Bugun, 19 noyabr' kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmonov Yahyo Ubaydullo o'g'li “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi vazifasiga tayinlandi. Bu haqda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi yig'ilishida e'lon qilindi. Fondning avvalgi rahbari Iskandar Halilov boshqa ishga o'tkazildi.
Abdurahmonov Yahyo 1985 yilda Sirdaryo viloyatida tug'ilgan. 1999-2003 yillarda Buxoro shahridagi “Mir Arab” madrasasini tamomlagan. 2004-2008 yillarda Toshkent islom institutida ta'lim olgan. Shu davr oralig'ida Misr Arab Respublikasidagi “al-Azhar” universitetida malaka oshirgan.
2009-2011 yillarda O'zbekiston milliy universitetining Oliy jurnalistika fakul'tetida o'qigan.
2004-2018 yillarda Toshkent shahri Yunusobod tumani “Kulol qo'rg'on” jome masjidida imom noibi, imom-xatibi vazifalarida mehnat qilgan.
2018 yilda Toshkent shahridagi tumanlararo qorilar musobaqasining mutlaq g'olibi, shahar bo'yicha 2-o'rin sohibi bo'lgan.
2018 yilda “Eng ma'rifatli imom” ko'rik tanlovi Toshkent shahridagi bosqichi g'olibi, Respublika bosqichida esa 2-o'rinni egallagan.
Ayni vaqtda Toshkent shahri Shayxontahur tumani bosh imom-xatibi, ushbu tumandagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent islom instituti “Tajvid” fani o'qituvchisi va Halqaro islom akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi hisoblanadi.
Yahyo domla Abdurahmonovga ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifada Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar so'raymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tong otganida:
اللهُمَّ إِنِّي أَصْبَحْتُ مِنْكَ فِي نِعْمَةٍ وَعَافِيَةٍ وَسِتْرٍ فَأتِمَّ نِعْمَتَكَ عَلَيَّ وَعَافِيَتَكَ وَسَتْرَكَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
"Allohumma inniy asbahtu minka fiy ni’matin va ’afiyatin va sitrin faatimma ni’mataka ’alayya va ’afiyataka va satroka fiddunya val axiroh", deb uch marta va kechqurun uch marta aytgan kishiga Alloh shu duoda kelganidek, hammasini mukammal qilib beradi", dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Ma’nosi: Allohim, Sening ne’matingda, ofiyatingda, ayblar yopilgan holda tong ottirdim. Meni dunyoyu oxiratda ne’matda, ofiyatda, ayblar yopilgan holatda bo‘lishimni mukammal qil.