O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida” PQ-2774-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.
Joriy yil 30 noyabr' kuni ZOOM platformasi orqali Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Axmedov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov va viloyat, shahar-tuman bosh imomlari hamda ulamolar ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda marhum manbashunos olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov domla boshlagan ishlarni davom ettirish, Markazga quyilgan vazifalarning ijrosini o'z vaqtida va sifatli ta'minlash maqsadida Markaz direktori lavozimiga yuqori malakali va salohiyatli nomzodni tayinlash kun tartibidagi asosiy vazifa etib belgilandi.
✅Shu vaqtga qadar Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi direktori lavozimida faoliyat olib borayotgan Umarov Shukurillo Hursandmurodovich Markaz direktori lavozimiga tayinlandi.
So'zga chiqqanlar tomonidan yakuniga etib borayotgan 2020 yilda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Jumladan, uning faoliyatidagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Shuningdek, kelgusida Markaz faoliyatni yanada takomillashtirish, turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning ma'naviy merosini chuqur o'rganish, ulardagi ezgu g'oya va ta'limotlarni keng xalq ommasiga etkazish va shu asosda yoshlarda sog'lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ma'naviy merosimizni o'rganishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish borasida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD