Joriy yilning 1 dekabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov va Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Ikromxon Najmiddinovlar To'raqo'rg'on tumaniga tashrif buyurdilar.
Tashrif tumandagi bolalar va o'smirlar sport maktabidan boshlandi. 21 sport turi bo'yicha 3000 nafar ushmagan aholi vakillari sport bilan shug'ullanayotgan ushbu dargohda uchrashuv o'tkazildi. Uchrashuv davomida viloyat, respublika va osiyo miqyosida chempion bo'lib, oltin medalni qo'lga kiritgan 26 nafar sportchilar va ularning murabbiylariga viloyat vakilligining esdalik sovg'alari topshirildi.
Shundan so'ng tumandagi Madaniyat markazida “Chustko'prik” va “Isfaxon” MFY faollari bilan uchrashuv o'tkazildi. 80 nafar aholi vakillari ishtirok etgan uchrashuvda “Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish”, “Aqidaparastlikning salbiy oqibatlari”, “Yoshlar o'rtasida o'z joniga qasd qilishning oldini olish”, “Giyoxvandlik va OITSning zararlari”, “Oila – muqaddas dargoh” mavzusida ma'ruza qilindi.
Tashrif davomida tuman hokimligi va tuman ichki ishlar bo'limi bilan hamkorlikda tumandagi nizoli oilalar bilan suhbatlar o'tkazilib, ularga hayotiy misollar asosida tavsiya va ko'rsatmalar berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.
Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).
Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.