Joriy yil 19 noyabr' kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondining Vasiylik kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, innovatsion uslublardan unumli foydalanish va moddiy ko'mak berish imkoniyatini yanada kengaytirish muhokama qilindi. Shuningdek, kengashda ish samaradorligini oshirish bo'yicha ishtirokchilar fikr-mulohazalari ham tinglandi.
So'zga chiqqan notiqlar vaqf mulkchiligini shakllantirish, kam ta'minlangan fuqarolarga moddiy yordamlar ko'rsatish ko'lamini kengaytirish, masjid va madrasalarni obod etish, bu boradagi ishlarni jonlantirish lozimligini ta'kidladilar.
Yig'ilishda tashkiliy masala ko'rildi. Avval xabar berganimizdek, Fond boshqaruv kengashi raisi Iskandar Halilov boshqa ishga o'tgani munosabati bilan Toshkent shahri Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmonov Yahyo boshqaruv kengashi raisi etib tayinlandi. Shuningdek, Fond raisi o'rinbosarlari Zohidjon To'rayev va Ikromjon Ahmedov ham boshqa ishga o'tganlari ma'lum qilindi.
Bugungi kunda rahbarlarning har jihatdan namuna, tashabbuskor va fidoyi bo'lishi davr talabi ekanini ham majlisda alohida qayd etildi. O'z navbatida, belgilangan vazifalar va istiqboldagi rejalarni amalga oshirishda jonkuyarlik, jamoa bo'lib ishlash va zamon talablariga monand tezkorlik bilan ish tutishning o'rni yuqori ekaniga katta e'tibor qaratildi.
Fondning yangi rahbariga faoliyatni zamon talablari darajasida olib borish, ish unumdorligini oshirish, ijtimoiy loyihalar, xayriya ishlari to'g'risida OAV va internet tarmog'i orqali xalqimizni xabardor etish, mablag'lar aylanishining shaffofligini ta'minlash, jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo'lish kabilar yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga quyidagilarni gapirib bergan ekan:
“Allohning bandalaridan bir banda: “Ya Robbi lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika”, deb (savob va gunohlarni yozib boradigan) ikki farishtani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. U ikkisi qanday (ya’ni, nima deb) yozishni bilmay, osmonga ko‘tarildilarda Alloh taologa: “Yo Robimiz, bir bandang biz nima deb yozishni bilmaydigan bir gap aytdi”, deyishdi. Alloh azza va jalla bandasi nima deganini bilib tursada, “Bandam nima dedi?”, deya so‘radi. Ular: “Ey Parvardigor bandang “Ya Robbiy lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika dedi”, deyishdi. Shunda Alloh ikki farishtaga: “Aytganidek holda yozinglar. Menga ro‘baro‘ kelganida uni mukofotini O‘zim beraman”, dedi (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Haqiqatda inson qo‘liga tasbeh olib, minglab hamd aytganida ham Alloh taolo bergan bittagina ne’matining shukrini ham ado etolmaydi. Holbuki, bizga berilgan ne’matlarning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qolaversa, hamd aytishning o‘zi ham bir ne’mat. Bitta hamd ayta olgan kishi mana shu baxtga muyassar qilgan Zot Alloh taologa yana shukr qilishi kerak. Chunki, Alloh taoloning rizqini yeb, Uni taniyolmay dahriy bo‘lib yurganlar qancha?! Shuning uchun hadisi sharifda kelgan so‘zlarni aytsa, eng oliy darajadagi hamdni aytgan bo‘ladi. Sababi, uning ma’nosi cheksiz hamdu sano bo‘lsin demakdir. Natijada hatto farishta ham havas qiladigan mukofotga erishadi.
Alloh taolo barchamizni shunday maqomlarga munosib bandalaridan qilsin. Omiyn.
Bahodir Bahromjon o‘g‘li,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi.