Qishda qor yog'ishini tomosha qilish zavqli ish. To'g'rimi? Hamma joy oppoq qorga burkanadi, atrof musaffo, havo top-toza, uchib-uchib tushayotgan qor parchalariga qo'lingizni tutsangiz, kaftingizga qo'nib erib ketadi.
Biz qorni uch yoki to'rt ko'rinishda tasavvur qilamiz: mayda qor. Qor maydalab yoqqanda qattiq sovuq bo'ladi, odamning xayoliga osmonda qor tugab qolayotgandek, ana shu qor oxirgisidek tuyiladi; o'rtacha qor, bu qor yoqqanda havo mo''tadil bo'ladi, suyakkacha o'tib ketadigan sovuq bo'lmaydi; laylak qor. Bu qor hammaning jonu dili. Ammo u uzoq vaqt yog'maydi va havo harorati ham yoqimli bo'ladi; shilta qor. Bu yomg'ir aralash yog'adigan qor. Bunda ham havo xiylagina sovuq bo'ladi.
Demak, bilganlarimiz shu to'rt xil qor ekan. Ularni hajmiga qarab ajratamiz. Ammo Alloh taoloning musavvirligini qarangki, ushbu qor zarralarining birortasi boshqa biriga o'xshamaydi va ularning har biri alohida san'at asaridir.
Olimlarning ta'kidlashicha, er yuzini butkul qor qoplasa ham hech bir qor zarrasiga boshqasiga o'xshamaydi.
Amerikalik tadqiqotchi olim Vil'son Bentley 50 yil davomida olib borgan kuzatishlari natijasida 1985 yil shunday xulosaga keldi. Qor zarrasini suratga tushirishni san'at darajasiga ko'targan olim umrining yarmini shu ishga sarf etdi.
Har bir qor zarrasi osmondan tushgan mukammal san'at asaridir. Ana shu bir dona qor zarrasining o'ziyoq inson zotiga Buyuk Yaratuvchini tanishga kifoya qiladi. Ya'ni, Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir» (Nahl surasi, 11-oyat).
Qorning mo''jizasi shu bilan tugamaydi. Har yili qishda tog'larda muz zaxirasi yig'iladi. Muz qalin bo'lishi uchun qor ko'p yog'ishi kerak. Agar tog'lar me'yorida muz zaxirasini to'plab ololmasa, o'sha yili daryolarning suvi kam bo'ladi. Shuningdek, yaylovlarga va dalalarga ham qor ko'p yog'sa, o'sha bahorda o't-o'lan mo'l bo'ladi, ekin-tikin barakali bo'ladi.
Alloh taolo muborak Kalomida: «U osmondan suv nozil qilgan Zotdir. Bas, u (suv) ila turli nabototlar chiqardik. Undan yashil giyohlarni chiqardik. Undan g'ujum-g'ujum boshoqlar chiqaramiz. Va xurmodan, uning novdalaridan yaqin shingillar chiqaramiz va uzum bog'lari chiqaramiz. Bir-biriga o'xshagan va o'xshamagan zaytun va anorlarni chiqaramiz. Uning meva qilish paytidagi mevasiga va pishishiga nazar soling. Albatta, bunday narsalarda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-belgilar bordir» (An'om surasi, 99-oyat), deb marhamat qilgan.
Bundan ayon bo'ladiki, qish faslining qahratoni va qor-yomg'irlari bizning bahorimizni, yozimizni, kuzimizni serob qilish uchun ekan. Biz esa ana shu g'animat faslda Qur'oni karimni mutolaa qilaylik, zikrni ko'paytiraylik, amri ma'ruflar, nahyi munkarlar eshitish uchun muhtaram olimlarimizning suhbatiga borib fayz olaylik. Do'stlarni ziyorat qilib iymonlashaylik. Zotan, ulug'larimizning tavsiyalari ham shu o'zi.
Qur'oni karimni qanchalik ko'p o'qisak, qalblarimiz shifo topadi, ko'nglimiz rohatlanadi, ko'zimiz ravshanlashadi, xotiramiz mustahkam bo'ladi. Qalb shifo topsa, tananing boshqa a'zolari ham sog'lom bo'lishi mashhur hadisda vorid bo'lgan. Yana bir hadisi sharifda Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Temirga suv tegsa zanglaydi. Huddi shunga o'xshab qalblarni ham zang bosadi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, uning jilosi nima?” deb so'raldi. U zot: “O'limni ko'p eslash, Qur'on o'qish”, deya marhamat qildilar (Bayhaqiy, Abu Nuaym Quzoiy rivoyat qilgan Jaloliddin Suyutiy bu rivoyatni “Jomeul ahodis”da, Muttaqiy Hindiy “Kanzul ummol”da keltirgan)
Imom Ahmad ibn Hanbal aytadi: “Tushimda Alloh azza va jallani ko'rdim. Undan: “Yo Rabbim, bandalaring Senga qurbat hosil qiladigan eng afzal amal qaysi?” deb so'radim. U Zot: “Ey Ahmad, Mening Kalomim bilan (qurbat hosil qiladilar)”, dedi. Men: “Parvardigorim, ma'nosini tushunsalarmi ѐki tushunmasalar hammi?” dedim. Shunda Alloh: “Ma'nosini tushunsalar ham, tushunmasalar ham”, deb marhamat qildi” (Ibn Qudoma. Muxtasaru minhojil qosidin).
Yog'ayotgan qor parchalari, tunlarning quyuqligi biz bandalarga ana shu hikmatlarni eslatib, ibodatga mahkam bo'lishimizga undaydi.
Fotograf Aleksey Kljatov ham ko'p yillardan beri qor parchalarining yirik planli suratlarini tasvirga tushirish bilan shug'ullanadi. U doimiy ravishda o'z rasmlarini Flickr resursiga joylab keladi. “Men uyimning ochiq ayvonida LED chirog' bilan yoritilgan shisha ustiga tushayotgan qor parchalarini suratga olaman. Ba'zida esa tabiiy yorug'lik hamda fon sifatida qora tolalardan foydalanaman”, deb yozadi u.
Quyida Aleksey tasvirga olgan qor parchalaridan namunalar keltirildi:
O'MI matbuot xizmati
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD