Har bir faslning o'ziga yarasha fazilatlari bor. Ammo ular ichida qish fasli alohida fazilatga egadir. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu faslning mo'minlar uchun alohida fazli borligini aytganlar.
Bu haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan:
عن أبي سعيد الخدري قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: « الشتاء ربيع المؤمن قصر نهاره فصام وطال ليله فقام». رواه البيهقي.
Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish mo'minning bahoridir. Kunduzi qisqa bo'ladi, ro'za tutib oladi, kechasi uzun bo'ladi (tahajjudga) turadi”, dedilar”.
Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Askariy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida bunday degan:
"Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Qish mo'minning bahoridir”, deyishlari bahor fasli arablarda eng yaxshi fasl hisoblangani uchundir. Chunki bu faslda suvlar va o't-o'lanlar mo'l bo'lishi sababli serobchilik bo'ladi. Arablar etimlarga xayr-ehson qiladigan sersahovat kishini ham "etimlarning bahori”, deyishadi”.
Demak, qish fasli unda nafl ibodatlar ko'p bo'lgani e'tiboridan o't-o'lanlari serob bo'lgan bahorga o'xshatilgan. Shu ma'noda qish fasli mo'min kishi uchun eng yaxshi fasl hisoblanadi. Chunki bu faslda boshqa fasllarga qaraganda turli nafl ibodatlarni ko'plab ado etish osonlashadi. Kechalari uzun bo'lgani sababli ham uyquga to'yish, ham engillik bilan ibodat qilib olish imkoni tug'iladi. Kunduzlari qisqa bo'lgani sababli ro'za tutib olish ham nihoyatda engil bo'ladi. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu faslni g'animat bilishga undab bunday deganlar:
عن عامر بن مسعود عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: " الغنيمة الباردة الصوم في الشتاء ". رواه الترمذي.
Omir ibn Mas'uddan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qishda (tutilgan) ro'za salqingina o'ljadir”, dedilar”.
Termiziy rivoyat qilgan.
Ya'ni, odatda o'ljani qo'lga kiritish uchun ter to'kib harakat qilinadi. Ammo ba'zi vaqtlarda uni ter to'kmasdan, qiyinchiliksiz qo'lga kiritish ham mumkin bo'ladi. Qish fasli ana shunday qiyinchilik va mashaqqatlarsiz ko'plab ajr-mukofotlarni qo'lga kiritish fursatidir.
☝️Bu fasl, ayniqsa tolibi ilmlar uchun nihoyatda ahamiyatlidi. ☝️
Shu ma'noda bahor faslini dehqonlar uchun urug' qadash mavsumi bo'lganidek, qish faslini tolibi ilmlar uchun ilm egallash mavsumidir, deyish mumkin.
Mo'minlar bahori bo'lgan ushbu faslni go'zal amallar bilan o'tkazish baxtiga Alloh taolo barchalarimizni muvaffaq qilsin.?
"Dinimiz ahkomlari" kitobidan
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar