O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanida yangi ochilayotgan “Mengto'ra hoji bobo” jome masjidi bilan mahalliy aholi vakillarini qutladilar.
Allohga shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlar kundan-kunga obod bo'lmoqda. Yangidan-yangi masjidlar ochilmoqda, mavjudlari qaytadan ta'mirlanib, chiroyli holatga keltirilmoqda.
Mana shunday masjidlardan biri Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumani “Oftobmakon” mahallasida yangi ochilayotgan “Mengto'ra hoji bobo” jome masjidi qurilishi ham mahalliy aholi sa'y-harakatlari bilan 2019 yilda boshlanib, 2020 yil fevral' oyida yakunlandi.
Saxovatpesha insonlar ko'magi va hashar yo'li bilan bunyod etilgan jome masjid sig'imi 700 nafar namozxonga mo'ljallangan. Masjid isitish qurilmalari, issiq pol, sun'iy iqlim hosil qiluvchi anjomlar bilan jihozlangan.
O'ttiz uch metrli minora masjidga o'zgacha fayz bag'ishlab turibdi. Masjid hovlisida ma'muriyat xonalari, imom-xatib, imom noibi va qorovulxona kabilar mavjud.
Yangi jome masjidi barpo etilishiga juda katta hissa qo'shgan insonlar, quruvchi-muhandislar, saxovatpesha kishilar va masjid qurish uchun joy ajratib bergan insonlarning haqlariga va ularning o'tgan marhumlarining ruhi pokiga Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, muftiy hazratlari tomonlaridan ko'pdan-ko'p duolar qilindi.
Alloh taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylashini nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD