Islom dunyosigi muhtarama ayollarning eng avvalgi qatorida shubhasiz Oisha roziyallohu anho onamizning nomi zikr etiladi. Chunki ul muhtarama onamiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun eng sevimli rafiqa bo'lgan. Shu sabab Nabiy alayhissalom Oisha roziyallohu anho onamizni erkalab, “Ya A'ish” deb chaqirar ekanlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchun sevimli bo'lganlar u zot sollallohu alayhi vasallamning ummatlari uchun ham sevimlidir. Qolaversa, Oisha roziyallohu anho onamiz bilan bog'liq oyati karimalar nozil bo'lganki, bu ulug' hodisa ham ul zotning Alloh huzuridagi martabasidan nishonadir. Oisha roziyallohu anho onamizning o'zidan shunday hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh alayhissalom menga: “Ey Oisha, Jabroil senga salom keltirdi” dedilar” (Buxoriy rivoyati). Jabroil alayhissalomdek ulug' farishtaning salomiga munosib bo'lish saodati har kimga ham nasib etavermaydi.
Imom Termiziyning “Shamoyil”ida Nabiy alayhissalom uni “Ey muvaffaqa” (qammatbaho tosh nomi) deb chaqirganlari keltirilgan. Ko'p hollarda “Ey Siddiqning qizi, Ey Abu Bakrning qizi” deya murojat qilganlar. Oisha roziyallohu anho Nabiy alayhissalomdan o'ziga kuniya berishni so'raganda “Seni o'g'ling nomi bilan “Ummu Abdulloh” deb chaqiramiz”, deganlar. Chunki onamiz opasining o'g'li Abdulloh ibn Zubayrni tarbiyasiga olgan edi.
Nasoiyning “Sunan”ida Nabiy alayhissalomning bu suyukli ayolini “Ey Humayro” deb chaqirganlarini tasdiqlaydigan ikki hadis ham mavjud.
Jabroil alayhissalom Nabiy alayhissalomga aytdi: “Bu sening dunyo va oxiratdagi juftingdir”.
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ey Oisha, Jabroil senga salom keltirdi”.
Abu Muso Ash'ariy aytadi: “Biz Rasulullohning sahobalari, biron bir hadis ustida ikkilanib qolsak, darrov Oishadan so'rardik va uning bu masaladan habardor ekaniga guvoh bo'lardik”.
Mashhur tobe'in Masruq ibn Ajda' Hamadoniy aytadi: “U (ya'ni Oisha onamiz) Siddiqning qizi siddiqa, Alloh rasulining suyuklisi, Rasul alayhissalom habibasining pok ekani osmondan habar qilingan zotdir”.
Imom Zahabiy aytadi: “Abdullohning onasi, Rasululloh halifasining qizi sahobalarning eng ulug' faqihidir”.
Bugun muslima ayol-qizlarimiz o'zlariga Oisha roziyallohu anho onamiz kabi ulug' sohobiyalarni ibrat va o'rnak qilib olsalar hamda ularga ergashsalar haqiqiy baxtni topadilar, ikki dunyo saodatiga erishadilar insha Alloh!
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati