardan kuch-quvvat olib, ta'bir joiz bo'lsa, tog'ni talqon qiladi, qahramonliklar ko'rsatadi. Yoki, bir donishmand so'zi bilan aytsak, “Erning jamiyatga ko'rsatgan ta'siri – xotinning erga o'tkazgan ta'sirining aksidir”.

“Ayol ovozining nafisligi bilan eridan ustun turmog'i lozim”, - deydi Mahmud Qoshg'ariy. Ayol ovozining mayin bo'lmoqligi esa uning botiniga ko'p jihatdan bog'liq. Botinida bo'ronlar guvillab turgan ayolning ovoziyam shiddatli, tashvishli bo'ladi. Ayolning birinchi vazifasi oilani boshqarish emas, kelajak uchun sog'lom nasllar berish, issiq mehri, tengsiz jozibasiga qorilgan go'zal tarbiyasi bilan millatni oyoqqa turg'azishdan iborat. Buning uchun ayolning o'zi sog'lom bo'lishi shart.

Aslida, ayolning maslahatiga quloq tutish – Odam Atodan qolgan sunnat, deyish mumkin. Axir, nima bo'lganidayam, Momo Havvo, bobomizni o'sha ta'qiqlangan mevani totib ko'rishga ko'ndirganlar-ku. Odam otamiz, Momomizning taklifiga ro'yxushlik berganlar-da. Lekin, bu ro'yxushlik qanday oqibatga olib keldi?

O'tmishda ko'plab sarkardalarning halokatlariga, Husayn Boyqaroning xatolariga kimlar sababchi bo'lganini bir esga oling. A'louddin Muhammad Horazmshoh, yurt uchun hayot-mamot masalasida onasi Turkon xotunning yo'rig'iga bo'ysungani qanday oqibat keltirdi?

Balki, shuning uchundir, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari avlodlarga mana bunday o'gitni yozib qoldirganlar: “Hotinlar bilan faqat ular aytganining teskarisini qilish uchungina maslahatlashish kerak”.

Qanchalik g'alati tuyulmasin, uylangandan so'ng, aksariyat erkaklarda g'aroyib ruhiy o'zgarishlar sodir bo'ladi. Ancha-muncha asov yigitlar ham “bosilib” qolishadi. Ruhshunoslarning izohicha, bu muhabbat emas, “murosa”. Ayrim erkaklar esa, na muhabbat, na murosa, deyishadi. Mardona tan olib, mazkur holatni “xotindan qo'rqish”, deb atashadi. Yuqorida, oilaviy hayotda murosayu-madora qilishlik – har kimning o'z shaxsiy ishi, dedik. Lekin shunda ham ota-ona, do'st-birodarlar, mahalla-kuy nazarini e'tiborga olish – oqil erlar ishidir.

Murosai-madoraning chegarasi qayerda? Bu “chegara”dan keyin xotindan qo'rqish boshlanadimi, yoki “xotinquli”likmi? Balki, Alloh hukmini inkor etishdir? Hudo ko'rsatmasin.

Imom Ahmaddan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Uch kishi borki, Alloh taolo ularga jannatni harom qilgan: aroqqa mukkasidan ketgan, oqq bo'lgan, ahlida iflos ish (zino) sodir bo'lishiga rozi bo'lgan kimsa”.

Oilashunos psixologlarning ayollar guvohligisiz, yashirin o'tkazilgan “Nega xotiningizdan qo'rqasiz?” so'rovnomasi natijasida quyidagilar ayon bo'ldi:

  • Erkak o'z va'dalari ustidan chiqmayotgani uchun xotinining oldida tili qisiq bo'lib qoladi va har safar shu holatga duch kelganida qo'rquvni his etadi. (Nima(yoki kim)dan qo'rquv?!)
  • Hotin ro'zg'or qoidalari haqida bilib-bilmay har kuni besh soat ma'ruza o'qiydi. Boyaqish erning miyasiga qoidalar singib ketadi. Misol uchun, uydagi narsani birovga berib yubormaslik. Qo'shni biror narsa so'rab kirsa, “ma'ruza” ta'sirida yurgan er, o'la qolsa ham bermaydi. Shunda qo'shni nima deb o'ylaydi? “Hotinquli!”
  • Erkak uy-ro'zg'or ishlarining aksariyatiga yaxshi tushunmaydi, xotinining aytgani to'g'ri chiqaveradi. Bir necha yildan so'ng er xato qilishdan shunday qo'rqib qoladiki, xotinining aytgani-aytgan, degani-degan bo'ladi...
  • Rahbarlikda ishlaydigan erlarning xotinidan qo'rqish sababi – yuqoriga arz qilishi mumkinligi. Chunki xotini arz qilib, erini mansabidan bo'shattirib tashlagan hollar ko'p kuzatilgan.
  • Ota-onasi yoki qaynota-qaynonasi oldida mulzam bo'lishni istamaydilar, agar xotini shulardan kimgadir chaqmoqchi bo'lsa, xotinidan qo'rqib qoladi.
  • Uyda yakkama-yakka janjal chiqishidan, arazlashlar haftalab davom etishidan bezorlar ham xotinidan qo'rqishadi.
  • Bolalarni etaklab ketib qolib, sog'intiradigan xotinlardan-da erlar cho'chishadi.
  • Qarg'ish olishni istamagani uchun xotinidan qo'rqadiganlar onda-sonda bo'lsa-da, uchrab turadi.
  • Shuningdek, xotini boshqasi bilan topishib ketishidan qo'rqib, izmidan chiqolmaydiganlar ham bor.
  • Ichkuyov, xotini pul topadigan, qaynota yoki xotini hisobidan yashaydiganlar ham xotinidan qattiq qo'rqar ekan.

“Sharq hikoyat va rivoyatlari” kitobida shunday voqea keltirilgan: Sulaymon alayhissalomdan xotini tovus patidan ko'shku ayvon qurib berishni so'rabdi. Malikaning iltimosini ikki qilolmagan payg'ambar qushlarning boshliqlarini bir erga to'plab, maslahat qilmoqchi bo'libdi.

Majlisga boyo'g'li kechikib kelibdi. Sababini so'raganida shunday javob qilibdi:

– Ikki masalaning echimini topish bilan band edim.

– Qanday masalalar ekan u?

–  Birinchisi: shu zamonda o'lik ko'pmi, yo tirik?

– Seningcha, qay biri ko'p?

– O'lik ko'p, chunki bomdod nomoziga turmay g'aflat uyqusida yotganlar ham o'lik qatorida sanaladi.

– Ho'sh, ikkinchi masala nima ekan?

– Hotin ko'pmi, yoki erkak?

– Qaysi biri ko'p ekan?

– Hotin, chunki xotinning yo'rig'iga yurganlar ham shu hisobga kiradi.

Bu gapni eshitgan payg'ambar hech narsa demay majlisni tarqatib yuboribdi.

Dinimiz bizga oilaviy munosabatlar hamda baxtli hayot kechirmoq uchun aniq va tartibli qoidalarni Qur'on oyatlari va Payg'ambar alayhissalom sunnatlari orqali ko'rsatib bergan.

Musulmon erkak rijol – mard, shijoatli, rashkli bo'ladi. Mardlargina oilasini, iymonini, dinini, xalqini va vatanini himoya qila oladi. Qo'rqoq, jur'atsiz, beparvo, dayuslar esa ahlini ham, iymonini ham vatanini ham qo'riqlashga qodir bo'lmaydi.

Hadisi sharifda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kim uylansa, yaxshi niyat bilan oila qursa, uning dinining yarmi mukammal bo'ldi, qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin, Allohdan qo'rqsin”, deya marhamat qilganlar. Demak, har bir muslim va muslima, er va xotinlik darajasiga etgandan so'ng o'z burch va vazifalarini, bir-birlaridagi haqlarini yaxshi anglab etib, unga amal qilmog'i lozim. Shundagina baxtiyor oilaga aylanadi.

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   2971   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari