Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Qur'on ilmlari: MUTAShOBIHNING QISMLARI

28.11.2020   1938   29 min.
Qur'on ilmlari: MUTAShOBIHNING QISMLARI

Mutashobih uch qismga taqsimlanadi:

  1. Faqat lafz jihatidan mutashobih.
  2. Faqat ma'no jihatidan mutashobih.
  3. Ham lafz jihatidan, ham ma'no jihatidan mutashobih. Endi bularning har birini alohida o'rganamiz.
  4. Lafz jihatidan mutashobix, ikki xildir:

Birinchisi yakka so'zlarda bo'ladi.

Bu ham o'z navbatida ikki turli bo'ladi.

A) Yakka so'zlardagi mutashobihning birinchi turi bir so'zning fasohatli arab tilida oz ishlatilishi sababidan bo'ladi. Misol uchun, Abasa surasining 31-oyatidagi

وَفَٰكِهَةٗ وَأَبّٗا٣١

«Va fakihatan va abban» – «va meva-chevayu, o't-o'lan» larni» degan qavlni olaylik. Bu erda «abban» so'zi mutashobihdir. U ushbu oyatdan boshqa joyda ishlatilgani kam uchraydi. Shuning uchun uning ma'nosini anglab olish mushkul bo'ladi. Hazrati Umar roziyallohu anhudek zot ham ushbu oyatni tilovat qilib turib, «Fakihatan»ni-ku, bilamiz, «abban» nima degani?» deb hayron bo'lganlar. Huddi shunga o'xshash holat hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuda ham bo'lgan. Aslida bu so'z «o't-o'lan», «xashak», «somon» degan ma'nolarni anglatadi. Ushbu narsalarni faqat bitta so'z bi-lan ifoda qilish uchun «abban» so'zidan boshqa so'z yaramaydi. Bu ham Qur'oni Karimning mo''jizalaridandir.

Alloh taolo Soffaat surasining 94-oyatida marhamat qiladi:

فَأَقۡبَلُوٓاْ إِلَيۡهِ يَزِفُّونَ٩٤

«Fa-aqbaluu rlayhi yaziffuun» – «U tomon shoshib, bir-birlarini turtib kelishdi».

Ushbu oyatdagi «yaziffuun» so'zi ham yakka so'zlarda lafz jihatidan mutashobih sirasiga kiradi. Aslida bu so'z shamolning tez esishi va tuyaqushning uchishga yaqin tez chopishiga nisbatan ishlatiladi. Oyatda mushriklarning Ibrohim alayhissalom tomon shoshib-pishib, tezroq borish uchun bir-birlarini turtishib-surishib etib kelishi mazkur shamolning esishiga va tuyaqushning chopishiga o'xshatilmoqda. Bu so'z juda kam ishlatilgani uchun ko'pchilik uni anglashi mushkul bo'ladi.

Ammo ushbu oyatda aynan «yaziffuun» so'zining ishlatilishi Qur'oni Karimning balog'at va fasohatdagi mo''jizalaridandir. Agar bu so'zning o'rniga boshqa so'z ishlatilsa, ma'no to'liq chiqmas edi. Chunki «yaziffuun»da ham shoshilish, ham shoshiltirish ma'nolari bordir. Ibrohim alayhissalomga dushman bo'lgan mushriklar o'zlari shoshilishlari bilan birga, o'zgalarni ham shoshiltirganlar.

Boshqa bir misol keltiraylik.

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:

وَإِذَا طَلَّقۡتُمُ ٱلنِّسَآءَ فَبَلَغۡنَ أَجَلَهُنَّ فَلَا تَعۡضُلُوهُنَّ أَن يَنكِحۡنَ أَزۡوَٰجَهُنَّ إِذَا تَرَٰضَوۡاْ بَيۡنَهُم بِٱلۡمَعۡرُوفِۗ

«Hotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari oxiriga etganda, yaxshilik bilan o'zaro rozi bo'lishib, erlariga qayta nikoxlayeishlarini man qilib, ushlab turmang»(232-oyat).

Ushbu oyatdagi «Falaa ta'duluhunna» birikmasi «Ularni man qilib, ushlab turmang» deya tarjima qilinadi. Bu erda «ta'dulu» (o'zagi «'adl») so'zi mutashobihdir. Chunki odatda uning o'rniga «man'» - «man qilish» va «habs» - «ushlab turish» so'zlari ishlatib kelinadi. Shuning uchun «'adl» so'zi ishlatilganda, bu haqda ma'lumoti bo'lmagan odamlarga tushunarsiz bo'lib ko'rinadi. Ammo ushbu joyda aynan «'adl» so'zining ishlatilishi Qur'oni Karimning mo''jizasidir, chunki bitta shu so'zning o'zida ham «man qilish», ham «ushlab turish» ma'nolari bordir. Agar uning o'rniga «man» so'zi ishlatilsa, «ushlab turish» ma'nosi qolib ketardi. Agar uning o'rniga «habs» so'zi ishlatilsa, «man» so'zidan anglanadigan ma'no qolib ketar edi.

B) Yakka so'zlardagi mutashobihning ikkinchi turi lafzdagi mushtaraklik jihatidan bo'ladi. Unda lafz aslida bir necha ma'noni anglatadigan bo'ladi, ammo o'sha ma'nolarning birini ifoda qilish uchun ishlatiladi va shu bilan birga, kuchli sabab bo'lmaydi. U xuddi avval o'tgan mujmalga o'xshaydi.

Lafz jihatidan mutashobihning ikkinchisi murakkab kalomning jumlasiga hamda undagi so'zlarning tartibiga bog'liq bo'ladi va ular uch turlidir:

a) Mutashobihlik kalomning muxtasar qilingani va tushunish uchun «gapning tagida gap bor» qabilida biror narsani qo'shish lozimligi yuzasidan bo'ladi.

Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:

وَإِنۡ خِفۡتُمۡ أَلَّا تُقۡسِطُواْ فِي ٱلۡيَتَٰمَىٰ فَٱنكِحُواْ مَا طَابَ لَكُم مِّنَ ٱلنِّسَآءِ مَثۡنَىٰ وَثُلَٰثَ وَرُبَٰعَۖ

«Agar etimlarga adolat qila olmaslikdan qo'rq-sangiz, o'zingizga yoqqan ayollardan ikkitami, uchtami, to'rttami, nikoxlab oling»(3-oyat).

Bu oyati karimaning ma'nolarini to'g'ri tushunish, undan kelib chiqadigan hukmlarni o'z o'rnida anglash uchun bir qancha qo'shimcha ma'lumotlarga ehtiyoj tushadi. Sirtdan qaraganda, etimlarga adolat qila olmaslikdan qo'rqqan kishiga ikkita, uchta yoki to'rtta xotin olishni tavsiya qilish g'alati tuyuladi. Bu sirni anglashda bizga Imom Buxoriy Ibn Shihobdan qilgan rivoyat yordam beradi:

«Menga Urva ibn Zubayr xabar berdiki, u Oisha onamizdan  «Agar  etimlarga  adolat  qila  olmaslikdan qo'rqsangiz» oyati haqida so'ragan ekan, u kishi roziyallohu anho: «Ey jiyan! Bir etim qiz kafilining qaramog'ida bo'ladi. Qiz uning moliga sherik bo'ladi. Qizning moli ham, jamoli ham uni o'ziga tortadi-da, uning mahrida adolatli bo'lmay, unga uylanmoqchi bo'ladi. Unga boshqalar beradigan mahrni bermoqchi bo'ladi. Bas, adolatli bo'lmasalar, ularga uylanishdan qaytarildilar, boshqa ayollarga uylanishga amr qilindilar», deb javob qilibdilar».

Demak, oyatdagi «etimlar»dan murod etim qizlar ekan. Yetim qizlarga ularni o'z kafolatiga – himoyasiga olgan kishi uylanmoqchi bo'lsa-yu, ammo bu ishda adolatsizlikka yo'l qo'yishdan qo'rqsa, o'sha etim qizlarga uylanishni qo'ysin-da, boshqa o'ziga yoqqan, nikohi halol bo'lgan ayollardan xohishiga qarab, ikkitagami, uchtagami, to'rttagami, uylansin. Agar xotinlar orasida adolat o'rnata olmaslikdan qo'rqsa, bittaga uylansin yoki cho'ri tutish bilan kifoyalansin. Ushbu oyatdagi «Agar etimlarga adolat qila olmaslikdan qo'rqsangiz» degan gapni tafsir qiluvchi mazkur rivoyat bo'lmasa, u tushunarsiz bo'lib qolardi. Shuning uchun Urva ibn Zubayrdek olim kishi ham ushbu jumla haqida savol beryapti.

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:

وَمَثَلُ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ كَمَثَلِ ٱلَّذِي يَنۡعِقُ بِمَا لَا يَسۡمَعُ إِلَّا دُعَآءٗ وَنِدَآءٗۚ صُمُّۢ بُكۡمٌ عُمۡيٞ فَهُمۡ لَا يَعۡقِلُونَ١٧١

«Kufr keltirganlar(ga gapirgan odam) xuddi qichqiriq va sasdan boshqa narsani eshitmaydigan(narsa) larga baqirayotganga o'xshaydi. (Zero, ular) kar, soqov va ko'rdirlar. Ular aql yuritmaslar» (171-oyat).

Bu oyatga sirtdan qaralganda, kofirlar cho'ponga o'xshatilayotganga o'xshaydi. Aslida esa unday emas.

Ushbu oyatdagi o'xshatshp haqida tafsirchilar va arab tili olimlari uzoq bahslar qilganlar, undan qoidalar ishlab chiqarganlar. Chunki bu oyatda nozik ishoralar ko'p bo'lib, ularni tarjimada aynan aks ettirish amri maholdir. Ko'pchilikning fikri shundayki, Alloh taolo bu oyati karimada kofirlarni chorva hayvonlariga, payg'ambarlarni ularni haydab yuruvchi cho'ponga o'xshatadi.

Cho'pon chorvalarni xavf-xatardan saqlash, ularni foydali erlarga boshlash uchun ovoz chiqarib chaqiradi, nido qiladi, ammo chorvalar ovozni eshitadi-yu, sasning ma'nosini tushunmaydi. Huddi shunga o'xshab, kofirlar ham payg'ambarlarning chaqirig'ini, nidosini eshitadilar, lekin uni anglab etmaydilar, unga amal qilmaydilar. Ovozlari chiqsa ham, ular bu masalada soqovdirlar; ko'zlari ochiq bo'lsa ham, haqiqat o'lchovida ko'rdirlar; quloqlari eshitsa ham, haqiqatda kardirlar. Chunki ularning aqllari yo'q.

Ushbu ikki oyatga o'xshash oyatlar Qur'oni Karimda anchagina bor. Chunki qisqa iboralar bilan ko'p ma'noni ifoda qilish balog'atning yuqori cho'qqisi hisoblanadi. Arablar ma'nosiga ishora bor so'zlarni ishlatmay jumla tuzishni so'z ustaligining oliy namunasi deb biladilar.

b) Murakkab kalomdagi lafz mutashobixdigi kalomni cho'zish sababidan kelib chiqadi.

Bunga Shuro surasidagi quyidagi oyat misol bo'la oladi:

لَيۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَيۡءٞۖ

«U Zotga o'xshash hech narsa yo'qdir» (11-oyat).

Aslida arab tili qoidasi bo'yicha, «Laysa mislahu shay'un» bo'lishi kerak. Bunda jumlaning ma'nosi «Unga o'xshash narsa yo'qtsir» degani bo'ladi. Bu erda gapni cho'zib, «ka» o'xshatish harfi ziyoda qilingan. Bu arab tili qoidasiga ko'ra «itnob», ya'ni «gapni cho'zish» deyiladi. Bitta o'xshatish artiklining o'rniga ikkitasi, ya'ni ham «kof» harfi, ham «misl» so'zi ishlatilgan. Bunda jumlaning ma'nosi «Uning o'xshashining o'xshashi yo'qdir» bo'lib qolgan. Shu sababdan mutashobihlik yuzaga kelgan. Hattoki yuzaki qaraganda ma'no buzuq, deydigan darajaga etgan. Chunki Alloh taoloning o'xshashi yo'qligi qat'iy dalillar bilan sobit bo'lgan haqiqatdir. Shuning uchun ham ulamolar bu jumlaning ta'vilida ixtilof qilganlar. Ularning ko'plari «kof» harfi ma'noni ta'kidlash uchun kelgan qo'shimchadir, deganlar, Shundagina jumlaning ma'nosi «Allohga o'xshash narsa yo'qdir» bo'ladi.

Ammo so'z va jumlalarning sirlarini chuqur tushunadigan va sirtqi ma'nolar bilan kifoyalanib qolmaydigan katta ulamolar mazkur jumlani arablarning oliy uslubi bo'yicha joriy bo'lgan, deydilar. Ularning fikriga ko'ra, bu erda kinoya uslubi qo'llangan, ya'ni gap Alloh taolo haqida va U Zotga o'xshash narsa yo'qligi haqida ketar ekan, u Zotdan o'xshashlikni ketkazish uchun «o'xshashning o'xshashi» jumlasi ishlatilgan. Shunda jumlaning ma'nosi «Uning o'xshashining o'xshashi yo'qdir» bo'ladi. Bundan esa agar farazan, Uning o'xshashi bo'ladigan bo'lsa va o'sha o'xshashga yaqin keladigan narsa bo'lmasa, Uning O'ziga o'xshash narsa topilmasligi turgan ran, degan ma'no anglanadi. Arablarda bunga o'xshash gaplar ko'p. Misol uchun, obro'li odamlardan salbiy sifatlarni inkor qilish uchun «Senga o'xshaganlar baxil bo'lmaydi», deyiladi. Aslida bu jumladan ko'zlangan maqsad «Sen baxil bo'lma», deganidir.

Qur'oni Karimdagi mazkur jumlada «kof» harfini ziyoda qilish ila gapni cho'zish ma'noni ta'vil bilan tushunadigan darajaga olib kelgan.

v) Murakkab kalomdagi lafz mutashobihligi kalomning tuzilishi, uslubi va so'zlarining tartibidan kelib chiqadi. Bunda kalomni tuzishda ishlatilgan o'ta nozik tasarruflar oqibatida ma'noni osonlikcha tushunib bo'lmay qoladi.

Alloh taolo Kahf surasida marhamat qiladi:

ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَىٰ عَبۡدِهِ ٱلۡكِتَٰبَ وَلَمۡ يَجۡعَل لَّهُۥ عِوَجَاۜ١ قَيِّمٗا

«O'z bandasiga Kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik qilmagan Allohga hamd bo'lsin. Uni to'g'ri qilgan...»(1-2-oyatlar).

Ushbu oyatda «qoyyiman» so'zining «'ivajan» so'zidan keyin qo'yilishi oqibatida mutashobihlik yuzaga kelgan. Huddi «'ivajan» so'zi «qoyyiman» so'zining sifatidek bo'lib qolgan. Agar shunday bo'lsa, ma'no tamoman buziladi va «to'ppa-to'g'ri egrilik» degan ma'no chiqib qoladi. Aslida esa «qoyyiman» Kitobning sifatidir.

Darhaqiqat, Qur'oni Karim hech qanday egriligi yo'q, faqat to'g'rilikdan iborat Kitobdir. Ushbu holatdagi «va lam yaj'al lahu 'ivajan»dan keyin bevosita «qoyyiman» lafzini keltirishning foydasi Qur'oni Karimdan egrilikni manfiy qilish va uning to'g'riligini ta'kidlashdir. Mazkur jumla avval Qur'oni Karimda egrilik yo'qligini ta'kidlash bilan birga, bevosita uning to'g'riligini ham ta'kidlab qo'ygan.

Alloh taolo Fotir surasida marhamat qiladi:

إِلَيۡهِ يَصۡعَدُ ٱلۡكَلِمُ ٱلطَّيِّبُ وَٱلۡعَمَلُ ٱلصَّٰلِحُ يَرۡفَعُهُۥۚ

«Unga jush kalomlar yuksalur va solih amal ko'tarur uni»(10-oyat).

Ushbu jumlaning tarjimasida uning uch xil ma'nosidan bittasigina aks etgan. Chunki bir jumlada uch xil ma'no bo'lishi ehtimoli faqat Qur'oni Karim tushgan tildagina bo'lishi mumkin.

Ushbu jumlaning oxiridagi «yarfa'uhu» fe'lining fo'ili, ya'ni ish bajaruvchisi uchta – Alloh, solih amal va xush kalomlar bo'lishi mumkin.

Birinchi holatda jumlaning ma'nosi: «Allohga xush kalom yuksalur va U Zot solih amalni ko'tarur» bo'ladi. Ya'ni qabul qilish va savob berishi ila.

Ikkinchi holatda jumlaning ma'nosi: «Allohga xush kalom yuksalur va solih amal uni (xush kalomni) ko'tarur» bo'ladi.

Uchinchi holatda jumlaning ma'nosi: «Allohga xush kalomlar yuksalur va u (xush kalom) solih amalni ko'tarur» bo'ladi.

Albatta, bundan xush kalomdan murod iymon bo'ladi. Zotan, iymon bo'lmasa, amal qabul bo'lmasligi aniq.

Ushbu uch turda mutashobihlik mujmal sirasiga kiradi.

  1. Ma'no jihatidan mutashobih.

Bu qismdagi mutashobih faqatgina ma'noning maxfiyligidan bo'ladi. Qur'oni Karim oyatlarida uning ikki xil turi mavjud.

Birinchi turi Qur'oni Karimda qiyomatning alomatlari, qiyomat kunining dahshatlarini sifatlash, qabr azobi, do'zax azobi, jannatning ne'matlari, xaloyiqning hisob-kitobi, ularning amallarining tortilishi kabilar haqidagi oyatlarda keladi.

Alloh taolo Naml surasida marhamat qiladi:

۞وَإِذَا وَقَعَ ٱلۡقَوۡلُ عَلَيۡهِمۡ أَخۡرَجۡنَا لَهُمۡ دَآبَّةٗ مِّنَ ٱلۡأَرۡضِ تُكَلِّمُهُمۡ أَنَّ ٱلنَّاسَ كَانُواْ بِ‍َٔايَٰتِنَا لَا يُوقِنُونَ٨٢

«Ularning boshiga so'z(langan azob) tushganida, Biz ular uchun erdan bir jonivor chiqaramiz. (U) ularga, albatta, odamlar Bizning oyatlarimizga aniq ishonmaydigan bo'lganlarini aytib beradir» (82-oyat).

Ulamolar ushbu oyatning ta'vili va undan ko'zlangan murodni aniqlashda keng miqyosda ixtilof qilganlar. Hususan, oyatdagi «so'z» va «jonivor» to'g'risidagi ixtilof lar yanada kengroq bo'lgan. Aslida bu oyatdagi gaplar Qiyomat yaqin qolganda bo'ladigan hodisalar haqidadir. Lekin oyatdagi ma'nodan kelib chiqadigan savollar ko'p. Misol uchun: «Jonivor» nima o'zi? Uning sifatlari qanday? Qachon chiqadi? Qayerdan chiqadi? Qay tarzda gapiradi va hokazo.

Sahih hadisi shariflarda bu hayvon qiyomatning alomatlaridan biri ekani, tavba qilish foyda bermaydigan vaqt bo'lib qolganda chiqishi haqida xabarlar kelgan.

Hofiz ibn Kasir: «Bu jonivor oxiri zamonda, odamlar fasodga berilganda, Allohning amrini tark qilganlarida va haq dinni o'zgartirganlarida chiqadi», deganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal Huzayfa ibn Usayd G'iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Unta belgini ko'rmaguningizcha qiyomat qoim bo'lmaydi», deb turib, erdan jonivor chiqishini ham aytganlar.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadis yod olib, hech yodimdan chiqarmadim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman:

«Qiyomatning birinchi alomatlaridan – quyoshning mag'ribdan chiqishi va odamlarga jonivorning chiqishidir, bunisi choshgoh paytida bo'ladi. Qaysi biri oldin chiqsa, keyingisi darrov sherigining orqasidan chiqadi».

Shu bilan birga, muhaqqiq tafsirchi ulamolarimiz ushbu jonivor haqida keraksiz va asossiz gaplar ko'payib ketganini, ular tafsir kitoblarimizga ham kirib qolganini, ishonchli manbalarga suyanilmagan gaplar bo'lgani uchun ularga e'tibor bermaslik lozimligini ta'kidlaydilar.

Qur'oni Karimda va sahih hadislarda kelgan xabarlar bilan kifoyalanish eng yaxshi ish. Qolgani esa faqat Aploh biladigan g'ayb ilmidir.

Bu oyatdagi mutashobihlikning sababi «jonivor» so'zining lug'atdagi ma'nosi emas, balki bu so'zdan ko'zlangan ma'no ekanini mulohaza qilishimiz kerak.

Alloh taolo A'rof surasida marhamat qiladi:

وَٱلۡوَزۡنُ يَوۡمَئِذٍ ٱلۡحَقُّۚ فَمَن ثَقُلَتۡ مَوَٰزِينُهُۥ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُفۡلِحُونَ٨

«O'sha kuni (amallarni) tortish xaqdir. Bas, kimlarning tarozilari og'ir kelsa, ana o'shalar, ha, o'shalar zafar topuvchilardir» (8-oyat).

Bu oyati karimadagi «tortish»dan maqsad qiyomat kuni odamlarning bu dunyoda qilgan amallarini tortishdir. Ammo o'sha tortish qanday bo'ladi, unda nima tortiladi, amallar daftarimi yoki amallarning o'zimi, bular hissiy narsalar-mi, ma'naviymi, tortish bittami yoki bir nechtami va shunga o'xshash juda ko'p gaplar ustida tortishuvlar ko'paygan.

Biz mazkur tarozining navi, javhari, soni, shakli va kayfiyati haqida bahs ham, fikr ham yuritmasligimiz lozim. Bu kabi tafsilotlarning ilmini Alloh taoloning Uziga havola qilib, oyat va hadisda kelgan ma'noga iymon keltiramiz.

Ikkinchi turi Qur'oni Karimda Alloh subhanahu va taologa sifat bo'lib kelgan ma'nolar, xususan, «mutashobih sifatlar» deb nomlanadigan ma'nolardir.

Bulardagi mutashobihlik lafzning g'aribligi, mushtarakligi jumlaning cho'zilgani yoki qisqa bo'lganidan emas, balki ma'no jihatidandir. Bu haqtsa keyinroq alohida so'z yuritiladi.

  1. Lafz va ma'no jihatidan mutashobih.

Bu turdagi mutashobih ikki nav bo'ladi.

Birinchi navi – umumiylik va xoslikda turlicha bo'lish.

Alloh taolo Tavba surasida marhamat qiladi:

فَٱقۡتُلُواْ ٱلۡمُشۡرِكِينَ حَيۡثُ وَجَدتُّمُوهُمۡ

«Bas... mushriklarni qayerda topsangiz, o'ldiringlar...»(5-oyat)

Ushbu jumladagi «mushrik» va «o'ldiringlar» lafzlari umumiydir. Agar mana shu umumiylikka qaraladigan bo'lsa, urush paytida nomi mushrik bo'lsa, istalganicha uslub bilan qatl qilish mumkin bo'lib qoladi. Ammo Sunnati mutahhara bu umumiylikni xoslagan va ayollarni, rohiblarni, qarilarni, bolalarni, bemorlarni va musulmonlarga qarshi urush qilmaydigan mardikorlarni o'ldirish harom qilingan. Shuningdek, musla, quloq-burunni hamda boshqa a'zolarni qiymalab va olovda kuydirib o'ldirishdan qaytarilgan. Demak, «o'ldiringlar» lafzidan umumiy ma'no emas, balki shariat ruxsat bergan xos ma'no anglanadigan bo'lgan.

Ikkinchi navi – oyatni tafsir qilishda u nima haqda nozil bo'lgan bo'lsa, o'sha narsalarning tafsilotiga va botil qilinishi ko'zlangan johiliyat odatlariga qaytishga hojat tushishi.

Alloh taolo Tavba surasida marhamat qiladi:

إِنَّمَا ٱلنَّسِيٓءُ زِيَادَةٞ فِي ٱلۡكُفۡرِۖ يُضَلُّ بِهِ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ يُحِلُّونَهُۥ عَامٗا وَيُحَرِّمُونَهُۥ عَامٗا لِّيُوَاطِ‍ُٔواْ عِدَّةَ مَا حَرَّمَ ٱللَّهُ فَيُحِلُّواْ مَا حَرَّمَ ٱللَّهُۚ زُيِّنَ لَهُمۡ سُوٓءُ أَعۡمَٰلِهِمۡۗ وَٱللَّهُ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٣٧

«Albatta, «nasiy» kufrda ziyoda bo'lish, xolos. U bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar. Alloh xarom qilgan narsaning adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar. Natijada Alloh xarom qilgan narsani halol qilurlar. Ularga amallarining yomonligi chiroyli ko'rsatildi. Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas» (37-oyat).

Oyati karimadagi «nasiy» so'zi lug'atda ortga surish ma'nosini ifodalaydi. Johiliyat ahlida urush harom qilingan oyning hukmini boshqa, keyin keladigan oyga surish odati urf bo'lgan edi. Ya'ni arab mushriklari ham mazkur to'rt oy harom oylar ekanini aytar edilar. Usha oylarda urush tamoman to'xtardi. Agar biror kishi shu oylarda otasining qotilini uchratib qolsa, unga tegmas edi. Ammo bordi-yu, urushni xohlab qolsalar, aslida harom bo'lgan oyning haromligini orqaga surib qo'yib, urush qilaverar edilar. Misol uchun, muharram harom oy, ammo shu oyda urush qilgilari kelib qolsa, «Bu yil uning haromligini safar oyiga surdik, o'sha oyda urush qilmaymiz», deb, muharramda urush qilishar, safar oyida esa urush qilishmas edi. Yanagi yili aksincha bo'lardi. Ular bir yilda to'rt oy urushmasak bo'ldi-da, qaysi oyda bo'lishining nima farqi bor, degandek ish qilishar edi. Oyatda ularning mana shu tasarruflariga baho va sharh berilmoqda.

«Albatta, «nasiy» kufrda ziyoda bo'lish xolos».

Mushriklar aslida e'tiqod masalasida kofir edilar. Endi shariat masalasida ham, ya'ni halol-haromni belgilashda ham Allohning aytganiga xilof qilib, kufrda ziyoda bo'ldilar. Ularning bu ishi kufr ustiga kufr bo'ldi.

«U bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar».

Kufr keltirgan mushriklar «nasiy» bilan, undagi aldov, ko'zbo'yamachilik va hiyla bilan yanada adashtirildilar.

«Alloh harom qilgan narsayeing adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar».

Ya'ni ular Alloh harom, degan oylarning soniga moslab, to'rtta qilish uchun bir yil bir harom oyni halol etib, o'rniga boshqa oyni harom qilsalar, kelasi yili haligi oyni yana harom qilib, o'rniga harom bo'lgan oyni yana halol qilaveradilar. Ularga bir yilda to'rt oy harom oyi bo'lsa bas, qaysi oy bo'lishini o'zlari tanlab olaveradilar.

«Natijada Alloh harom qilgan narsani xalol qilurlar».

Bu esa katta jinoyat va kufr ustiga kufrdir. Aslida halol yoki harom qilish faqat Allohning haqqidir. Ammo mushriklar o'zlaricha halol va harom qilishga jur'at qi-laveradilar. Chunki

«Ularga amallarining yomonligi chiroyli ko'rsatildi».

Ularga yomon amallari yaxshi bo'lib ko'rindi. Gunohlari toat bo'lib ko'rindi. Bo'lmasa, Alloh urushni harom qilgan oyda urush qilisharmidi? O'zlarining «nasiy»lari ularga yaxshi amal bo'lib ko'rindi. Ular bu bilan o'zlarini Alloh taologa itoat qilayottandek sezdilar. Aslida esa bu katta gunoh. Alloh harom etgan narsani halol, halol degan narsani harom qilish bilan kufr ustiga kufr keltirgan edilar. Qoida bo'yicha esa

«Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas».

Chunki ularning o'zlari shunga loyiq ishlarni qildilar.

Ushbu oyat ham lafz, ham ma'no jihatidan mutashobih bo'lgan oyatlardan biridir. Chunki undagi ba'zi lafzlar kam ishlatiladigan g'arib lafzlardandir va unda balog'atli kisqalik bor. Misol uchun, «nasiy» so'zini har qanday arab xam sharhsiz tushunishi qiyin. Shuningdek, oyatda qisqa iboralar bilan qamariy yil hisobining haqiqati va johiliyat ahlining undagi adashuvi bayon qilingan, xolos. Bu borada ular qiladigan ishlarning tafsiloti kelmagan. Shuning uchun ularni anglab etish uchun tafsilotini qo'shimcha ravishda o'rganishga hojat tushadi. Chunki Qur'oni Karim tarix kitobi ham emas, odamlarning urf-odatini o'rganadigan kitob ham emas. Shuningdek, oyatda kelgan hukmni chiqarish uchun mazkur narsalarning keragi ham yo'q. U kabi sharhlovchi kichik narsalar Sunnatda bayon qilingan.

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:

وَلَيۡسَ ٱلۡبِرُّ بِأَن تَأۡتُواْ ٱلۡبُيُوتَ مِن ظُهُورِهَا وَلَٰكِنَّ ٱلۡبِرَّ مَنِ ٱتَّقَىٰۗ وَأۡتُواْ ٱلۡبُيُوتَ مِنۡ أَبۡوَٰبِهَاۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ لَعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ١٨٩

«...Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas, yaxshilik taqvodorlik qilgan kishidadir. Va uylarga eshiklaridan keling. Allohga taqvo qiling. Shoyadki, zafar topsangiz»(189-oyat).

Ushbu oyati karimada uylarga ularning orqasidan emas, eshikdan kirish kerakligi haqida so'z bormoqda. Bu haqda hukm tushganining ham o'ziga yarasha sabablari bor, avval o'sha sabablarni tushunmaguncha, oyatning ma'nosini ham anglab etish qiyin bo'ladi. Ana o'sha sabablar Sunnatda tushuntirilgan.

Imom Buxoriy va imom Muslim o'z sahih kitoblarida Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Ansoriylarda hajdan qaytib kelganda uyning eshigi-dan kirmaslik odati bor edi. Ulardan bir kishi hajdan qaytganida uyining eshigidan kirdi. Bu ishi tufayli u go'yo aybdordek bo'ldi. Shunda «Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas...» oyati nozil bo'ldi».

Bu haqda to'laroq ma'lumot quyidagichadir: Ansoriylarning tushunchasiga ko'ra, haj qilib, gunohidan poklanib, uyiga qaytgan odam hajdan qaytib, uyiga birinchi kirishida turli gunoxdar qilib yurgan paytida kirib-chiqib yurgan eshiklaridan kirmay, uyning orqasidan darcha ochib kirishlari yaxshilik edi. Ular shu tasavvurlarga amal qilishardi. Ittifoqo, ulardan birlari hajdan kelib, uyining orqasidan darcha ochib emas, balki to'g'ri eshikdan kiribdi. Bu ish boshqalarga ayb bo'lib ko'rinibdi. Tabiiyki, «Bu eski odat xususida musulmonchilikning hukmi nima bo'lar ekan?» degan savol paydo bo'ladi. Oyat o'sha bo'lishi Ehtimol tutilgan savolga javob tariqasida va bo'lib o'tgan hodisaga baho sifatida nozil bo'lgan.

 

KYeYINGI MAVZU:

Suralarning avvalidagi harflar va mutashobih sifatlar

Mutashobih sifatlar bo'yicha salaf va xalaflarning tutgan yo'llari

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   7747   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari