O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo'lib turganlari haqida avval xabar bergan edik.
Bugun, 26 noyabr' kuni muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi mehmonlar Surxondaryo viloyatining olis Sariosiyo tumanidagi chekka hududda joylashgan “Nurobod”, “Kengjar” mahallalari ahli uchun yangi qurilgan “Abdurahmon hoji ota” jome masjidi bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur mahallalar aholisi, masjid jamoasi va nuroniy otaxonlar bilan muloqot qilindi.
Qur'oni karim qiroati bilan boshlangan tadbir ezgu duolarga ulandi. Hususan, ushbu masjidni Alloh taolodan hudud ahli va butun xalqimizga barakali qilishi, jome qiyomatga qadar ibodat, zikr va ilm maskani bo'lishi, bunday xayrli ishga hissa qo'shgan barcha-barchaga ajru savobini ko'paytirib berishini so'rab muftiy hazratlari ko'pdan-ko'p duolar qildilar.
“Abdurahmon hoji ota” jome masjidi qurilishi mahalliy aholi talab va istaklarini inobatga olgan holda 2017 yilda boshlanib, 2020 yil mart oyida yakunlandi. Masjidning er maydoni 10 sotix bo'lib, bino milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida keng va yorug' qilib qurilgan. Jome masjid sig'imi 400 nafar namozxonga mo'ljallangan bo'lib, saxovatpesha insonlar ko'magi va hashar yo'li bilan bunyod etildi.
Ushbu jome masjidni mo'min-musulmonlarga muborak aylashini Haq taboraka va taolodan iltijo qilib so'raymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qur’on nozil bo‘lgan paytda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e’tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatda tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi-quloq, burun, ko‘z, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar sahro kemasi, deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.
Endi, “sahro kemasi”ning yaratilishidagi ba’zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismiga joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir.
Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangandirlar. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.
Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.
Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.
Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.
Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo tuya ter chiqmaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni, u jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi.
Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas olishi tufayli chiqqan bug‘ham yana og‘zi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.
Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi?
Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan aqlni ishlatib qaragan inson Allohning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (G‘oshiya surasi, 17-oyat).
1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat sellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.