NAZM
(Davomi)
Kufr ila ma'siyatni bilmaslar,
Haq buyurg'ondin o'zga qilmaslar.
Bu malak ichra to'rtdur mashhur,
Otlari safhalardadur mastur.
Jabroilu ikkinchi Isrofil,
Bor uchunchi farishta Mikoil.
Bor bulardin birisi Azroil;
Har birini bir ishka ta'yin bil.
Bor burung'isi vahy kelturgan,
Yana biri sur ichra dam surgan.
Birisi rizq etkurur elga,
Biri el umrini berur elga.
Nechasini basharg'a bil ta'yin,
Hayru sharr sabt etarlari oyin.
Iki tun, iki kun uy-u yo'lda,
Biri o'ng qo'lda, biri so'l qo'lda.
Har suvar rost aylab o'zlariga,
Ko'rinur ahli qurb ko'zlariga.
Yana ba'zi — farishtayi rahmat,
Yana ba'zi — azob uchun musbat.
Ikisi go'r ichidadur soyil,
shaklu hay'atlari base hoyil:
Biri Munkar, biri Nakirdurur,
Bori hukm ilgida asirdurur.
Ushbular birla siz yamon bo'lmang,
Kufru isyong'a hamzabon bo'lmang.
Bandaliqdur, buyursa, ne chora?
Lutf agar qilsa, so'rsa, ne chora?
NASRIY BAYoN
Iymon keltirish shart bo'lgan ikkinchi
narsaning sharhi
(Iymonning ikkinchi sharti)
(Davomi)
(Farishtalar haqida bilish zarur bo'lgan narsalar:)
U (farishta)lar kufr va ma'siyatni – osiylik ishlarini bilmaydilar (ya'ni, bundan uzoqdirlar), Haq ta'olo buyurgan narsadan boshqa ishni qilmaydilar. Bu farishtalar ichida to'rttasi mashhurdir, nomlari sahifalarda bitilgandir. Birinchisi Jabroil (alayhissalom)dir, ikkinchisi Isrofil (alayhissalom)dir. Uchinchi farishta Mikoil (alayhissalom)dir. Bulardan biri (to'rtinchisi) Azroil (alayhissalom)dir. Bularning har birini bir ishga – bir vazifaga tayin qilingan deb bil.
(Aytilganlardan) birinchisi (Jabroil alayhissalom payg'ambarlarga Alloh tarafidan) vahy keltirguvchidir, yana biri (Isrofil alayhissalom qiyomatni bildirib) surga dam urguvchi – sur chalguvchidir.
Biri (Mikoil alayhissalom) elga – barcha tirik mavjudotga rizq etkazib turuvchidir, biri (Azroil alayhissalom) tiriklar umrini elga beruvchi – jonni oluvchidir.
Yana bir nechasi insonlarga tayin qilinib, belgilab qo'yilgan, (odamlar qilgan) xayru sharrni – yaxshi yomon ishlarni yozib borish ularning odatidir. Ikki kecha, ikki kunduz uydayu yo'lda (safardayu muqimlikda – hamma joyda), biri insonning o'ng tarafida, biri chap tarafida bo'ladi. Ular har xil suratga, har xil shaklga kirib, qurb ahlining – Alloh ta'ologa yaqinlik kasb etgan valoyat ahlining ko'zlariga ko'rinishi ham mumkin.
Ulardan ba'zilari rahmat farishtalaridir, yana ba'zilari azob berish uchun tayinlangandir.
Farishtalar ikkitasi (Munkar va Nakir) qabr ichida savol beruvchidir (“Rabbing kim? Payg'ambaring kim? Dining qaysi din? Kitobing qaysi kitob? Qiblang qayer? (Bu zot (hazrati Rasululloh alayhissalom) haqlarida nima der eding?” – deb so'raydilar). Ularning shakl va hay'atlari (ko'rinishlari) juda hoyil – o'ta qo'rqinchlidir.
Biri Munkar, biri Nakirdir, ikkovlari ham Ilohiy hukm qo'lida asir (ya'ni, Allohning amru farmonini bajarishga mahkumdir).
Sizlar bu zotlar bilan yomon bo'lmang (ularni yomon ko'rmang, haqlarida yomon gaplarni gapirmang), kufr va isyon bilan – inkor va osiylik bilan tildosh bo'lmang. (Ya'ni, dunyoda ekaningizda hali qabrda ularning yaxshi muomalasiga erishish baxtini qo'lga kiriting.)
Insonning ishi bandalik qilishdir, buyursa, (bajarishdan boshqa) ne chora bor? Lutf qilib, rahm etsa yoki bandalikdan savol so'rasa, ne chora bor?
IZOH. Farishtalar tarkibni (turli unsurlardan tarkib topmoqni) qabul qilmaydigan ruhoniy va nuroniy bir javhardir. Ular shahvoniy zulmatga jalb etilmoqdan pok-munazzahdir. Yemaklari – tasbih, ichimliklari – taqdisdir (Allohni muqaddas deb yod etmoqdir). Sevinch tuymoqlari va unsiyat (do'stlik) qilmoqlari Alloh bilandir. Joylari Allohning mushohadasi ostidadir. Unga yaqin va Uning amrlariga tayyordirlar. Ular itoat etuvchan qilib yaratilganlar. Itoatdan tashqariga chiqa olmaydilar («Jomi' ul-mutun»).
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.