Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Juma kuni bilan tabriklash

25.11.2020   7956   13 min.
Juma kuni bilan tabriklash

Yaqin yillardan beri ba'zilar tomonidan: ““Juma ayyomingiz muborak bo'lsin”, “Juma muborak” deyish mumkin emas, chunki, juma kuni qiyomat kuni bo'ladi, qachonki biz mahshargohdan o'tib jannatda yig'ilganimizdagina “juma muborak bo'lsin”, deb aytamiz. Juma bilan tabriklash bid'at, chunki, Payg'ambar alayhissalom va sahobalar bir-birlarini juma bilan tabriklamagan” degan har xil gap-so'zlar tarqalib qoldi. Bu gap-so'zlarga qisqa javob shuki, mo'min-musulmonlar o'zaro bir-birlariga sog'liq-salomatlik tilab, Juma kuni bilan tabriklashlari muboh (savob ham, gunoh ham bo'lmaydigan) amallardandir.

Chunki juma kuni bilan tabriklab, muborakbod qilish bir qancha oyati karima va hadisi shariflardan ko'zlangan maqsadga muvofiq keladi hamda umumiy shariat qoidalariga to'g'ri keladi. Quyida ularni bayon qilamiz:

Birinchidan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

ﻭَﻗُﻮﻟُﻮﺍ ﻟِﻠﻨَّﺎﺱِ ﺣُﺴْﻨًﺎ

ya'ni: “Odamlarga shirin so'z bo'ling” (Baqara surasi 83-oyat).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday deganlar:

"والكلمة الطيبة صدقة"

(متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Yaxshi gap sadaqadir” (Muttafaqun alayh).

Demak, musulmonlar bir-birlarini juma kuni bilan tabriklab, yaxshi tilaklarni aytishlari mazkur oyati karima va hadisi shariflardagi shirin so'z va yaxshi gaplarni gapirishga bo'lgan targ'ibning mazmuniga to'g'ri keladi.

Juma kuni bilan tabriklab, muborakbod qilish bir qancha asrlardan beri musulmonlar orasida odat tusiga aylanib, bu sababli musulmonlar bir-birlarini xursand qilib kelmoqdalar. Mana shunday o'zaro xursandchilikka sabab bo'ladigan amalni nimasi bid'at bo'ladi. Vaholanki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida bunday degan bo'lsalar:

"أحبُّ الأعمالِ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ سُرُورٌ يدْخِلُهُ على مسلمٍ"

(رواه الإمام ابن حبان والإمام الطبراني عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه)

ya'ni: “Alloh taologa eng yaxshi amal – musulmonning qalbiga xursandchilik kirgazishdir” (Imom Ibn Hibbon va Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Demak, mana shu hadisga amal qilgan holda, musulmon kishining qalbiga xursandchilik kirgizish maqsadida juma kuni bilan tabriklashimiz mumkin bo'ladi. Qolaversa, buyuk sahobiy Ibn Mas'ud raziyallohu anhu bir ajoyib so'zni aytganlar:

ما رأى المسلمون حسنا فهو عند الله حسن، وما رآه المسلمون سيئا فهو عند الله سيء

(رواه الإمام الحاكم في المستدرك)

ya'ni: “Musulmonlar yaxshi ko'rgan narsa – Alloh taolo nazdida ham yaxshidir,  musulmonlar yomon ko'rgan narsa – Alloh taolo nazdida ham yomondir” (Imom Hokim rivoyatlari).

Mana shu purma'no gapga binoan ham juma kuni bilan o'zaro muborakbod etish va yaxshi tilaklar tilashimiz mumkin bo'ladi. 

Ikkinchidan,  Juma kuni bilan tabriklash – o'zaro duo qilish va bir-biriga yaxshi tilaklar aytishdir. Qur'oni karim va hadisi shariflarda duo qilishga bo'lgan targ'ib biror-bir qaydsiz mutlaq kelgan. Jumladan, Alloh taolo duo qilish haqida Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ

فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar” (Baqara surasi, 186-oyat).

Ushbu oyatdagi duo maxsus bir duoga qaydlanmasdan umumiy bo'lganidan keyin, musulmon kishining boshqa birodariga “juma kuningiz muborak bo'lsin” degan duosi ham mazkur oyati karimaning mazmuniga muvofiq kelaveradi. Agar ushbu oyat maxsus duolarni o'z ichiga oladi, juma bilan tabriklashdagi duoni o'z ichiga olmaydi desak, mutlaq (qaydsiz) kelgan oyatni qaydlab qo'ygan bo'lamiz. Bu esa hanafiy mazhabimizdagi usul qoidalarga to'g'ri kelmaydi.

Qolaversa, bizni har bir duoimiz va yaxshi tilaklarimizning lafziga muvofiq albatta Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan biror hadis yoki sahobalardan biror rivoyat topilishi shart emas. Bunday qoida shariatimizda yo'q. Balki, yuqorida zikr qilingan umumiy bir qancha dalillar mavjud,  ular o'z ichiga ko'plab amallarni qamrab oladi. Shunday ekan, Payg'ambarimiz alayhissalom va sahobalarning bir ishni qilmaganlarining o'zginasi, uni man qilish uchun dalil bo'lmaydi. 

Uchinchidan, Qurbon va Ramazon hayiti kunlari bilan tabriklash, shuningdek, yangi kiyim kiyganda, kishining tavbasi qabul bo'lganda, haj ibodatini tamomlaganda, nikoh aqdi tuzilganda, farzand dunyoga kelganda tabriklash haqida bir qancha hadis va rivoyatlar mavjud. Ammo juma kuni bilan tabriklash haqida sarohatan (ochiq-oydin) hadis yoki rivoyat kelmagan. Mana shunday o'rinlarda shariat qonun-qoidalarini yaxshi o'rgangan ulamolarimiz bir qoida ishlatadilar: “dalili bor narsaga dalil kelmagan narsani qiyos qilish (taqqoslash)”. Bu qoidani ishlatish uchun ikkita shart topilishi kerak. Birinchisi, qiyos qilinayotgan amalning shariatga zid joyi bo'lmasligi kerak. Ikkinchisi esa, dalili kelgan amal bilan dalili yo'q amalni bajarishdan maqsad bir bo'lishi kerak. Shunday ekan, yuqoridagi Qurbon va Ramazon hayitlari bilan tabriklash kabi dalili kelgan amallarga juma kuni bilan tabriklash amalini qiyos qilinadi. Chunki barchasidan maqsad bir, u ham bo'lsa – musulmonning qalbiga xursandchilik solishdir.

Qolaversa, Juma kuni kunlarning eng yaxshisi ekani haqida Payg'ambarimiz shunday deganlar:

"خَيْرُ يَوْمٍ طَلَعَتْ عَلَيْهِ الشَّمْسُ يَوْمُ الْجُمُعَةِ فِيهِ خُلِقَ آدَمُ وَفِيهِ أُدْخِلَ الْجَنَّةَ وَفِيهِ أُخْرِجَ مِنْهَا"

(رواه مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi jumadir! U kuni Odam yaralgan, u kuni jannatga kiritilgan, u kuni jannatdan chiqarilgan, qiyomat ham juma kunidadir” (Imom Muslim rivoyatlari).

Shuningdek, Juma kuni musulmonlarning hafta ichidagi bayramlari hisoblanadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"إن هذا يوم عيد جعله الله للمسلمين، فمن جاء الي الجمعة فليغتسل، وإن كان عنده طيب فليمس منه،وعليكم بالسواك" ( اخرج إبن ماجة عن إبن عباس رضي الله عنه)

ya'ni: “Albatta bu (juma kuni) bayram kunidir. Alloh uni musulmonlar uchun (bayram) qilgan. Shunday ekan, kim jumaga etsa, g'usl qilsin. Agar unda xushbo'ylik bo'lsa, undan sepib olsin va misvokni lozim tutinglar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Hazrati Umar raziyallohu anhu ham Juma kunini haftalik bayram ekani haqida bunday deganlar:

  "يوم جمعة، ويوم عرفة، وكلاهما بحمد الله لنا عيدٌ" (رواه الطبري في جامع البيان).

ya'ni: “Allohga hamd bo'lsinki, Juma va Arafa kunlari biz musulmonlarga bayram qilib berdi” (Imom Tabaroniy “Jomi'ul bayon” kitoblarida keltirganlar).

Bayram bilan tabriklash va muborakbod qilish mumkinligi haqida mo''tabar ulamolarimiz tomonlaridan bir qancha ma'lumotlar mavjud bo'lib, jumladan, buyuk muhaddis va faqih Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Mirqotul mafotih” kitoblarida أتاكم رمضان، شهر مبارك ya'ni, “Sizlarga Ramazon keldi. Bu muborak oydir” degan hadisni sharhida  shunday deganlar:

هو أصل في التهنئة المتعارفة في أول الشهور بالمباركة

ya'ni: “Mana shu hadis (yangi) oylarning avvalida urfga aylangan muborak bo'lsin, deb tabriklashga asos hisoblanadi. 

Imom Ibn Qudoma rahmatullohi alayh “Mug'niy” kitoblarida shunday deganlar:

"قال أحمد، رحمه الله:  ولا بأس أن يقول الرجل للرجل يوم العيد: تقبل الله منا ومنك".

ya'ni: Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytdilar: “Bayram kuni kishi birodariga: “Alloh sizu bizdan qabul qilsin”” deyishini hech qanday zarari yo'q.

Imom Shihob Ahmad Molikiy rahmatullohi alayh aytadilar: 

سئل مالك عن قول الرجل للرجل في العيد تقبل الله منا ومنك وغفر لنا ولك

 فقال: "ما أعرفه ولا أنكره لأنه قول حسن"

ya'ni: Imom Molik rahmatullohi alayhdan bayram kuni kishi birodariga: “Alloh sizu bizdan qabul qilsin va gunohlarimizni kechirsin!” deyishi haqida so'ralganda u zot bunday javob berdilar: “Uni (dalili borligini) bilmaymiz, lekin inkor ham qilmaymiz, chunki bu yaxshi so'zdir”.

Imom Suyutiy rahmatullohi alayh “Usulul amaniy bi-husulit tahaniy” kitoblarida bunday deganlar:

التهنئة بنحو الأعياد والشهور، لها أصل في السنة كالتهنئة بالمولود.

ya'ni: “Farzand ko'rganda tabriklashni hadislarda asosi bo'lgani kabi bayram va oylar bilan tabriklashni ham hadislardan asosi bor”.

Demak, bayramlarda tabriklash mumkin bo'lganidan keyin juma kunida ham tabriklash va muborakbod etish mumkin va joizdir. Chunki yuqoridagi hadislar bilan juma kunini ham bayram ekani ochiq-oydin ma'lum bo'ldi. Shunga binoan, bu kunni bayramona kayfiyatda, xushbo'yliklarni sepib, xursadchilik bilan, ibodatlarni ado etib, o'zaro bir-birimizdan hol-ahvol so'rab, yaxshi tilaklarni bildirib o'tkazishimiz ayni mudao bo'ladi. Juma kuni sizga barokatli, muborak bo'lsin, deyish ham, yaxshi tilaklar jumlasidandir.

Hulosa qiladigan bo'lsak, yuqoridagi barcha oyati karima, hadisi sharif, rivoyat va fiqhiy qoidalar hamda ulamolarimizning fikrlaridan ma'lum bo'lmoqdaki, musulmonlar bir-birlarini Juma kuni bilan tabriklab, o'zaro duolar qilishlarida hech qanday shariatga zid joyi yo'q. Aksincha, bu duoi xayr va yaxshi tilaklar sababli musulmonlar orasida mehr-muhabbat, o'zaro xursandchilik, oqibat ziyoda bo'lib, birodarlik rishtalari mustahkamlanadi. Albatta, bu tabriklash ixtiyoriy bo'lib, uni vojib yoki sunnat demaymiz. Bu amalni tark qilgan kishi gunohkor ham bo'lmaydi.  Vallohu a'lam. 

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo'limi mudiri v.v.b.

G'ulomiddin Holboyev

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   783   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari