O'zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o'rinbosari, Oksford Islom tadqiqotlari markazi (OITM) xalqaro akademik maslahat qo'mitasining a'zosi Sodiq Safoyev mazkur maslahat qo'mitasining videokonferentsaloqa shaklida bo'lib o'tgan navbatdagi yig'ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Senat Axborot xizmati xabariga ko'ra, yig'ilishida markaz faoliyatining asosiy yo'nalishlari, xalqaro hamkorlikning istiqboldagi ustuvor yo'nalishlari ko'rib chiqildi.
OITM rahbari, doktor F.Nizomiy raislik qilgan yig'ilishda musulmon mamlakatlarining qator taniqli siyosatchilari, olimlari va jamoat arboblari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan musulmonlar hamjamiyati hamda islom fani sohasidagi o'qitish va tadqiqot faoliyatining ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, sog'liqni saqlash, fan va texnologiyalar bo'yicha loyihalar, stipendiyalar va grantlar ajratish, etakchilik dasturlari, xalqaro akademik hamkorlik va boshqa masalalar ko'rib chiqildi.
OITM va O'zbekiston Respublikasi o'rtasidagi munosabatlar 1992 yilda o'rnatilgan. Markaz mutaxassislari Ummon hukumati tomonidan Toshkentdagi Beruniy kutubxonasi loyihasini amalga oshirish uchun jalb qilindi.
O'zbekiston yosh tadqiqotchilari OITMda muntazam ravishda Markaziy Osiyo vakillari uchun yaratilgan Buxoriy va Termiziy nomli stipendiyalar asosida malaka oshiradi. Markaz tomonidan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent Islom universiteti huzuridagi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Islom tsivilizatsiyasi markazi va O'zbekistonning madaniy qadriyatlarini xorijda o'rganish markazi bilan hamkorlik to'g'risida memorandumlar imzolangan.
2018 yil mart oyida Islom tsivilizatsiyasi, Imom Buxoriy, Madaniy boyliklarni xorijda o'rganish markazlari va Toshkent islom universiteti qoshidagi Tadqiqot markazi xodimlaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi OITMga tashrif buyurgan edi. Tashrif yakunlari bo'yicha 2018-2022 yillarda O'zbekiston va Buyuk Britaniyaning ilmiy markazlari o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha «yo'l xaritasi» tasdiqlangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.