Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh birovlarini birovlaridan (ya'ni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o'z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir.
(Niso surasi, 34-oyat)
Aksariyat erkaklar tomonidan bo'ladigan jamiyki harakatlar, intilishlar, bunyodkorlik, kashfiyotlar, qahramonliklar, yutuqlar va jangu-jadallar va hokazolarning ortida oxir-oqibat, ayolning rizoligi, e'tibori, e'tirofi, mehri, sevgi-muhabbatini qozonish istagi yotadi.
Masalan, Chin shahzodasi Farhodga suv etishmovdimiki, Armanistonga kelib, tog'ni talqon qilib, suv chiqaradi?! Yo'q, unga Shirinning sevgisini qozonishi muhim edi. Tarixdan bunday misollarni son-sanoqsiz keltirish mumkin. Ne-ne ulug' saltanatlarning paydo bo'lishi va inqirozi tarixi sinchiklab o'rganilsa, aksariyat hollarda ayollarning hal qiluvchi ishtirokini albatta kzatasiz.
Masalaning ikkinchi jihati bor: qancha qat'iyat va sa'y-harakatlar bilan suyuklisiga erishgan erkak, so'ngra ayoliga qay darajada “bo'ysunishi” kerak? Darrov tan olamiz: savolni bu taxlit qo'yish – mutlaqo noo'rindir. Hayotda turli masalalar yuzasidan ayoli bilan bamaslahat ish tutish, ayoli “chizgan chiziq”dan chiqmaslik, inon-ixtiyorini butkul unga topshirish – har kimning o'z shaxsiy ishidir. O'shandaylarga qarata: “Erkakday bo'l”, deya “maslahat” bermoqchi emasmiz.
Ammo, oilada kim etakchi bo'lsa, farzandlar ham ko'proq o'shanga ergashishadi. Zero, farzandlar otadan andisha qilibmi, yo hayiqibmi, ko'p hollarda o'z dardlarini onaga aytadilar. Biror ishga jazm etsalar, avvalo onaga maslahat solishadi. Ona qay qarorga kelsa, bolalar uchun shu ma'qul bo'ladi. Natijada, oilada otaning obro'si tushadi, qadri pasayadi.
Mutaxassislarning fikricha, odamlarning taxminan 70 foizi boshqalar fikriga qarab ish yuritishadi. Faqat 30 foiz odamlargina o'z mustaqil fikriga ega.
Balki, shu 30 foizning ham aksariyatini ayollar tashkil qilar?
Sir emaski, uyda ayol erkakka g'oya va maslahat beradi, qo'llab-quvvatlaydi, ilhomlantiradi, maqsad sari yo'naltiradi, rag'batlantiradi va hokazo. Erkak esa bulardan kuch-quvvat olib, ta'bir joiz bo'lsa, tog'ni talqon qiladi, qahramonliklar ko'rsatadi. Yoki, bir donishmand so'zi bilan aytsak, “Erning jamiyatga ko'rsatgan ta'siri – xotinning erga o'tkazgan ta'sirining aksidir”.
“Ayol ovozining nafisligi bilan eridan ustun turmog'i lozim”, - deydi Mahmud Qoshg'ariy. Ayol ovozining mayin bo'lmoqligi esa uning botiniga ko'p jihatdan bog'liq. Botinida bo'ronlar guvillab turgan ayolning ovoziyam shiddatli, tashvishli bo'ladi. Ayolning birinchi vazifasi oilani boshqarish emas, kelajak uchun sog'lom nasllar berish, issiq mehri, tengsiz jozibasiga qorilgan go'zal tarbiyasi bilan millatni oyoqqa turg'azishdan iborat. Buning uchun ayolning o'zi sog'lom bo'lishi shart.
Aslida, ayolning maslahatiga quloq tutish – Odam Atodan qolgan sunnat, deyish mumkin. Axir, nima bo'lganidayam, Momo Havvo, bobomizni o'sha ta'qiqlangan mevani totib ko'rishga ko'ndirganlar-ku. Odam otamiz, Momomizning taklifiga ro'yxushlik berganlar-da. Lekin, bu ro'yxushlik qanday oqibatga olib keldi?
O'tmishda ko'plab sarkardalarning halokatlariga, Husayn Boyqaroning xatolariga kimlar sababchi bo'lganini bir esga oling. A'louddin Muhammad Horazmshoh, yurt uchun hayot-mamot masalasida onasi Turkon xotunning yo'rig'iga bo'ysungani qanday oqibat keltirdi?
Balki, shuning uchundir, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari avlodlarga mana bunday o'gitni yozib qoldirganlar: “Hotinlar bilan faqat ular aytganining teskarisini qilish uchungina maslahatlashish kerak”.
Qanchalik g'alati tuyulmasin, uylangandan so'ng, aksariyat erkaklarda g'aroyib ruhiy o'zgarishlar sodir bo'ladi. Ancha-muncha asov yigitlar ham “bosilib” qolishadi. Ruhshunoslarning izohicha, bu muhabbat emas, “murosa”. Ayrim erkaklar esa, na muhabbat, na murosa, deyishadi. Mardona tan olib, mazkur holatni “xotindan qo'rqish”, deb atashadi. Yuqorida, oilaviy hayotda murosayu-madora qilishlik – har kimning o'z shaxsiy ishi, dedik. Lekin shunda ham ota-ona, do'st-birodarlar, mahalla-kuy nazarini e'tiborga olish – oqil erlar ishidir.
Murosai-madoraning chegarasi qayerda? Bu “chegara”dan keyin xotindan qo'rqish boshlanadimi, yoki “xotinquli”likmi? Balki, Alloh hukmini inkor etishdir? Hudo ko'rsatmasin.
Imom Ahmaddan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Uch kishi borki, Alloh taolo ularga jannatni harom qilgan: aroqqa mukkasidan ketgan, oqq bo'lgan, ahlida iflos ish (zino) sodir bo'lishiga rozi bo'lgan kimsa”.
Oilashunos psixologlarning ayollar guvohligisiz, yashirin o'tkazilgan “Nega xotiningizdan qo'rqasiz?” so'rovnomasi natijasida quyidagilar ayon bo'ldi:
“Sharq hikoyat va rivoyatlari” kitobida shunday voqea keltirilgan: Sulaymon alayhissalomdan xotini tovus patidan ko'shku ayvon qurib berishni so'rabdi. Malikaning iltimosini ikki qilolmagan payg'ambar qushlarning boshliqlarini bir erga to'plab, maslahat qilmoqchi bo'libdi.
Majlisga boyo'g'li kechikib kelibdi. Sababini so'raganida shunday javob qilibdi:
– Ikki masalaning echimini topish bilan band edim.
– Qanday masalalar ekan u?
– Birinchisi: shu zamonda o'lik ko'pmi, yo tirik?
– Seningcha, qay biri ko'p?
– O'lik ko'p, chunki bomdod nomoziga turmay g'aflat uyqusida yotganlar ham o'lik qatorida sanaladi.
– Ho'sh, ikkinchi masala nima ekan?
– Hotin ko'pmi, yoki erkak?
– Qaysi biri ko'p ekan?
– Hotin, chunki xotinning yo'rig'iga yurganlar ham shu hisobga kiradi.
Bu gapni eshitgan payg'ambar hech narsa demay majlisni tarqatib yuboribdi.
Dinimiz bizga oilaviy munosabatlar hamda baxtli hayot kechirmoq uchun aniq va tartibli qoidalarni Qur'on oyatlari va Payg'ambar alayhissalom sunnatlari orqali ko'rsatib bergan.
Musulmon erkak rijol – mard, shijoatli, rashkli bo'ladi. Mardlargina oilasini, iymonini, dinini, xalqini va vatanini himoya qila oladi. Qo'rqoq, jur'atsiz, beparvo, dayuslar esa ahlini ham, iymonini ham vatanini ham qo'riqlashga qodir bo'lmaydi.
Hadisi sharifda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kim uylansa, yaxshi niyat bilan oila qursa, uning dinining yarmi mukammal bo'ldi, qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin, Allohdan qo'rqsin”, deya marhamat qilganlar. Demak, har bir muslim va muslima, er va xotinlik darajasiga etgandan so'ng o'z burch va vazifalarini, bir-birlaridagi haqlarini yaxshi anglab etib, unga amal qilmog'i lozim. Shundagina baxtiyor oilaga aylanadi.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.