O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo'lib turganlari haqida avval xabar bergan edik.
Bugun, 26 noyabr' kuni muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi mehmonlar Surxondaryo viloyatining olis Sariosiyo tumanidagi chekka hududda joylashgan “Nurobod”, “Kengjar” mahallalari ahli uchun yangi qurilgan “Abdurahmon hoji ota” jome masjidi bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur mahallalar aholisi, masjid jamoasi va nuroniy otaxonlar bilan muloqot qilindi.
Qur'oni karim qiroati bilan boshlangan tadbir ezgu duolarga ulandi. Hususan, ushbu masjidni Alloh taolodan hudud ahli va butun xalqimizga barakali qilishi, jome qiyomatga qadar ibodat, zikr va ilm maskani bo'lishi, bunday xayrli ishga hissa qo'shgan barcha-barchaga ajru savobini ko'paytirib berishini so'rab muftiy hazratlari ko'pdan-ko'p duolar qildilar.
“Abdurahmon hoji ota” jome masjidi qurilishi mahalliy aholi talab va istaklarini inobatga olgan holda 2017 yilda boshlanib, 2020 yil mart oyida yakunlandi. Masjidning er maydoni 10 sotix bo'lib, bino milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida keng va yorug' qilib qurilgan. Jome masjid sig'imi 400 nafar namozxonga mo'ljallangan bo'lib, saxovatpesha insonlar ko'magi va hashar yo'li bilan bunyod etildi.
Ushbu jome masjidni mo'min-musulmonlarga muborak aylashini Haq taboraka va taolodan iltijo qilib so'raymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali vakillari muborak Ramazon oyi munosabati bilan ijtimoiy qiynalgan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, moddiy-ma’naviy ko‘mak berish barobarida ular holidan xabar olishdi.
Filial rahbari tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda Samarqand shahrida istiqomat qilib kelayotgan 15 nafar turli sabablarga ko‘ra ijtimoiy vaziyati nochor, boquvchisi yo‘q va bemor kimsalar holidan xabar olindi. Shu kuni ular yashayotgan xonadonlarga kirib borilib, kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya jamlanmalari topshirildi. Muxtojlarning duosi olindi.
....
O‘zbekiston ko‘pmillatli davlat hisoblanadi. Azal-azaldan yurtimizda turli millat vakillari tinchlik-xotirjamlikda umguzaronlik qilib kelmoqda. Ayni saxovat va bag‘rikenglik oyida islom diniga e’tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz qatorida boshqa millat va din vakillari ham Ramazon xayr-saxovati, shukuhidan bebahra qolmayapti.
Jumladan, yaqinda Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida tashkil etilgan xayriya tadbirlari davomida Jizzax shahrida yashovchi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘zga din vakillariga muruvvat ko‘rsatildi. Homiylarni jalb qilgan holda ko‘plab ehtiyojmand kishilarga oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qilindi. Ikki nafariga dam olish maskaniga yo‘llanma berildi.
Nabiy alayhissalom har bir kishining qaysi dinga mansubligidan qat’i nazar, avvalo, uning insonligi uchun odamiylik nuqtayi nazaridan hurmat qilish lozimligini ta’kidlaganlar. Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlaridan odamlar tobut ko‘tarib o‘tishdi. Shunda u zot o‘rinlaridan turdilar. Keyin sahobalar uning yahudiy ekanini aytishdi. Shunda Rasululloh: “U ruh egasi – inson emasmi?!” dedilar».
Xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Ramazon oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga iliqlik ulashgan, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan saxovatli homiylardan Alloh rozi bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati