Rossiya muftiylar kengashi raisining birinchi o'rinbosari, Rossiya Musulmonlar diniy idorasi raisi o'rinbosari Rushan Abbyasov O'zbekiston Respublikasi elchixonasi maslahatchisi Alisher Ziyomuhamedov bilan uchrashdi. Uchrashuvda xalqaro departament boshlig'i Ildar Galeev, Rossiya muftiylar kengashi va Rossiya Musulmonlar diniy idorasi «Muslim Tur» rasmiy haj-operator direktori Ali Hoji Gurdin va O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi iqtisodiy ishlar bo'yicha uchinchi kotibi Azamat Raimov ishtirok etdi.
Uchrashuv chog'ida Rushan Abbyasov Rossiya Muftiylar Kengashi raisi va Rossiya Musulmonlar diniy idorasi raisi muftiy Shayx Ravil' G'aynutdin nomidan O'zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisiga tabrigini etkazdi. Rossiya muftiylar kengashi raisining birinchi o'rinbosari, Rossiya Musulmonlar diniy idorasi raisi o'rinbosari elchixonaning pandemiya paytida o'zbek vatandoshlariga ko'rsatgan yordami va qo'llab-quvvatlovi uchun minnatdorchilik bildirdi. Rushan Abbyasovga ko'ra, bahorda o'tkir koronavirus pandemiyasi paytida musulmon tashkilotlarimizga o'zbekistonlik muhojirlar bir necha bor murojaat qilishgan. Faqat birgalikdagi sa'y-harakatlar orqali bir qator masalalar, jumladan, ularning Vatanga qaytishi hal etildi.
O'z navbatida, Alisher Ziyomuhamedov ham mana shunday og'ir davrda yordam ko'rsatgani uchun Rossiya Muftiylar Kengashi raisi va Rossiya Musulmonlar diniy idorasiga minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya Muftiylar Kengashi rasmiy saytining yozishicha, tomonlar O'zbekistonda kelasi yilga epidemiologik vaziyat tufayli qoldirilgan "Ma'naviy ipak yo'li" ilmiy-amaliy anjumanini o'tkazish rejalarini muhokama qilishdi. Yig'ilish kun tartibidagi mavzulardan biri O'zbekistonda diniy ziyorat turizmni rivojlantirish bo'ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o'zbek diasporasi bilan yaqin aloqada bo'lish zarurligini aytib, bundan keyin ham samarali hamkorlik haqida kelishib oldilar. Rushan Abbyasov mehmonlarga esdalik sovg'alari, jumladan, «Chitay» nashriyot uyi kitoblarini taqdim etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati