Gohida odamlar orasida “falonchini ko'zi tegdi. U kelib-ketganidan keyin ahvolim og'irlashib qoldi” degan gap-so'zlar quloqqa chalinib qoladi. Ayni voqe'likda ham bu kabi hodisalarga ko'p bora to'qnash kelamiz. Halqimiz orasida ko'z tegishi va uning ayanchli oqibatlari xaqidagi hodisalar zarbulmasal bo'lib ketgan. Shuning uchun bo'lsa kerak, odamlar ko'z tegishidan saqlanish maqsadida turli chora-tadbirlarni qo'llaydilar. Kimlardir xonadonining kirish yo'laklariga taqa qoqib qo'yadi, kimlardir boshqa allanimalarnidir osib qo'yadi. Ayrimlar isiriq ilib qo'yadi va hokazo. Ayrim onalar shirintoy bolachalarning beshigiga oyati karimalar yozilgan qog'ozlarni tumor qilib osib qo'yadilar. Yoki ularning yuz va peshonalariga qandaydir chiziqlar chizib qo'yadilar. Bulardan maqsad ushbu shirintoylarni ko'rgan odamning ilk nigohi mana shu chiziqlarga tushishi uchundir. Undan tashqari xalqimiz orasida “ko'zi bor odam bir engini orqaga qayirib yursin” degan so'z ham ma'lum va mashhur.
Bu masala qadim-qadimdan davom etib kelayotgan jarayon bo'lgani uchun ham hech kimga sir emas.
Bu kabi ishlar orasida bola beshigiga tumor yoki ko'zmunchoq taqish masalasi ancha ixtiloflidir. Umuman olganda tumor, isiriq, ko'zmunchoq kabi narsalarni osib qo'yib aynan shulardan najot kutish, mana shu narsalar bizni balo-qazolardan saqlaydi, deb e'tiqod qilish shirk amali hisoblanadi.
Masalan dori ichgan odam ham dorini “Alloh taoloning izni bilangina shifo bo'ladi” degan e'tiqod bilan iste'mol qilishi kerak. Aks holda bu ish ham isiriq masalasiga uxshab shirk tomoniga aylanib ketishi mumkin. Ayrim odamlar mozorlarga borib u erni tuprog'idan olib kelib nimalardir qilishlari, turli yolg'onchi azayimxonlarning eshigiga zir yugurishlari, qora tovuq, qizil xo'roz suyish kerak deyishlari, “haftaning falon kuni u ishni qil, falon kuni bu ishni qil” qabilidagi yondashuvlarning barchasi bid'at xurofotlardir. 21-asrning madaniyatli kishisi uchun uyatli tushuncha emasmi!?
Bu aytganlarimiz ayrim odamlarni ko'z borasidagi bugungi yondashuvlari bo'lib u kabi ishlarni hammasini ham shar'an to'g'ri deb bo'lmaydi, albatta. Aslida boshqa masalalarda bo'lgani kabi ko'z tegishi borasida ham Kitob va Sunnatda shariatimizning aniq ko'rsatmalari vorid bo'lgan. Ko'z tegishiga oid hodisalar sahobalarning hayotida ham tez-tez sodir bo'lib turar edi. Ammo sahobalar ularni muolajasi uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojat qilar va bu boradagi ko'rsatmalariga qat'iy amal qilar edilar. Ulamolarimiz mavzuga oid barcha dalillarni o'rganib chiqib, ko'z tegishi haqiqat ekanini takidlaydilar. Uning muolajasi borasida ham Kitob va Sunnatda bir qator ko'rsatmalar vorid bo'lgan bo'lib ulamolarimiz ularni batafsil bayon qilganlar. Demak ko'z tegishi shariatda tan olingan holat bo'lib ayni paytda undan saqlanish choralari, bordi-yu tegib qolsa uni bartaraf qilish yo'llari ham aniq ko'rsatib o'tilgan. Biz quyida, mazkur ko'z tegishi borasida vorid bo'lgan shariy dalillarni o'rganib chiqamiz.
Ko'z tegishi haqiqat ekaniga Kitob va Sunnatdan dalillar
Qur'oni karimning xabar berishicha, Yoqub alayhissalom o'g'illarini Misrga jo'nata turib ularga shunday nasihat qiladilar:
“U: «Ey o'g'illarim, bitta eshikdan kirmanglar, turli eshiklardan kiringlar. Men sizlardan Allohning hech narsasini qaytara olmayman. Hukm qilish faqat Allohning O'ziga xosdir. Ungagina tavakkal qildim. Tavakkal qilguvchilar faqat Ungagina tavakkal qilsinlar», dedi.
Otalari amr etgan tomondan kirdilar. Zotan, bu ulardan Allohning hech bir narsasini qaytara olmas edi. Magar Ya'qubning ko'nglidagi ehtiyoj bo'lib, uni qondirdi, xolos. Albatta, u Biz ta'lim berganimiz tufayli bilim sohibi edi. Lekin ko'pchilik odamlar bilmaslar (Yusuf, 67-68).
Mufassirlarimiz jumladan Hafiz ibni Kasir rohimahulloh ushbu ikki oyati karima haqida “Yoqubalayhissalomningbuerdaginasihatlariulargako'ztegishidanqo'rqqanlariuchun. Chunki Yoqib alayhissalomning o'g'illari ko'rkam va ko'zga tashlanib turar edi. Zero ko'z otliqni otdan yiqitishi haqdir” deydilar.
Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ko'z tegishi haqdur” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ko'z odamni qabrga, tuyani esa qozonga tushiradi”.
Buxoriy va boshqa muhaddislarimizning keltirishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarning haqiga quyidagi lafzlar bilan duo qilar edilar:
“Har ikkalangiz uchun ham Alloh taoloning mukammal so'zlari bilan shayton va uning barcha yomonliklaridan va barcha hasadgo'y ko'zdan panoh so'rayman”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni qilib bo'lib shunday dedilar:“Ibrohim (alayhissalom) ikki o'g'li Ismoil va Ishoq(alayhimahassalom)lar haqiga ushbu so'zlar bilan duo qilar edi”.
Anas ibni Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'z tegishi, zaharli hashoratlarning chaqishi va yara-chaqalar paydo bo'lishida ruqyaga ruxsat (maxsus oyatlarni terib o'qib dam urish) berdilar”.
Ko'z haqida bulardan tashqari ham bir qancha mutavotir darajadagi xadisi shariflar vorid bo'lgan bo'lsada biz aytib o'tilganlari bilan kifoyalanamiz. Kelgusida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning undan saqlanish va xalos bo'lish borasidagi ko'rsatmalarini ham o'rganib chiqamiz.
(davomi bor)
Toshkent shahridagi
"Umar ibn Hattob" masjidi imom noibi
Tohir Vohid
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati