Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Halqaro islom akademiyasi professori "Mehnat shuhrati"ordeniga munosib topildi

24.11.2020   2061   3 min.
Halqaro islom akademiyasi professori

Olimlar davrasi ko'p ibratli. U erda fikr, ma'rifat, bilim, ajoyib g'oyalar qaynaydi. Moddiy manfaat, pul va boylik ularning xayoliga ham kelmaydi.
Shu yilning fevral' oyi. Halqaro islom akademiyasida atoqli manbashunos olim Ubaydulla Uvatov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan ma'rifiy anjuman avjida. Ustoz olimning eng yaqin do'sti, safdoshi Ahadjon Hasanovga so'z berilganida, davra birdan yanada jonlandi. Ma'lum bo'lishicha, u kishi Uvatov domla bilan 62 yillik sinashta, hamfikr do'st ekan. Yoshlik davrining beg'ubor, zavqli onlari, futbolga ishqibozlik, ilk xorijiy safar, ilm yo'lidagi izlanishlarga oid ham hayotiy, ham samimiy, iliq xotiralar anjumanga o'zgacha fayz bag'ishlagan edi.
O'zA xabariga ko'ra, Ahadjon akaning tarix faniga qiziqishi maktab davridan boshlangan. Keyinchalik oliy ta'lim dargohida olgan bilimlari Sharq mamlakatlari tarixiga oid yangi izlanishlarga turtki berdi.
1962 yilda Ubaydulla Uvatov bilan birga Misrga xizmat safari kelgusidagi tadqiqotlar uchun yangi sahifalar ochgani shubhasiz.
Mutaxassislarning fikricha, islom tarixi, manbashunosligi, ajdodlarimizning ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish, buyuk o'tmishimizning shonli davrlarini turli manbalar, qo'lyozma asarlar asosida xolis tadqiq etish borasida HH asrning so'nggi choragida O'zbekistonda yirik ilmiy maktab yaratildi. Ushbu ilmiy maktabning rivojlanishida zamonamizning taniqli olimi, tarix fanlari doktori, professor Ahadjon Hasanovning xizmatlari beqiyosdir.
A.Hasanov ilmiy, pedagogik faoliyat bilan birga, mamlakatimizda diniy-ma'rifiy soha rivojiga munosib hissa qo'shgan olimlardan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti (hozirda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi)da pedagog-ustoz va rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bordi.
2011 yili ustoz A.Hasanovning mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoniga sazovor bo'lgan.
Tarix fanlari doktori Ahadjon Hasanov ko'p yillik mehnati natijasida 1975 yilda “Misr mamluklarining ijtimoiy-siyosiy tizimi" mavzusida nomzodlik, 1994 yilda "Qadimiy Arabiston tarixi va uni o'rganish muammolari" mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.
Igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli mehnat natijasida 20 dan ortiq ilmiy monografiya, risola, darslik va o'quv qo'llanmalari, 200 ga yaqin maqolalar yozdi. Olim "Makka va Madina tarixi", "Qadimgi Arabiston", "Qadimgi Arabiston va ilk islom", "Ilk islom jamiyati: diniylikdan dunyoviylikka o'tish", "Islom tarixi" va boshqa ko'plab ilmiy kitoblar, darslik, qo'llanma, monografiyalar muallifidir.
Ahadjon Hasanov talabalarga saboq berish bilan birga, O'zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashi a'zosi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi kengashi a'zosi, islomshunoslik fanlari bo'yicha ilmiy kengash raisining o'rinbosari sanaladi.
Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga ko'ra, ustoz "Mehnat shuhrati"ordeniga munosib topildi.
– Mehnatimning bunday e'tirofi men uchun kutilmagan bo'ldi, –dedi Halqaro islom akademiyasi "Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA" kafedrasi professori Ahadjon Hasanov. – Yurtimizda ma'naviy-ma'rifiy jabhalarda kechayotgan ijobiy o'zgarishlar yangi izlanishlar sari undaydi.
Ha, sakson yoshda ham hamon ilm izlayotgan olimning faoliyati chindan ham ibratdir.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Namozdan keyingi zikrlar qanday aytiladi?

16.07.2025   1579   2 min.
Namozdan keyingi zikrlar qanday aytiladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.

Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:

“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyrni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Shunga ko‘ra imom domla Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu akbar deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.