Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Jannatning o'rtasidan qasr berilishiga kafilman

20.11.2020   2616   10 min.
Jannatning o'rtasidan qasr berilishiga kafilman

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!”(A'rof surasi, 199-oyat).

Afvni (qabul qilib) oling

Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo'lsa ham lutf ko'rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo'lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o'ch olishga qodir bo'la turib kechirib yuborish go'zal fazilat, oliy xulq namunasidir.

Oyatdagi “afv” so'zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba'zi mufassirlar u – bag'rikenglik bilan o'zgalarning uzrini qabul qilish, og'irlikni o'ziga olib, boshqalarga engillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.

Imom Tabariy (rahmatullohi alayh) bunday deydi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)dan ushbu oyatni sharhlab berishni so'raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.

Sahobalar Payg'ambarimiz (alayhissalom)dan: “Go'zal xulq nima?” deb so'radilar. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!” oyatini tilovat qildilar.

Afv go'zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):“Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko'tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)da bu fazilatlarning barchasi mujassam, so'zlari va fe'llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo'lishga undardilar.

Uboda ibn Sobit (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko'tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot (sollallohu alayhi va sallam) “Senga jahl qilganga muloyim bo'lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in'om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog'lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Nabiy (alayhissalom) kechirimli, shafqatli va rahmdil bo'lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot (alayhissalom)ning yo'llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo'q, balki o'n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar (roziyallohu anhum) ham o'zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo'ldilar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu)ning huzuriga kirib: “Ey, Hattobning o'g'li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o'rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar (roziyallohu anhu)ning g'azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo'ladi, deb atrofdagilar qayg'uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo'minin! Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!” deb buyurmagan-midi, u odam johillardan”, dedi.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Qur'on tilovatini eshitishi bilanoq, g'azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasullloh (sollallohu alayhi va sallam) xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko'payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O'ch olishga haqli bo'laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o'rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Yaxshilikka buyur

Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo'min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa'id Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin, agar unga ham qodir bo'lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o'sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo'ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).

Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo'lishi lozim deydi:

  1. Avvalo yaxshilikka chaqirishdan maqsad – Alloh taoloning roziligi bo'lishi.
  2. Ilm.Chunki ilmsiz qilingan amri ma'ruf odamlarning qalbiga etib bormaydi.
  3. Shafqat, muloyimlik bilan do'stona nasihat qilmoq. Alloh taolo Muso va Horun (alayhimussalom)ni Fir'avnga yuborganida bunday buyuradi: “Bas, unga yumshoq so'z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo'rqsa” (Toho surasi, 43-oyat)
  4. Sabrli va halim bo'lish. Allox taolo Luqmon (alayhissalom) qissasida: “...yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o'zingga etgan (balolar)ga sabr qil!” deb marhamat qilgan.
  5. Amri ma'ruf qiluvchi avvalo aytgan so'ziga o'zi amal qilishi. Qur'oni karimda: “...odamlarni yaxshilikka buyurasiz-u, o'zingizni unutasizmi?!” deyilgan.

Alloh taolo yaxshilikka targ'ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O'z rahmati va marhamati nozil bo'lishi bashoratini beradi: “Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).

 

Johillardan yuz o'gir

Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o'girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da'vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo'lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go'zal qiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O'zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”,dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Musulmon kishi johillarga e'tibor bermaydi, ularning gap-so'zlaridan ta'sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug' nasibaga ega bo'ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo'ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari erda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganda “Salomatlik bo'lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo'lib, agar ularga jahl bilan g'azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.

Alloh taolo barchamizni ushbu go'zal xulqlar bilan xulqlanib, O'zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Li iylafi quraysh" surasi

8.01.2025   3758   2 min.

"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi. 

Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.

Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi. 
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.

Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.

Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV