Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446

Payg'ambar alayhissalom avlodlari Termizga qanday kelib qolganlar?

25.11.2020   3394   8 min.
Payg'ambar alayhissalom avlodlari Termizga qanday kelib qolganlar?

Termiz shahri yaqinida joylashgan Sulton Saodat ziyoratgohi Termiz sayyidlari xonadonining H-HVII asrlar davomida qurilgan maqbaralaridan iborat bo'lgan o'ziga xos me'moriy majmuadir. Uning nomi Sulton Saodat, arab tilidan tarjima qilinganda – «baxtlilar sultoni» demakdir. Termiz sayyidlarining etakchilari – naqiblari asrlar davomida “Sulton Sadot” – sayyidlar sultoni unvoni bilan sharaflanganlar. Ikkala atama bir-biriga o'rindosh sifatida foydalanilgan, arab tilida 
“Bab as-sadat madan as-saodat,
xubb as-sadat miftax as-saodat”.

Ya'ni:

“Sayyidlar eshigi, baxt konidir,

Sayyidlarga muhabbat baxt kalitidir”,  kalimasi keng ishlatilgan.   
Dastlabki maqbaralarning eng qadimgisi, olimlarning fikriga ko'ra, Somoniylar davrida qurilgan. Avvalo, majmuaning janubi-g'arb tomonida joylashgan ikkita maqbara barpo etilgan bo'lib, ularda qadimiy qabrlar joylashgan. Ushbu ikkala maqbarani baland peshtoqli ayvon bilan birlashtirgan usti gumbazli oraliq maydon masjid vazifasini o'tagan. Maqbaralar hashamatli bo'lib, unda pishgan g'ishtlar qo'llangan va turli uslubiy naqshlar bilan ziynatlangan. Ayniqsa Temuriylar davrida Sulton Saodot majmuasida katta xajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan.

Majmuadagi ilk qabrda Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amirning hoki yotibdi. Uning Islom dunyosida e'tirof etilgan shajarasi Hazrat Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam borib taqaladi. Naql qilinishicha, Hazrat Ali roziyallohu anhuning Fotima roziyallohu anho onamizdan tug'ilgan o'g'li Husayn roziyallohu anhumo, so'nggi sosoniy shohi Yazdigardning qiziga uylanadi. Ularning farzandi Alidan Husayn al-Asqar, undan Ubaydulloh dunyoga keladi. Ubaydullohning farzandi Ja'far al-Hujjat Madina shahrining hokimi bo'lganligi rivoyat qilinadi. Ja'far al-Hujjatdan Amir Husayn, undan esa Hasan al-Amir tug'iladi. U milodiy 850 yili yaqinlari bilan Samarqandga keladi. U erda o'n bir yil yashab keyin Balxga o'tadi. Taxminan 865 yilda Termizga keladi va shu erda butunlay o'rnashib qoladi.  
Somoniylar davridan Termiz sayyidlari xudovandzoda faxriy unvoniga sazovor bo'lishgan. Aynan shu ma'noda, lekin boshqa ko'rinishda Temuriylar davri manbalarida Termiz sayyidlari “xonzoda”, HV asrning ikkinchi yarmidan esa “mirzo” unvonlari bilan sharaflanganlar. Shuningdek, ular o'zlarining ismi-shariflaridan tashqari Musaviy, Alaviy va boshqa ko'plab kuniyalar va unvonlar bilan nomlanganlar.        
Termiz sayyidlari xonadonining vakillari salohiyati butun islom dunyosida e'zozlanib kelindi, ular asrlar davomida jamiyat hayotida etakchilik qilganlar. Sayyidlar sulolasiga mansub bo'lish o'z davrining ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy va ilmiy jarayonlarida faol ishtirok etishni talab etgan. Jumladan, Termiz sayyidlarining ettinchi naqibi Majididdin Ali ibn Ja'far Musaviy XII asrning birinchi yarmida Saljuqiylar davlatining etakchi din peshvolaridan biri bo'lish bilan birga, olimlar homiysi sifatida taniladi va Termizda rasadxona qurdiradi. Termizdan etishib chiqqan eng mashhur shoir Adib Sobir Termiziy Majididdin Ali ibn Ja'farning homiyligida ijod qilgan.  Muhammad Horazmshoh 1212 yilda ulamo va imomlarini yig'ib, Abbosiylarni xalifalikdan mahrum qiladi va vaziri, Termiz sayyidlaridan bo'lgan A'lo al-Mulkni xalifa deb e'lon qiladi. Sayyidlar  mo'g'ullar bosqinidan keyin ham mavqelarini yo'qotmay, vayron bo'lgan Termiz markazini Sulton Saodat majmuasi hududiga ko'chirishadi. Termiz sayyidlaridan etishib chiqqan  mashhur alloma Sayyid Burhoniddin Termiziy (1275-1342) 1231 yilgacha shahar ahliga etakchilik qilgan, keyinchalik Kichik Osiyoga, Koniyaga ko'chib ketib, Jaloliddin Rumiyning ustozi bo'lgan. Sayyid Burhoniddin Termiziyning Turkiyaning Qaysariya shahrida qad ko'targan maqbarasi asrlar davomida ziyoratgoh bo'lib keladi. Honadonning yana bir etakchisi Hudovanzoda Abu-l Makarim A'lo al-Mulk – “Amir ash-Shaxid” (1292-1344) Termiz hokimi bo'lib, mo'g'ullarga qarshi mustaqillik kurashida faol ishtirok etgan. Uning o'g'illari va jiyanlari manbalarga ko'ra Amir Temur hayoti va faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishadi. Nashr etilgan shajaralardan biriga ko'ra Amir Temurning ilk umr yo'ldoshi Honzoda oliy nasab bo'lgan. Termiz sayyidlarining shajarasiga ko'ra A'lo al-Mulkning esa shunday ismli jiyani va qizi bo'lgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, Amir Temur sayyidlar bilan oilaviy aloqada bo'lgan. Mazkur voqelik tarix davomida o'z isbotini topadi: ko'plab Temuriylar sayyidlar bilan nikohlar vositasida qarindoshchilik rishtalarini bog'laganlar. O'zaro nikohlar natijasida Temuriylar va sayyidlar xonadoni chambarchas bog'lanib ketganlar.        
Amir Temur o'zining avlodlariga sayyidlarni aziz tutishni vasiyat qilib ketgan. Temuriylar bu vasiyatga sodiq bo'lib Samarqandda Shohi Zindada Termiz sayyidlarining vakillarini dafn etgan bo'lsalar, Shahrisabzda Ulug'bek tomonidan 1437 yilda barpo etilgan, asli nomi "Avlodi muborak" bo'lgan - Gumbazi Sayyidon maqbarasi Termiz sayyidlarining dahmasiga aylangan. “Sulton Sodot” Abul Maoliy 1459 yilda vafot etgan va  Gumbazi Sayyidonda dafn etiladi. Sayyidning qabritoshida Termiz sayyidlariniig shajarasi keltirilgan.

Shayboniylar va undan keyingi davrlarda ham Termiz sayyidlari ma'lum mavqega ega bo'lishadi. Shayboniyxon  o'zining  o'g'li Muhammad Temur Sultonga Termiz sayyidlaridan kelin olib beradi. Abdullaxon II Sulton Saodotni ziyorat qilgani va maqbarani ta'mirlagani haqida ma'lumot bor.

Islom dunyosi tarixida Termiziylar ma'rifati, ilmu-urfondagi iste'dodlari bilan alohida ajralib turadi. Ular orasida sayyidlar honadoni vakillari ham bor: falakiyotchi olim Jaloliddin Ja'far ibn Husayn at-Termiziy, tabib, dorilarning tavsifi, ishlatilishi sohasiga bag'ishlangan "Mujarrabat", ya'ni, "Sinalgan dorilar" kitobining muallifi Muhammad Ma'sum ibn Sayyid al-Hasaniy at-Termiziy, "Munoqibi Murtozaviy" tarixiy asarini yozgan Mir Muhammad Solih Termiziy, "Dastur al-Mulk"  asarining muallifi Hoja Samandar Termiziy  shular jumlasidandir. Termiz sayyidlari xonadonidan etishib chiqqan mashhur naqqosh-xattot Mir Sayyid Ali Hindistonda Humoyun saroyida xizmat qilgan.

XX asrning 30-yillarigacha ziyoratchilar  Sulton Saodat maqbarasini ziyorat  qilganlar. Lekin, sho'rolar tuzumining siyosati oqibatida ziyorat taqiqlangan, majmua darvozaxonasi buzib tashlangan va xonaqoh g'ishtlari tashib olib ketishgan. Qabrlar ustidagi qabrtoshlar olib tashlangan.

Termiz sayyidlari xonadonining tarixini, mamlakat ravnaqi va taraqqiyotini ta'minlashga qo'shgan hissasini, ular abadiy makon topgan maskan haqidagi ma'lumotlarni o'rganish moziy sahifalarini to'ldirishga xizmat qiladi. Masalan, afg'on qabilalarining diniy rahnamosi Pir Boboning asli ismi Sayyid Ali Shoh at-Termiziydir. Shu kabi Termiz sayidlari xonadonining vakillari, butun Islom dunyosida Hitoydan tortib Turkiyagacha, Tataristondan tortib Hindistongacha tarqaladilar. Ular barcha joyda qalb nuri, aql ziyosi bilan islom ma'rifatini tarqatadilar, o'tkir zakovati, yuksak odobi, mukammal axloqi, qolaversa hidoyat yo'lidagi karomatlari bilan Islom dunyosi nafiga xizmat qilib nazarga tushdilar. 
   

Jaloliddin Mirzayev
 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
 markazi katta ilmiy xodimi
tarix fanlari nomzodi
 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bu gapingiz javob bo‘lmaydi!

10.02.2025   4575   3 min.
Bu gapingiz javob bo‘lmaydi!

Umri ilm yo‘lida o‘tgan olimning oldiga bir yosh yigit kelib: Sizlar to‘g‘ri yo‘lda emassizlar, dedi.

Olim esa nimtabassum bilan: Nega unday deyapsan, bolam? dedi.

Shunda bolakay: “Sizlar Alloh taoloning sifatlarini inkor qilasizlar. Masalan, Alloh Arshning ustidaligini, tunning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushishini va hokazolarni... Holbuki bular oyat va hadislar bilan sobit bo‘lgan” deb aqllilik qildi.

Keksa yoshli olim uning yuziga termuldida xayolidan: “Johil bo‘lishiga qaramasdan nodonligidan bexabar bu avlodni kim tarbiyalayapti? Essiz yoshlik va yoshlar” degan gaplar o‘tdi.

Keyin esa: “Bolam, hammamiz ham Allohni yaxshi ko‘ramiz. Aqida borasida chuqur ilm olmasdan gapirib bo‘lmaydi. Sen yaxshisi ilm o‘rgan, odob o‘rgan dedi.

Bu gapni eshitgan bolakay: Javobdan qochib har xil gaplar gapirmang. Dangal javob beringdeb istehzo qildi.

Aslida yuqoridagi gap unga yaxshigina javob bo‘lgandi. Ammo u buni tushunmadi. Shunda olim kishi bolaga qarab: Mayli, sen aytgancha bo‘laqolsin. Alloh taolo Arshning ustida deyapsan a? Shundaymi? dedi.

Bola Ha, bu oyatda kelgan deb javob berdi. Xo‘p, yaxshi. Har kecha dunyo osmoniga tushadi, shundaymi? deb so‘radi olim.

Bolakay yana “Shunday, bu sahih hadisda kelgan” dedi.

Olim kishi: “Har kechaning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushsa, Arshning ustiga qachon o‘tiradi?” dedi.

Nima deganingiz bu? deb so‘radi hatto savolning ham mazmuniga tushunmagan nodon bola.

Shunda olim: Qara, bizda kech kirganda qayerdadir tong otadi, qayerdadir peshin bo‘ladi, yana qayerlardadir asr vaqti bo‘ladi va hokazo. Tunning uchinchi qismi ham doimo aylanib turadi. Dunyoning qayeridadir doimo tunning uchinchi qismi bo‘lib tursa, Alloh qachon Arshni ustiga borib joylashadi? dedi.

Savolni zo‘rg‘a tushungan bolakay “Sizlar to‘g‘ri javobdan qochib faqat falsafa qilasizlar. Bu gapingiz javob bo‘lmaydi. Oyatu hadis... deyotganda, olim: “Sening bema’ni savolingga javob berish uchun shu saviyaga tushyapman. Agar ilmni to‘g‘ri tartibda, to‘g‘ri ilm ahlidan o‘qiganingda miyangga bunaqa savol kelmasdi aslida” dedi.

Ha azizlar, oyatu hadisni hamma ham o‘zicha tushunib ketavermaydi. Ayniqsa e’tiqodga tegishli bo‘lsa, o‘ta ehtiyot bo‘lish kerak.

Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni faqat va faqat olimlar to‘g‘ri tushuna oladi. Bu borada internetdan yoki johillardan o‘rganganlarning hammasi adashgandir. Ahli sunna val jamoa ya’ni Moturidiy va Ash’ariylarning yo‘lidan ayrilmangki, halok bo‘lasiz!


Ulug‘bek domla JIYANOV,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi.