O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo'lib turganlari haqida avval xabar bergan edik.
Bugun, 26 noyabr' kuni muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi mehmonlar Surxondaryo viloyatining olis Sariosiyo tumanidagi chekka hududda joylashgan “Nurobod”, “Kengjar” mahallalari ahli uchun yangi qurilgan “Abdurahmon hoji ota” jome masjidi bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur mahallalar aholisi, masjid jamoasi va nuroniy otaxonlar bilan muloqot qilindi.
Qur'oni karim qiroati bilan boshlangan tadbir ezgu duolarga ulandi. Hususan, ushbu masjidni Alloh taolodan hudud ahli va butun xalqimizga barakali qilishi, jome qiyomatga qadar ibodat, zikr va ilm maskani bo'lishi, bunday xayrli ishga hissa qo'shgan barcha-barchaga ajru savobini ko'paytirib berishini so'rab muftiy hazratlari ko'pdan-ko'p duolar qildilar.
“Abdurahmon hoji ota” jome masjidi qurilishi mahalliy aholi talab va istaklarini inobatga olgan holda 2017 yilda boshlanib, 2020 yil mart oyida yakunlandi. Masjidning er maydoni 10 sotix bo'lib, bino milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida keng va yorug' qilib qurilgan. Jome masjid sig'imi 400 nafar namozxonga mo'ljallangan bo'lib, saxovatpesha insonlar ko'magi va hashar yo'li bilan bunyod etildi.
Ushbu jome masjidni mo'min-musulmonlarga muborak aylashini Haq taboraka va taolodan iltijo qilib so'raymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Uning doirasida Namangan shahridagi "Mavlono" qabristonida tashkil etilgan xasharda mahallalar faollari, nuroniylar va yoshlardan iborat mingga yaqin fuqarolar ishtirok etishdi.
"Mavlaviy" ziyoratgohi oldida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov hamda bir guruh imomlar, nuroniylar bilan muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, ezgu ishlarni davom ettirish mavzusida suhbatlashdi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘tganlar xotirasi yodga olinib, ularning ruhiga Qur’on tilovot qilindi. Yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida qurbonlik so‘yilib, xayru saxovat ishlari amalga oshirildi. Manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hudud yanada ko‘rkamlashtirildi.
Bu kabi xayrli tadbirlar nafaqat marhumlarning ruhini shod etish, balki jamoatchilikni birlashtirish, avlodlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati