Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Oilada er qanday bo'lishi lozim?

27.10.2023   1352   15 min.
Oilada er qanday bo'lishi lozim?

Yer yuzida obodlik va farovonlik bo'lishi uchun inson nasli davom etishi lozim. Odam zotini erkak va ayol qilib yaratilishi va ular o'rtasida nikoh joriy qilinishi katta ne'matdir.

Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Alloh taoloning alomatlaridan (mo''jizalaridan yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).

Erkak va ayol nikoh vositasida birga hayot kechirib, quvonchu mahzunli damlarda ham bir-biriga yordamchi bo'ladi. Dinimiz nikoh bilan halol-pok yashash va o'zidan solih farzandlar qoldirishni ibodat darajasiga ko'targan. Oilaga qilingan nafaqani sadaqaga tenglashtirgan. Nikohni payg'ambarlarning sunnati, deb atagan. Tarki dunyo qilib, uylanmay o'tishdan qatargan. Chunki bu ish inson naslini kesuvchidir. Oyati karimada bunday deyiladi: “Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko'p) payg'ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz” (Ra'd surasi, 38-oyat). Nikoh haqida hadisi sharifda esa: “To'rt narsa payg'ambarlarning sunnatlaridandir: xatna, misvok, xushbo'ylanish va nikoh”, deyiladi (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, oila qurib yashash odamga ikki dunyoda saodat olib keladi. Lekin afsuski ko'pchilik oilalarda bo'lib turadigan kamchilik va muammolar, sinovlardan hamma ham o'ta olmaydi. Katta umidlar bilan bog'langan nikoh yarim yo'lda parokanda bo'ladi. Chunki oila qurib uni umrning oxirigacha saqlab qolishga er-xotindan mehr-muhabbat, shukr, sabr-toqat, qanoat, bag'rikenglik va o'zaro hurmat lozim bo'ladi.

Dinimizda oila mustahkamligini saqlash uchun erga ham, xotinga ham alohida ko'rsatmalar berilgan. Ularning haq-huquqlari e'tirof etilgan.  

Ayolning eri ustidagi haqlarini shartli ravishda ikkiga bo'lish mumkin:

Ayolning moddiy huquqlari

Er ayolini hurmat-izzat qilishi, uning xizmatlarini e'tirof etishi lozim. Chunki ayoli uning umr yo'ldoshi, uyining bekasi, bolalarining onasi va sirdoshidir. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ayollar erkaklarning tug'ishganlaridir”, deganlar. Ya'ni hamma inson Odam va Havvodan (ularga Allohning salomi bo'lsin) tarqalgan. Demak, erkak o'z tug'ishgan opasi yo singlini qancha hurmat qilsa, ayolini ham shuncha qadrlashi va mehr ko'rsatishi kerak.

Er ayoli va bolalariga baxillik va isrof qilmagan holda nafaqa berib turishi vojibdir. Nafaqa faqat eb ichish emas, balki yashash uchun joy, kiyim-kechak va ayol hayotda muhtoj bo'ladigan barcha narsadir. Muoviya ibn Hayda raziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan so'radilar: Ey, Allohning Rasuli! Ayolimizning ustimizdagi haqlari nima?” U Zot alayhissalom aytdilar: “Taomlansangiz uni ham taomlantirasiz, kiyinsangiz uni ham kiyintirasiz, yuzga urmang, haqorat qilmang, (arazlash sababli) yotog'ini tark qilsangiz uydan chiqib ketmang!(Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Hadisi sharifga ko'ra ayolning ayblarini ko'chaga chiqib odamlarga fosh qilmaslik, uni sharmanda qilmaslikni taqozo qiladi. Oiladagi jinsiy munosabatlar va kelishmovchilikni erkak ham, ayol ham ko'chaga olib chiqmasligi kerak. Chunki har oilaning o'z siri bor. Uni saqlashning kelajakda o'zlari uchun yaxshi tomonlari bor. Har qanday muammoni er-xotin echishlari to'g'ri bo'ladi va aksariyat holda buning imkoni bor.

Ayol kishi o'z mol-mulkini tasarruf qilish haqqiga ega. Masalan, ayol o'zi ishlab topgan, unga hadya qilingan, meros bo'lib o'tgan yo mahr kabi mol-mulklarni er yoki uning yaqinlari zo'rlik bilan (ayolning roziligisiz) egallab olishi va ishlatishi joiz emas.

Ayolning ma'naviy huquqlari

Hotiniga yaxshi muomala qilishi, u bilan murosayu madorada bo'lishi va ba'zi kamchiliklariga ko'z yumishi ham erning burchidir. Payg'ambarimiz alayhissalom vidolashuv hajida “Ayollarga yaxshilik qilinglar...”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Boshqa hadisi sharifda: “Ayol qovurg'a kabidir. Uni to'g'rilayman desangiz sindirib qo'yasiz. U bilan hayot kechirmoqchi bo'lsangiz, boricha qabul qilib yashang”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Er ayoliga vafodor, unga yaxshilikni xohlovchi, turli yomonliklardan himoya qiluvchi bo'lishi zarur. Chunki ayol erning bir bo'lagidir. Uni xursand qilgan narsa erni ham xushnud etishi, aksi esa mahzun qilishi kerak. Bularning hammasi Alloh taolo buyurgan “yaxshilik bilan yashash” sirasiga kiradi.

Ayolini xush ko'rmagan kishi uni taloq qilib yuborishini Alloh taolo buyurmaydi, balki sabr qilish, ularga hurmat ko'rsatishga targ'ib qiladi. Hatto bu ishda yashirin bir yaxshilik ham bo'lishi mumkinligini eslatib, oilani saqlashga tashviq qiladi: “Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin(Niso surasi, 19-oyat).

Payg'ambarimiz alayhissalom: “Yaxshilaringiz ahli-ayoliga yaxshi bo'lganidir. Men ichingizda ahliga eng ko'p yaxshilik qiluvchingizman” deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Donolar: “Ayollarni faqat oliyjanob kishilar hurmat qiladi. Ularni faqat pastkash kishi xo'rlaydi”, deydilar.

Ayoliga lutfu marhamat ko'rsatish, u bilan hazil mutoyiba qilib turish. Bizga bu borada eng birinchi namuna Payg'ambarimiz alayhissalomdirlar. U zot ayollariga lutf ko'rsatib, ularning ko'ngliga qarar, gohida ular bilan musobaqa ham qilib turardilar. Imom Abu Dovud va Imom Nasoiylar rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom Oisha onamiz bilan kim o'zarga yugurishdi, Oisha onamiz o'zib ketdilar. Boshqa safar yana kim o'zarga yugurishdi, bu gal Payg'ambarimiz alayhissalom o'zib ketdilar va: “Bu u bilan biru bir bo'ldi”, dedilar. Ayollarga yaxshi muomala qilib, o'rni kelganda hazil-mutoyiba qilib turish, ba'zi kishilar o'ylagani kabi erkakning viqorini ketgazmaydi. Balki bu o'rtadagi muhabbatni yanada mustahkamlaydi.

Ummatning ichida haybat va viqorda tengi bo'lmagan Hazrati Umar raziyallohu anhu: Kishi o'z ayoli bilan bola kabi ulfat va iltifotli bo'lishi lozim. Odamlarni oldiga chiqsa, erkak bo'lsin, der edilar.

Bir a'robiy Umar raziyallohu anhuning yoniga ayolining yomon xulqidan shikoyat qilib keldi. Eshikni taqillatsa, uy ichidan hazrati Umarning xotini u kishiga qattiq-qattiq gapirayotgani eshitildi. Asta iziga qaytdi. O'ziga o'zi: “Mo'minlarning amirini ahvoli shu bo'lsa, meniki qanday bo'lsin”, der edi. Shunda hazrati Umar chiqib, qaytib ketayotgan kishini ko'rdi va: “Nima hojating bor edi?” deb so'radi. U: “Ey, mo'minlar amiri! Bo'ldi, ishim bitdi”, dedi. U zot: “Bu yoqqa kel. Nima bo'ldi, menga tushuntir”, dedi. U: “Ey, mo'minlar amiri! Men sizning yoningizga xotinimning yomon xulqidan shikoyat qilib kelgandim, qarasam sizni ayolingiz ham xuddi o'shanday, balki undan ham o'tgan ekan. Shunda: “Mo'minlarning amirini ahvoli shu bo'lsa, meniki qanday bo'lsin”, deb izimga qaytdim. Hazrati Umar aytdilar: “Uning menda bir qancha haqlari borligi uchun bu ishlarga sabr qilaman. Chunki u bolalarimni katta qiladi, menga taom pishiradi, kirimni yuvadi, uyimni tozalaydi. Uning oldida burchlarim borligi uchun uning xulqiga sabr qilaman”. Adolat va qattiqqo'llik bilan tanilgan hazrati Umarni holati shunday edi. U zotlar bu tarbiyani Payg'ambarimiz alayhissalomdan olishgan edi.

Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam Haq taoloning huzuridagi daraja va martabalari ulug'ligiga qaramasdan ayollaridan bo'ladigan arazlashlarga sabr qilardilar. U zot alayhissalom Oisha onamizga: “Seni mendan roziliging va noroziligingni bilaman”, der edilar. “Qanday qilib?” desalar: “Mendan rozi bo'lsang, Muhammadning robbisi bilan qasam, norozi bo'lsang Ibrohimning robbisi bilan qasam deysan”, dedilar. Oisha onamiz: “Ha, Allohga qasamki, yo Rasululloh! Men sizning faqat ismingizdan yuz o'giraman, xalos (o'zingizdan emas)”, dedilar.

Hayotlari ipidan ignasigacha yoritilgan va o'rganilgan Payg'ambar alayhissalom biror marta ayollarini haqorat qilib, urganlari rivoyat qilinmagan. Demak, haqiqiy erkak, avvalo, o'zining burchlarini bajarib qo'yadi, keyin ayolidan vazifasini talab qiladi. Siyosatli erkak oilani haqorat va urishlarsiz ham boshqara oladi.

Yuqoridagi pand-nasihatlarga bugun qanchalik amal qilayapmiz?! Allohga shukrki, aksariyat mo'min-musulmonlarning oilasi tinch-totuv. Lekin ajrimlar ham sezilarli darajada ko'payib bormoqda. Urush chiqqan oilada ozmi-ko'pmi ikki tomonning ham hissasi bo'ladi, lekin oilani saqlab qolishda asosiy mas'uliyat erkakning zimmasidadir. Oilada kelishmovchilik chiqsa, erkak janjal sabablarini mulohaza qilib, bartaraf qilishi kerak.

Oilasini to'g'ri boshqarishga ojiz kishilar esa darrov haqorat, ayoliga qo'l ko'tarishga o'tadi va arzimagan sabablar bilan ayolini taloq qilishni boshlaydi. Ayoli otasinikiga ketsa, shoshqaloq erning darrov aqli kirib, yana yarashgisi kelib qoladi.

Ba'zi nodon kishilar ayoliga bir lafz bilan uch taloq beradi va o'zi va boshqalarni tashvishu qiyinchilikka qo'yib, qayta yarashish imkonini qoldirmaydi. Ta'kidlab aytamizki, bir yo'la uch taloq aytish gunoh, qiyomatda bunga javob berishga to'g'ri keladi. Yashashni hech iloji qolmagan bo'lsa va oxirgi echim sifatida ajralish uchun bir taloq berish kifoya qiladi.

Ayrimlar esa oilasi bilan qonuniy ajrashgandan so'ng yashash va bunday niyati bo'lmasa ham taloq bermay ayolni qiynaydi. Sababi taloq aytsam Arsh larzaga keladi, gunohkor bo'laman, deydi. Aslida ayolga taloq ham bermay, birga ham yashamay zulm qilish taloq lafzini aytish gunohidan katta. Arsh larzaga keladi, degani hech bir sababsiz va o'rinsiz taloq qilishga tegishlidir.

Dinimiz hukmlari bo'yicha turmushni saqlab qolishning hech iloji qolmay taloq berilsa, ayol erning uyida turib iddasini tugatishi kerak. Muddat tugab er-xotin bir-biriga begona bo'lsa ham bolalarning nafaqasi er zimmasida bo'ladi. Bolalar xoh onasi, xoh otasi bilan bo'lsin, ota ularga etarli nafaqa berib turishi kerak. Bunday qilmasa gunohkor bo'ladi. Agar belgilangan aliment kam bo'lsa, qo'shib berishi kerak. Nafaqa berish o'g'il bolalarga balog'atga etgunicha, qiz bolalarga turmushga chiqqunicha davom etadi.

Voqelikka qarasak, ko'p holatda oilada urush chiqsa, er darrov xotinini ko'chaga haydaydi, idda payti uy-joy, nafaqa bilan ta'minlash yo'q, hatto ayol olib ketgan bolalarga nafaqa berilmayapti. Hatto o'z bolasi uchun aliment to'lashdan qochish uchun ming bir hiyla o'ylab topishadi.

“Muxtasarul viqoya” kitobida: “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo'lmaydi (ya'ni, yordam bermaydi)”, – deyiladi. Demak, hozirda tegishli organlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma'naviy jihatdan ta'minlash burchidir. Ahli ayol va bolalarini nafaqa bilan ta'minlash Alloh uchun qilinsa, savobi ulug' ishlardan hisoblanadi. Farzandlarining moddiy ta'minotidan bosh tortish bolalar huquqini paymol etish va zulm qilishdir. Zulm esa katta gunohdir. Zero, ular ojiz toifa bo'lib, o'zini o'zi ta'minlay olmaydi.

Oila dinimizda muqaddas dargohdir. Unda er va xotin tinch-totuv, o'zaro mehr-oqibat bilan yashashi solih farzandlar voyaga etishi va ikki dunyo saodatiga erishishga sababdir. Shu bois bu borada erkaklarning oilada bag'rikeng bo'lishi nihoyatda muhim. Lekin oila mustahkam bo'lishi uchun ayollar ham burch va hissalarini zinhor unitmasliklari lozim.

Hikmatulloh domla TOShTYeMIROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo markazi bosh mutaxassisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh uchun bo‘lgani qoladi

01.08.2025   2609   3 min.
Alloh uchun bo‘lgani qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kecha imom Zahabiyning «Siyaru a’lomin nubalo» asarini o‘qiyotgan edim. U kitobdagi Abdulloh ibn Muborak rohimahullohning imom Molik rohimahulloh haqida aytgan gapi hali ham quloqlarim ostida jaranglamoqda:

«Molik ibn Anas kabi ko‘tarilgan kishini ko‘rmadim. U ko‘p ro‘za tutmas, ko‘p namoz o‘qimas edi. Ammo unda qalb bor edi!».

Do‘stim! Imom Molik rohimahulloh «Muvatto» asarini yozganida kishilar unga: «Hadis kitoblari ko‘p-ku! Kishilarning bunga nima ehtiyoji bor?!», deyishgan edi. Imom Molik rohimahulloh: «Alloh uchun bo‘lgani qoladi!», degan edi.

Imom Molikning butun borlig‘i Alloh uchun edi. Darhaqiqat, «Muvatto» qoldi.

Do‘stim! Alloh taolo bandasining xolis O‘zi uchun qilinadigan bittagina bo‘lsada yashirin ibodatini sevadi. U amalni hech kim ko‘rmasa, maqtamasa, hech kim eshitmasa, olqishlamasa, uni bajarganda maqsad faqat Allohning rizosi bo‘lsa, Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmasligiga ishonsa banda…

Kameralar tushura olmaydigan doimiy sadaqang bo‘lsa, kechalari namoz o‘qisang-u, uni oilang bilmasa, do‘konlarga borib birovlarning qarzlarini to‘lab kelsang-u, ular seni tanishmasa, sen ularni tanimasang, yetimlarni qaramog‘ingga olsang-u bu ishing faqat qiyomatda oshkor bo‘lsa….

Do‘stim! Imom Molikning «Alloh uchun bo‘lgani qoladi» degan gapini yodingga ol. Allohga muhabbat qilib, dinni himoya qilib ixlos bilan yozgan ikki qator jumlangni Alloh minglab insonlarga tarqatadi. So‘zlaring butun yer yuzi bo‘ylab aylanadi. Sen esa uyingda o‘tirgan bo‘lasan…

Allohning roziligini talab qilib yozgan kitobingni Alloh bir gunohkorning tavbasiga sabab qilsa, bir mahzun kishiga hamdard qilsa, bir adashganni to‘g‘ri yo‘lga solsa bundan ortiq baxt bormi?! Vafot qilganingda kitoblaring ortingda qolib kishilarni irshod qilib tursa…

Savob umidida bitta daraxt eksang, Alloh uni tog‘lar kabi sobit qilsa, kishilar undan soyalansa, mevalaridan yeyishsa bu ne baxt! Bir paytlar u kichkina niholcha edi. Bugun esa u Alloh uchun ekkaning sabab qiyomating uchun zaxira bo‘lmoqda…

Insonlar uchun Alloh rizosini istab suv chiqarib bersang ehtimol uning mukofoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan suv ichish bo‘lar?! Allohdan ko‘ra vafodorroq zot yo‘q aslida…

Alloh uchun ilm olsang, birovga ilm bersang, Qur’on yodlasang va uni boshqalarga yodlatsang bularning ajrini farishtalar albatta sahifangga yozadi inshaalloh!

Alloh uchun bo‘lgani qoladi. Imom Navaviy rohimahullohning «Riyozus solihiyn» kitobini London va Parijda sotiladi deb o‘sha davrda kim o‘ylagan?! Ammo Alloh taolo Vallohu a’lam imom Navaviyning qalbiga boqib rozi bo‘lgan, shu sabab uning kitobini yashatgan…

Kishilar ibn Qoyyim rohimahullohning «Madorijus solikin» asariga bejizga yopishib olishmagan. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.

Kishilar bejizga ibnul Javziy rohimahullohning «Soydul xotir» asarini o‘qishmaydi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.

Imom Ahmad rohimahulloh doimo: «Yo Robbim! Meni o‘ldirganingda maxluqotlaringdan biror kishi meni tanimasin», degan edi. Alloh u zotning qalbida shuhratga havas yo‘qligini bildi. U zotni jumla jahonga mashhur qildi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.

Do‘stim! Alloh uchun bo‘lgani qoladi!

Abdulqodir Polvonov

Maqolalar